“Gulzor qilib qo‘ygandi, endi u yo‘q” – Surxondaryoda 200 tup daraxt yo‘q qilingani aytilmoqda
Rekonstruksiya sabab “Darband-Elbayon” avtomobil yo‘lidagi salkam mingta, “Manguzar-Denov”da esa 2 mingga yaqin daraxt ko‘chirilyapti. Bunga Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi ruxsat bergan. Mahalliy aholiga ko‘ra, jarayon boshlanib bo‘lgan, yashillik yo‘q qilinyapti. Bu Kun.uz’ga berilgan videotasvirlarda ham aks etadi. Qizig‘i, avvalroq Ekovazirlik ayni hududdagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishga qarshi ekanini bildirgandi.

Amalda jilovlanishi imkonsiz bo‘lib borayotgan gaz konidan chiqayotgan zaharli havo boysunliklarning yagona muammosi bo‘lib qolmaydigan ko‘rinadi: endi bu hududdagi minglab daraxtlarga "hujum" boshlangan.
Kun.uz’ga Surxondaryo viloyatidan o‘tuvchi 4R-105 “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yo‘lining bir qismida ko‘plab daraxtlar qo‘porib olingani yoki kesib tashlangani aks etgan videolar kelib tushdi. Hududda yashovchilarga ko‘ra, olib tashlangan daraxtlarning bir qismi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali doirasida ekilgan.
“Mana shu yerda “Boysun bahori” bo‘lgan yo‘llarni shuncha gulzor qilib qo‘ygan edi, o‘rtadagi [daraxtlar] yo‘q-da. Tunov kuni “zapravka”ga borganimda shuning guvohi bo‘ldim, yo‘lning o‘rtasidagi qariyb 200 dan ortiq archa yo‘q, u yerda yo‘l qurilayotgan ekan, Boysun yo‘li o‘tyapti-ku, betonli yo‘l – shu qurilyapti deyishdi, shu munosabat bilan olib tashlashganmi? [Hali] yo‘lning ikki chetidagilarini olishgani yo‘q, faqat o‘rtadagisini yo‘qotgan”,– deydi murojaat qilgan fuqaro.
Shuningdek, shaxsini ochiqlashni istamagan yurtdoshimiz odamlar orasida joydagi 13 mingta daraxt kesilishiga oid ma’lumotlar yurganini, bundan ko‘pchilik xavotirlanayotganini bildirdi.
“Yo‘lning yoqasidagi daraxtlarga “X” belgilari qo‘yib chiqilgandi, o‘chirib chiqishibdi. Biror joyda shov-shuv bo‘lganmi yoki boshqa bo‘lganmi, yaqinda shunday qilishibdi.
[Daraxtlarning] ba’zilarini kesib tashlagan, ba’zilarini qo‘porib, qabristonlarga tarqatib chiqqan. Qabristonga 10-15 tasini ko‘kartirish vazifasi qorovulga berilgan ekan. Archalar biror joyda yo‘q, o‘zidan o‘zi kesib tashlayapti. Ekologiya idorasi shu kesilgan archalar joyidan bir tomon 200 metr ichkarida, bir tomondan esa 1 km yoki 2 km chiqadi[gan hududda joylashgan]”,– deydi u.
Fuqaro taqdim etgan tasvirlarda haqiqatan ham archa daraxtlarining o‘rni qazib tashlangani, ayrimlarida esa ildiz qismi qolib, kesib tashlangani ko‘rinadi. Qolaversa, yana bir videoda bir tup qarag‘ay daraxti ildizi bilan qo‘porilgan va yerga yotqizilgani aks etadi.
Qarshi turilgan arizaga rozilik berilgan – vazirlik ham aytadi, ham qaytadimi?
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi holat yuzasidan Kun.uz’ga izoh berdi. Unga ko‘ra, shu yil 28 yanvar kuni vazirlikning Surxondaryodagi boshqarmasi tomonidan loyihani amalga oshirayotgan kompaniyaga daraxtlar taqdiri yuzasidan xulosa berilgan.
Ya’ni Darband, Mustaqillik, Bibishirin, Gaza, Sho‘rsoy mahallalari hududidan o‘tuvchi 24 km.li avtomobil yo‘lidagi o‘suvchanligini yo‘qotmagan jami 946 tup mevali, manzarali daraxtlar hamda yosh ko‘chatlarni ko‘chirib o‘tkazish belgilangan.
Shuningdek, kompaniya daraxtlarni agrotexnik talablarga rioya qilgan holda ko‘chirish, 3 yil davomida doimiy parvarish qilish to‘g‘risida kafolat xatini taqdim qilgani aytilmoqda. Rasmiylar shularga asosan hozirgacha 122 tup daraxt ko‘chirilganini ma’lum qildi.
