O‘zbekiston | 15:39 / 02.07.2025
3464
2 daqiqa o‘qiladi

Polshaning mashhur kiyim-kechak brendi O‘zbekistonda birinchi do‘konini ochadi

Polshaning ommabop propertynews.pl elektron portalida "Polsha moda giganti ekzotik bozorni o‘zlashtirmoqda: 20 dan ortiq do‘kon ochilishi rejalashtirilgan" sarlavhali maqola chop etildi.

Foto: Damian Lemański/Bloomberg

Unda Polshaning kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan LPP kompaniyasi o‘z faoliyatini Markaziy Osiyoda jadal kengaytirishni rejalashtirayotgani haqida so‘z boradi.

"2025 yil avgust oyida O‘zbekistonda Sinsay brendining birinchi do‘koni ochilsa, yil oxiriga kelib esa ularning soni 20 tadan oshishi kutilyapti. Bu kompaniyaning mintaqada izchil rivojlanishga qaratilgan strategiyasining bir qismidir", – deyilgan materialda.

Ta’kidlanishicha, Polsha kompaniyasi Ozarboyjon va Gurjiston bozorlariga ham kirishga tayyorlanmoqda. Kompaniya 2025 yilning uchinchi choragida ushbu mamlakatlarda ham o‘z shoxobchalarini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Qozog‘istonda esa LPP 60 ga yaqin yangi do‘kon ochishni rejalashtirgan.

"Kompaniya vakillariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi iste’molchilar narxlarga nisbatan sezgirroq va aholining katta qismi hali ham bozorlardan xarid qilishini afzal ko‘radi. Shu sababli, Sinsay'ning ushbu mintaqadagi strategiyasi avvalam bor hamyonboplikka va nafaqat yirik shaharlar markazlarida, balki kichik hududlarda ham mavjud bo‘lishga yo‘naltiriladi", – deb yozilgan maqolada.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid