Jahon | 15:44 / 04.04.2025
5822
9 daqiqa o‘qiladi

Yolg‘on tarqatayotgan Isroil, shiddat bilan pastga sho‘ng‘igan neft narxi va Tramp reytingida antirekord - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

BMT: Isroil yolg‘on tarqatmoqda

Isroil G‘azoda «yetarlicha oziq-ovqat bor», degan bayonot berganidan so‘ng, BMT bu iddaoni «ahmoqona va masxaraomuz», deya baholadi. BMT vakillariga ko‘ra, G‘azo aholisi ochlik bo‘sag‘asida, insonparvarlik yordami zaxiralari esa tugash arafasida.

1 aprelda BMT rasmiysi Stefan Dyujarrik: «Bu mutlaqo absurd. Biz so‘nggi imkoniyatlarni ishga solib yordam yubormoqdamiz», — dedi. Uning aytishicha, BMT qoshidagi Butunjahon oziq-ovqat dasturi shimoldagi nonvoyxonalarni yopishga majbur bo‘lgan.

BMT Isroilni ochlikni qurol sifatida ishlatishda ayblab, buni harbiy jinoyat sifatida baholab kelmoqda.

Bu orada Isroil armiyasi G‘azodagi Jabaliya mahallasida BMTning falastinlik qochoqlar bo‘yicha agentligi — UNRWAning binolaridan biriga zarba bergan. Bu haqda agentlik rahbari Filipp Lazzarini xabar qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu binoda oldin shifoxona joylashgan bo‘lib, oxirgi bombardimon vaqtida u yerdan 700 nafargacha fuqaro panoh topgan. Hujum oqibatida to‘qqiz nafar bola, jumladan, ikki haftalik chaqaloq halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Shuningdek, G‘azo shahri sharqidagi Dor ul-Arqam maktabiga qilingan aviazarba oqibatida kamida 27 falastinlik, jumladan, bolalar halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Falastinning rasmiy WAFA agentligi.

Mazkur maktab o‘rnini vaqtincha boshpanaga aylantirgan fuqarolar bomba zarbasi paytida binoda bo‘lgan.

Hujum natijasida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 70 nafardan ortiq kishi yaralangan.

Lazzarini G‘azoda jami 300 dan ortiq BMT obekti vayron etilganini ma’lum qilib, buni xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi deb atadi va mustaqil surishtiruv o‘tkazishni talab qildi.

Neft narxi shiddat bilan pasaydi

Jahon neft bozorida keskin o‘zgarish: bir kunda Brent 7 foizga arzonlashib, 70 dollardan pastga tushdi. WTI narxi esa 66 dollargacha tushdi — bu 2022 yil martidan beri eng katta kunlik pasayish.

Tanazzulning asosiy sabablaridan biri — Donald Trampning barcha davlatlarga bojlar joriy qilishi bo‘ldi. Bu global retsessiya xavfini kuchaytirib, neftga bo‘lgan ehtiyoj kamayishiga olib kelishi mumkin. JPMorgan tahlilchilari so‘nggi 25 yil ichida uchinchi retsessiya bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Ikkinchi omil — OPeK+ning kutilmagan ravishda neft ishlab chiqarishni 411 ming barrelga oshirishi, deb hisoblanmoqda. Bu taklifning haddan ziyod ortib ketishi xavfini keltirib chiqardi.

Rossiyaning Urals markali nefti narxi barreliga 55 dollargacha pasaysa, Rossiya budjeti jiddiy muammolarga duch kelishi mumkinligi aytilmoqda.

Tramp reytingida antirekord qayd etildi

AQSh prezidenti Donald Trampning reytinglari 43 foizga tushib, qaytib saylanganidan beri eng past ko‘rsatkichga yetdi. Reuters/Ipsos so‘roviga ko‘ra, bunga Tramp tomonidan kiritilgan savdo bojlari va Yamandagi harbiy operatsiya haqidagi ma’lumotlar messenjerda tarqab ketishi asosiy sabab bo‘lgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, aholining faqat 37 foizi Trampning iqtisodiy siyosatini ma’qullaydi, inflatsiyaga qarshi chora-tadbirlarini esa atigi 30 foiz qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi bojlar, ayniqsa, avtomobil va ehtiyot qismlariga joriy qilingani saylovchilarda xavotir uyg‘otgan.

AQSh prezidenti siyosati tufayli 200 mingga yaqin federal xodim ishdan bo‘shatilgan.

Tramp bojlaridan so‘ng AQSh dollari kursi olti oylik davrdagi eng past darajaga tushdi va AQSh obligatsiyalarining daromadliligi pasaydi. Fond indekslari ham quladi, sarmoyadorlar savdo urushi va global retsessiyadan qo‘rqib, mablag‘larni obligatsiyalar, oltin va iyenaga tikmoqda.

Ukrainadagi ekologik zarar 85 mlrd dollarga yetdi

Ukraina Rossiyani ekotsid — atrof-muhitga qasddan yetkazilgan katta zarar — uchun javobgarlikka tortishga urinyapti. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri tabiiy resurslarga yetkazilgan zarar 85 mlrd dollardan oshgan.