“Daraxtlarni maxsus texnika va mutaxassislar ishtirokida ildiz tizimiga shikast yetkazmasdan, o‘suvchanligini saqlab qolgan holda Bibishirin mahallasi hududidagi Boysun tuman 3-son politexnikumiga qarashli hududga 27 tup eldor qarag‘ayi, 22 tup go‘zal katalpa, 15 tup virgin archasi – jami 64 tup manzarali daraxt va daraxt ko‘chatlari, Mustaqillik mahallasidagi 39-son umumta’lim maktabiga 15 tup virgin archasi, 3 tup eldor qarag‘ayi – 18 tup manzarali daraxt, Bibishirin mahallasidan o‘tuvchi 4K-611 avtomobil yo‘li yoqasiga 15 tup virgin archasi, Gaza mahallasidagi “Boysun vaxshivori” MChJ hududiga 25 tup virgin archasi – hammasi bo‘lib jami 122 tup manzarali daraxt va daraxt ko‘chatlari ko‘chirib o‘tkazildi.
Ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlarning o‘suvchanligini saqlab qolish va doimiy parvarishlash ishlarini olib borish “Surxondaryoyo‘lko‘kalam” DM boshlig‘iga biriktiriladi”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Ammo yuqorida daraxtlar ildiz qismidan qo‘porilganiga oid tasvirlar buning aksini ko‘rsatmoqda. Vazirlik bu holatga izoh bermadi. Qolaversa, ekologiya boshqarmasining 28 yanvarda daraxtlarni ko‘chirishga oid xulosasidan oldin 21 yanvar kuni rasmiy ma’lumot berilgan. Unda “Darband-Elbayon” avtoyo‘lidan tashqari, 4R-100 “Manguzar-Denov” yo‘lining ayrim qismlari rekonstruksiyasiga jami 2 706 tup daraxt xalal berayotgani, ularni ko‘chirib o‘tkazish, to‘liq saqlab qolish bo‘yicha choralar belgilab olingani ma’lum qilingan. Yozilishicha, 4R-100 yo‘lida 1 976 tup daraxt qurilish ostiga tushgan, eski loyihada bu 10 567 tupni tashkil etgan, hozirda 8 591 tup daraxt saqlab qolingan.
Qizig‘i, o‘tgan yili sentabr oyida vazirlik bu ishlarga qarshi ekanini bildirgandi. Quruvchilarning daraxtlarni ko‘chirish yuzasidan berilgan arizasiga rad javobini berib, loyihani amalga oshirishda daraxtlardan xoli hududni tanlash va bu borada loyihaga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni tavsiya qilgandi. Nima sabab hozirga kelib tashkilotning fikri o‘zgarib qoldi? Tashkilot bu so‘rovimizni ham e’tiborsiz qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning iyul oyida Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida rejalangan yo‘l qurilishi sabab ikkala hududda jami 70 mingga yaqin daraxt va butalar kesilishi mumkinligi ma’lum bo‘lgandi. Ekologiya vazirligi bu loyihaga qarshi ekanini bildirgandi.
Keyinroq Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga yashillikka zarar keltirmagan holda loyihani qayta ishlab chiqish vazifasi topshirilgandi.
O‘tgan yili noyabrida esa Kun.uz Farg‘onada besh yulduzli mehmonxona qurilishi boshlanishi arafasida 25 yillik daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilgani va buning oqibatida qurib qolganini yozgandi.
Tavsiya etamiz
So‘nggi yangiliklar
-
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
Jahon | 13:11
-
O‘zbekistonning YeIdagi missiyasi rahbari Yevrokomissiya raisiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekiston | 12:56
-
Tramp: Kanada "Oltin gumbaz" himoyasini 61 mlrd dollarga oladi
Jahon | 12:35
-
Hayvonlarni identifikatsiya qilish jarayonlari tartibga solinadi
O‘zbekiston | 12:23
Mavzuga oid

14:09 / 20.05.2025
Daraxt kesish uchun ariza berayotganlarni jamoatchilik kuzatib turadi

21:32 / 19.05.2025
Boysunning kelajagi nima bo‘ladi? FVV mas’uli izoh bera olmadi

15:28 / 19.05.2025
Surxondaryoda 11 nafar o‘qituvchi 2 ming dollardan ko‘p maosh olayotgani aytildi. Prezident buni Britaniya bilan taqqosladi

10:28 / 16.05.2025