Putin Ukrainada tashqi boshqaruv joriy etishni taklif qildi. AQShdagilar javob qaytardi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yana bir bor Ukrainada legitim hokimiyat yo‘qligini ta’kidlab, mamlakatda tashqi boshqaruvni joriy etishni taklif qildi. Bunga javoban AQSh prezidenti ma’muriyati Ukrainani kim boshqarishi haqidagi qarorlarni faqat uning xalqi qabul qilishi mumkinligini bildirdi.

Foto: RIA Novosti
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh, Yevropa davlatlari va Rossiyaning «do‘stlari va hamkorlari» bilan Ukrainada BMT homiyligida vaqtinchalik xalqaro boshqaruv joriy etish imkonini muhokama qilishni taklif qildi. U bu haqda Murmanskda «Arxangelsk» atom suvosti kemasi ekipaji bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
U Ukrainada 2024 yilda prezident saylovlari o‘tkazilmaganini ta’kidlab, Ukrainaning hozirgi hukumati legitim emasligi haqidagi tezisini yana bir bor takrorladi va kim bilan tinchlik shartnomasini imzolash kerakligini tushunmayotganini aytdi. Unga ko‘ra, bu holat mamlakatda «neonatsistik tuzilmalar» hokimiyatga kelish xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
«Hozir kim bilan nima imzolash kerakligi noma’lum, chunki ertaga boshqa rahbarlar kelib qolishi va barchasi bekor bo‘lishi mumkin», — deydi u.
Kreml bir necha bor Ukraina prezidenti va Oliy radaning legitimligini shubha ostiga qo‘yib, ularning vakolatlari tugagani va yangi saylovlar o‘tkazilmaganini ta’kidlagan. Biroq, bu bayonotlar Ukraina Konstitutsiyasi va qonunlariga zid keladi, ular urush paytida saylovlar o‘tkazishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlaydi. Dunyoning boshqa hech bir davlati yoki xalqaro tashkilot Ukraina davlat institutlarining qonuniyligiga shubha qilmaydi.
Putin Murmanskka tashrifi chog‘ida siyosiy beqarorlik mavjud bo‘lgan mamlakatlarda xalqaro amaliyot vaqtinchalik tashqi boshqaruvni joriy etishni nazarda tutishini va Ukraina bilan ham shunday yo‘l tutish kerakligini aytdi.
«BMTning tinchlikparvarlik faoliyati doirasida tashqi boshqaruv, muvaqqat ma’muriyat deb ataladigan narsa allaqachon bir necha bor kuzatilgan», – dedi Putin.
Putinga ko‘ra, bunday tashqi boshqaruv orqali Ukrainada demokratik saylovlar o‘tkazish, shu orqali «xalq ishonchiga sazovor va salohiyatli hukumat»ni shakllantirish mumkin. «Rossiya ana shunday hukumat bilan tinchlik shartnomasi tuzish va butun dunyo tomonidan tan olinadigan, ishonchli va barqaror hujjatlarni imzolashga tayyor bo‘ladi», deya qo‘shima qiladi u.
Shu bilan birga, Rossiya prezidenti o‘tmishda Sharqiy Timor, Papua-Yangi Gvineya va sobiq Yugoslaviyaning ayrim qismlarida tashqi boshqaruv joriy etilganda shunga o‘xshash vaziyatlar bo‘lganiga misollar keltirdi.
Putin keltirgan barcha holatlarda gap yo uzoq yillar davomida fuqarolik urushlari bo‘lib o‘tgan yoki mustamlakachilik hukmronligidan ozod qilingan mamlakatlar haqida ketgan.
BMT Bosh Assambleyasi esa bir necha bor Rossiyaning xalqaro tan olingan chegaralarga ega bo‘lgan Ukrainaga qarshi tajovuzini qoralovchi rezolyutsiyalarni qabul qilgan.
Avvalroq Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni «legitim emas» deb atagan va uning vakolat muddati 2024 yil may oyida tugaganini ta’kidlagan edi. Kiyev esa, o‘z navbatida, Konstitutsiyaga muvofiq, amaldagi prezident saylovlar o‘tkazilgunicha vazifasini bajarishda davom eta olishini bildirgan.
Ukraina Markaziy saylov komissiyasi rahbari Oleg Didenkoning so‘zlariga ko‘ra, nazariy jihatdan 2025 yilda saylov o‘tkazish mumkin, ammo buning uchun urush harakatlari to‘xtashi va harbiy holat bekor qilinishi kerak.
Zelenskiy esa fevral oyida «agar tinchlik o‘rnatilishi yoki NATOga qo‘shilish uchun kerak bo‘lsa», o‘z xohishi bilan iste’foga chiqishga tayyor ekanini bildirgan edi.
Vashingtondagilar nima demoqda?
Jumaga o‘tar kechasi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati vakillari Putinning taklifiga izoh berishdi.
«Ukrainadagi boshqaruv tizimi uning Konstitutsiyasi va mamlakat xalqi tomonidan belgilanadi», – dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili anonim tarzda Reuters agentligiga bergan intervyusida.
Ammo bu izohni Vashingtonning rasmiy pozitsiyasi deb hisoblash mumkinmi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas.
Avvalroq Tramp Kremlning Kiyev rasmiylarining noqonuniyligi haqidagi ritorikasini takrorlagan va prezident Volodimir Zelenskiyni diktator deb atagan edi.
«Bu taklif yoqimsiz. Ammo Putin Tramp bilan muzokaralar olib borayotganda o‘zini ishonchli his qilmoqda, bu muzokaralar davomida u allaqachon ko‘plab yon berishlarga erishdi va buning evaziga o‘zi hech narsadan voz kechmadi. Buning barobarida Oq uyda o‘zining kremlcha tezislari qanday takrorlanayotganini eshitib turibdi», – deb yozdi Financial Times muxbiri Kristofer Miller X tarmog‘ida.
Rossiyalik dengizchilar bilan uchrashuvda Putin Amerikaning yangi ma’muriyati urushga chek qo‘yishni chin dildan xohlashiga ishonishini aytdi. «Umuman olganda, biz har qanday mojarolarni, shu jumladan, buni ham tinch yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlaymiz, faqat bizning hisobimizdan emas», – dedi u.
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Google’ning Gemini sun’iy intellekt servisi barcha foydalanuvchilar uchun bepul bo‘ldi
Jahon | 22:44
-
Andijondagi masjidda ro‘y bergan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
O‘zbekiston | 22:12
-
Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya AQSh bojlariga qo‘shma javob tayyorlamoqda
Jahon | 21:50
-
Eron oliy rahbari agar AQSh zarba bersa, keskin javob qaytarilishini ma’lum qildi
Jahon | 21:38
Mavzuga oid

20:11
Muzokaralarda siljish bo‘lmayotgani Trampni g‘azablantirmoqda

20:00
Putin bahorgi harbiy xizmatga chaqirishga oid farmonni imzoladi. Armiyaga 160 ming kishi olib ketiladi

17:11
Kreml Trampning Putindan «jahli chiqqani» haqidagi iddaolarga javob qaytardi

15:05