Bugun yurtimizda yoshlar o‘zlariga berilayotgan e’tibor, ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib, yuksak aql-idrok va intellektual salohiyatlarini namoyon qilgan holda yurt ravnaqi hamda vatan taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda. Yosh bo‘lishiga qaramay dunyoning eng mashhur universiteti Garvardga mutlaq grant asosida talabalikka tavsiya etilayotgan yoshlar, shuningdek, muddatidan oldin bir necha universitetlar saralash jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib yurtimizning dovrug‘ini dunyoga tanitayotgan yoshlar bunga yaqqol misoldir. Xo‘sh, bu yoshlar qay tariqa bunday muvaffaqiyatga erishmoqda? O‘zbekistonda ham muddatidan oldin talaba bo‘lish mumkinmi? Shu haqida ushbu maqolada batafsil ma’lumot beramiz.

Muddatidan oldin qabul qilish tizimi qanday?

Talabalarni imtihonsiz, muddatidan oldin qabul qilishni boshlab bergan xalqaro universitetlardan biri bu AQShning dunyoda TOP 6-o‘rinda turuvchi Stenford universiteti hisoblanadi. Stenford “Restrictive Early Action” qabul dasturini joriy qilgan, bu esa talabalarga odatdagi belgilangan vaqtdan oldinroq ariza topshirishga va universitetlarning odatiy qabul qilish muddatidan oldin qabul qilinishga imkon bergan. Muddatidan oldin qabul qilish jarayoni xalqaro imtihonlar natijalariga asoslangan va moslashuvchan qabul tizimi hisoblanadi. Hozirgi kunga kelib, talabalarni imtihonsiz muddatidan oldin qabul qilish tizimi global tarzda rivojlandi, ko‘plab universitetlar ushbu tizimdan keng miqyosda foydalanmoqda. Ushbu tizim asosan abituriyentlarning erishgan yutuqlari, maktab baholari hamda xalqaro sertifikatlariga (masalan, SAT, IB yoki International AS & A Levels) asoslanadi. Mazkur tizimdan dunyoning top universitetlari MIT, Garvard kabi mashhur universitetlar ham ko‘p yillardan beri foydalanib kelmoqda. Yurtimizda ham ushbu tizimdan keng qo‘llanmoqda. Jumladan Yangi O‘zbekiston universitetida ham abituriyentlar TOP universitetlar tomonidan qo‘llanib kelinayotgan mazkur qabul tizimi asosida muddatidan oldin o‘z o‘rinlarini band qilish imkoniga ega.

Yangi O‘zbekiston universitetida qanday qilib muddatidan oldin o‘z o‘qish joyini band qilish mumkin?

Xalqaro SAT, International Baccalaureate Diploma yoki International AS & A Levels sertifikatlarining matematika qismi ballari universitet saralash imtihoni natijalariga tenglashtirilgan bo‘lib, ushbu sertifikatlarning matematika qismidan tegishli ko‘rsatkichga ega abituriyentlar muddatidan oldin to‘lov-kontrakt yoki davlat granti asosida talabalikka tavsiya etiladi. Masalan, xalqaro SAT sertifikatining matematika qismidan 780 ko‘rsatkichga ega abituriyent, universitet saralash imtihonida taqdim etiladigan 85 foizlik ko‘rsatkichga ega bo‘ladi va muddatidan oldin to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilishi mumkin. Bunda abituriyent o‘z xohishiga ko‘ra imtihondan ozod etiladi. O‘z natijasini yanada yuqori qilish istagida bo‘lgan abituriyentlar universitet saralash imtihonida qatnashish imkoniga ega. Agar abituriyentning xalqaro sertifikat bo‘yicha taqdim etilgan natijasi va u ishtirok etgan saralash imtihoni natijasi orasida farq yuzaga kelsa, yuqori natija Yangi O‘zbekiston universitetining qabul komissiyasi tomonidan inobatga olinadi.