Jahon | 15:57 / 28.03.2025
5079
6 daqiqa o‘qiladi

«Eng yomoniga tayyorlanamiz» - Makron Ukrainani AQShsiz qo‘llab-quvvatlash rejalari muhokama qilingani haqida gapirdi

Makron Parij sammitida nutqida «hozir sanksiyalarni bekor qilish vaqti emasligi»ni ma’lum qildi.

Foto: AFP

27 mart kuni Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer tomonidan tashkil etilgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» sammiti bo‘lib o‘tdi. Ukraina ittifoqchilari bo‘lgan 30 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etgan uchrashuvda, jumladan, Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzilgan taqdirda Ukraina uchun kafolatlar masalalariga bag‘ishlandi.

Makron sammit yakunida uning ishtirokchilari Ukraina va uning armiyasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga rozi bo‘lgani, shuningdek, Rossiya va uning tankerlardan iborat «maxfiy floti»ga bosim o‘tkazishni davom ettirishga va’da berganini aytdi.

Bundan tashqari, Fransiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda koalitsiyaga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari uch hafta ichida Ukrainadagi otashkesimni qanday nazorat qilish mumkinligi bo‘yicha takliflar tayyorlashi bo‘yicha qaror qilingan.

Shuningdek, Makron Ukraina qurolli kuchlari bilan ishlash uchun «ularning kelajagini rejalashtirish uchun» Fransiya-Britaniya harbiy delegatsiyasi Ukrainaga yuborilishini aytdi.

Ehtimoliy tinchlikparvar kuchlar haqida gapirarkan, Makron ular hali ham shakllanish bosqichida ekanini aytdi. Fransiya prezidenti ular to‘qnashuv chizig‘ida bo‘lmasligi, sulh tuzilgandan keyin «tiyib turish» vositasi sifatida zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

«Yevropa tinchlik kelishuvi tuzilganidan keyin Ukrainada xavfsizlik kuchlarini joylashtirish niyatida. Missiyada bir qancha davlatlar ishtirok etadi», – dedi u.

Ispan nashri jurnalistining AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoffning Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish «absurd»ligi haqidagi so‘zlari yuzasidan bergan savoliga javoban Makron Yevropa «mutlaqo yolg‘iz» harakat qilishga tayyor bo‘lishi kerakligini aytdi.

«Eng yaxshisiga umid qilamiz va eng yomoniga tayyorlanamiz», – deya qo‘shimcha qildi Fransiya prezidenti.

Uning qayd etishicha, Yevropa o‘z tashabbuslari AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini xohlaydi, ammo bu amalga oshmasa, Yevropa hech narsa qilmaydi, deyish to‘g‘ri emas.

Shu bilan birga, Makron AQSh «ishonchli ittifoqchi» ekani va Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Ukrainani jiddiy qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi.

«Qo‘shma Shtatlar hayotiy ittifoqchi bo‘lib qoladi. AQSh Rossiyani hech qanday shartlarsiz 30 kunlik otashkesimga rozi qila oladimi, shunga qarab amerikaliklarga baho beriladi», – degan fransuzlar yetakchisi.

Sanksiyalarni bekor qilish masalasi

Saudiya Arabistonidagi muzokaralardan so‘ng AQSh va Ukraina tomonlar Qora dengizdagi sulhni kelishib olishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi. Biroq Rossiyadagilar bu sanksiyalarning bir qismi olib tashlanganidan keyingina kuchga kirishini bildirdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sammit ishtirokchilari Rossiyadan sanksiyalarni olib tashlashga hali erta ekani haqidagi fikrga qo‘shilgani aytdi.

«Yevropaliklar bir necha hafta oldingidan ko‘ra jasurroq va qat’iyroq», – degan u.

U shuningdek, Rossiyaning 230 milliard yevroga teng muzlatilgan aktivlari tinchlik kelishuvi doirasida Ukrainani qayta tiklashga sarflanishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer sammit yakunlangach, shunday dedi: «Hozir sanksiyalarni bekor qilish mavridi emas, balki buning aksi».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarlariga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirib, Rossiya urushni to‘xtatmaguncha hech qanday sanksiyalar bekor qilinmasligi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Shols ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga qarshi chiqqan. Parijdagi sammit yakunlariga ko‘ra, u Rossiyaga qarshi sanksiyalarni hozir bekor qilish «jiddiy xato» bo‘lishini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «tinchlikka erishilmaguncha sanksiyalarni bekor qilishdan hech qanday ma’no yo‘q».

«Afsuski, biz hali ham bundan yiroqmiz», – deya qo‘shimcha qildi Shols.

Zelenskiy sammit yig‘ilishida Rossiya hozirda uchta yo‘nalishda yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida gapirdi.

«Bizning razvedkamiz ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Sumi, Xarkiv va Zaporijjya oblastlariga yangi hujumlarga tayyorlanmoqda. Ular muzokaralarni cho‘zmoqda va AQShni „soxta shartlar“ bilan oxiri yo‘q, mazmunsiz munozaraga tortishga urinmoqda, shunda vaqtdan yutib, keyin yana ko‘proq hududlarni egallashga harakat qilishadi», – deydi Zelenskiy.

Shuningdek, u Yevropa yetakchilarini hamkor davlatlarning Ukrainadagi kuchlarini joylashtirish bo‘yicha aniq umumiy rejani ishlab chiqishga chaqirdi.

«Bizga hammamiz rozi bo‘ladigan va siz bilan muhokama qilingan va siz uchun mavjud bo‘lgan variantlar asosida amalga oshirishni boshlaydigan aniq reja kerak», – dedi u.

Mavzuga oid