Hozirda Rossiyaga qarshi 247 ta ekologik jinoyat ishi ochilgan, shulardan 14 tasi Ukraina qonuniga ko‘ra aynan ekotsid deb baholangan.

Masalan, Kaxovka GES portlatilishi natijasida Dnepr havzasi zaharlangan va butun sohil ekotizimi yo‘q qilingan.

Ukrainada qishloq xo‘jaligi yerlari qurib, 2024 yilda kungaboqar hosili 10 baravarga kamaygan. Rasmiylar sud qarorlari va dalillar tovon to‘lash masalasida muhim asos bo‘ladi, deb hisoblaydi.

Estoniya Rossiya bilan chegarani minalashtirmoqchi

Estoniya Rossiya bilan chegaraga minalar ekib chiqish niyatida. Buni amalga oshirish uchun mamlakat Ottava konvensiyasidan chiqishga qaror qildi. Mazkur konvensiya piyodalarga qarshi minalardan foydalanishni taqiqlaydi.

Mudofaa qo‘shinlari vakili Aynar Afanasevga ko‘ra, urush yuz bersa, mina, portlovchi vositalar, ko‘prik va quvurlarni yo‘q qilish choralari ishga tushiriladi. Joriy yildan mudofaa chizig‘i qurilishi boshlanib, 600 ta bunker o‘rnatiladi.

Mudofaa inshootlari Rossiya bilan chegarada, jumladan xususiy yerlarda ham joylashtiriladi. Bunkerlarning ba’zilari 152 mm snaryadga chidamliligi bilan sinovdan o‘tgan. Qurilishda Ukraina urush tajribasi, dronlarga qarshi vositalardan foydalaniladi.

Maqsad — ehtimoliy hujumni Estoniya uchun eng qimmatga tushmaydigan qilib, harbiy tahdidni minimallashtirish.

Vengriya Xalqaro jinoyat sudidan chiqmoqda

Vengriya hukumati Xalqaro jinoyat sudi yurisdiksiyasidan chiqishni boshlayotganini e’lon qildi. Bu haqda Bosh vazir Viktor Orban ma’muriyati rahbari Gergey Guyyash ma’lum qildi. Unga ko‘ra, jarayon konstitutsiya va xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Bayonot Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Budapeshtga tashrifi paytida yangradi. 2024 yil noyabrda XJS uni G‘azodagi harbiy jinoyatlar uchun hibsga olish uchun orderi bergan edi. Orban Netanyahuni himoya qilib, sud qarorini «surbetona va qabul qilib bo‘lmas», deb atagan.

Vengriya 1999 yilda Rim statutini imzolagan, 2001 yilda ratifikatsiya qilgan. Reuters bahosiga ko‘ra, XJSdan chiqish jarayoni bir yilga yaqin vaqt olishi mumkin.

2023 yilda Vengriya XJSning Vladimir Putinga nisbatan chiqargan orderini ham bajarmagan edi.

Mask Tramp ma’muriyatida qoladi

AQSh vitse prezidenti Jyey Di Vens Ilon Mask davlat ishlaridan chetlashishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Vitse prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ilon Mask davlat apparatini isloh qilish bo‘yicha Tramp ma’muriyatiga maslahatchi sifatida xizmatini davom ettiradi.

«Hukumat samaradorligi departamenti — DOGE dasturidagi 6 oylik rasmiy vazifasi yakunlansa-da, Ilonning ishlari hali tugamagan», – dedi Vens.

Uning ta’kidlashicha, Mask hukumat xarajatlarini qisqartirish va ijtimoiy tizimni qayta ko‘rib chiqish g‘oyalarini ilgari surmoqda.

Vens shuningdek, TikTok taqdiriga oid yaqin kunlarda Oq uy bayonot berishi kutilayotganini bildirdi. Uning aytishicha, ma’muriyat milliy xavfsizlikni ta’minlash va yoshlar uchun axborot manbasini saqlab qolishni maqsad qilgan.

Apple qiymati 250 mlrd dollarga qisqardi

Donald Trampning yangi boj siyosati Apple’ga qimmatga tushdi. 4 aprel kuni kompaniya aksiyalari 8,5 foizga arzonlashib, bir kunda 250 mlrd dollar bozor qiymatidan ajraldi.

Apple bilan birga Tesla, Nvidia va Meta 6 foiz atrofida, Amazon esa 7,2 foizga arzonlashdi.

Bu Trampning 5 apreldan kuchga kiradigan jadal bojlari fonida yuz berdi. Unga ko‘ra, barcha import tovarlariga kamida 10 foizlik boj joriy etiladi, Xitoy uchun esa bu ko‘rsatkich 54 foizga yetdi.

Wedbush Securities bojlarni «investorlar uchun eng yomon ssenariydan ham yomonroq» deb baholadi. Oq uy esa buni milliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash deb hisoblamoqda.

Bojlar Apple’ning barcha asosiy ta’minlovchilariga ta’sir qiladi. Kompaniya ikki yo‘ldan birini tanlashi mumkin: yo mahsulot narxini oshiradi yoki milliardlab dollarlik foydadan voz kechadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid