Jahon | 20:54 / 26.03.2025
2011
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: AQSh bojlari yuzlab kanadalikni ishsiz qoldirdi va yana 100 minglab odamga ta’sir ko‘rsatadi

Donald Tramp tomonidan Kanada tovarlariga qarshi joriy etilgan qo‘shimcha bojlar 2 apreldan kuchga kiradi.

Foto: Nathan Denette

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Kanada mahsulotlariga joriy etiladigan bojlar metallurgiya korxonalaridagi ishlovchi 100 ming kanadalikka ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda United Steelworkers metallurglari kasaba uyushmasining Kanada bo‘yicha bo‘linmasi direktori Marti Uorren ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bojlar allaqachon 200 nafar xodimning qisqarishiga olib kelgan.

«Ishini yo‘qotgan yoki qisqartirishga tushgan har bir inson — bu jiddiy zarba. 2 apreldan kuchga kiradigan bojlar, taxminan a’zolarimizning 100 ming nafariga ta’sir ko‘rsatadi», — deydi Uorren Reuters agentligiga. Kasaba uyushmasida jami 225 mingdan ziyoda kanadalik bor. Agentlikning eslatishicha, Kanada Amerika bozori uchun eng yirik po‘lat yetkazib beruvchi hisoblanadi.

Mart oyida AQSh Meksika va Kanada tovarlari importiga 2 foizli boj joriy etgan edi, shuningdek, Xitoydan olib kelinadigan tovarlarga qo‘llanilgan bojlar 20 foizgacha oshirilgan. Amerika hukumati buni noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash chorasi deb izohlagan.

24 mart kuni Donald Tramp ma’muriyati 2 apreldan qo‘shimcha import bojlari joriy etilishini e’lon qildi. Prezidentning o‘zi 2 aprelni AQShning «ozodlik kuni» deb atadi. Shu kuni YeI, Kanada va Meksika tovarlari importiga «javob» bojlari kuchga kirishi kerak.

Avvalroq AQSh doimiy savdo nomutanosiblikka bo‘lgan 15 ga yaqin davlatdan iborat guruhga, jumladan, Rossiyaga ham «o‘zaro boj tariflarini» joriy qilishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid