Jamiyat | 10:32 / 28.03.2025
3428
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 4 ta maktabning futbol maydonini ijaraga olib bermoqchi bo‘lgan bog‘cha rahbari ushlandi

DXX maktabgacha va maktab ta’limi vakillarining noqonuniy harakatlarini fosh etdi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda shahar IIBB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda, Olmazor tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, unga mansabdor tanishlari orqali Shayxontohur tumanida joylashgan 4 ta umumta’lim maktabining futbol maydonlarini auksion orqali ijaraga olib berish evaziga 8500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda MTT rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tumanlardan birining maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, mazkur bo‘lim bosh mutaxassisi bilan o‘zaro til biriktirgan holda, maktabda faoliyat yurituvchi o‘qituvchini tumandagi maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari lavozimiga tayinlanishida yordam berish evaziga undan 15 mln so‘m talab qilib, ushbu pul mablag‘ini bosh mutaxassis orqali olgan vaqtida DXX, IJQKD va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid