Jahon | 19:41 / 03.07.2025
2447
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya ilk bor yadro xavfsizligi bo‘yicha strategiyasini taqdim etdi

Hukumat bu strategiyani Ukrainadagi harbiy mojaroga javoban ishlab chiqqan. Ta’kidlanishicha, yadroviy xavfsizlik masalalari sovuq urush davridan beri bunchalik dolzarb bo‘lmagan.

Foto: Getty images

Norvegiya ilk bor radiatsiyaviy himoya, yadroviy xavfsizlik va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik sohalaridagi majburiyatlarini aniq belgiladi. Hukumat bu strategiyani Ukrainadagi harbiy mojaroga javoban ishlab chiqdi.

«Dunyoda keskinlik kuchaydi va radiatsiyaviy himoya hamda yadroviy xavfsizlik masalalari sovuq urush davridan beri hech qachon bunchalik dolzarb bo‘lmagandi. Norvegiya bu yo‘nalishlarda xalqaro miqyosda faol rol o‘ynashi kerak», deydi tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde.

Strategiya hujjati Norvegiya hukumatining rasmiy saytida e’lon qilindi. Unda 10 ta asosiy maqsad, jumladan, radiatsiyaviy va yadroviy hodisalar xavfini minimallashtirish, ushbu sohadagi qonunchilikni yangilash va tegishli tashkilotlar mas’uliyatini aniq belgilash qayd etilgan.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Norvegiya hukumatiga bunday strategiyani ishlab chiqishni 2019 yilda tavsiya qilgan edi. Shuningdek, agentlik ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha milliy strategiyani tasdiqlashni ham maslahat bergan.

Norvegiyada hozirda faol yadro reaktorlari yo‘q. 2018 yilgacha mamlakatda ikkita tadqiqot reaktori mavjud edi: Halden Reactor va JEEP II. Halden reaktorini yopishda Norvegiya Energetika texnologiyalari instituti xavfsizlik nuqtai nazaridan qabul qilib bo‘lmaydigan darajadagi xavflarni sabab sifatida keltirgandi. JEEP II reaktorining yopilishi esa uni ishlatishda katta mablag‘ talab qiladigan yangilanishlar zarurligi bilan izohlangan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid