Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh HAMASni G‘azodagi gumanitar yordam tarqatish punktiga hujumda aybladi
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida fondning AQShdan bo‘lgan ikki xodimi yaralangan.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus G‘azo sektoridagi gumanitar yordam tarqatish punktiga qilingan hujumda Isroilni emas, HAMAS harakatini aybladi.
Bryus X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan yozma bayonotida HAMASni AQSh va Isroil homiyligida faoliyat yurituvchi G‘azo gumanitar jamg‘armasi markaziga hujum qilishda aybladi.
Bryusning so‘zlariga ko‘ra, hujumda fondning AQShdan bo‘lgan ikki xodimi yaralangan. «G‘azo xalqiga yordam yetkazayotgan odamlarga nisbatan zo‘ravonlik HAMASning ma’naviy tanazzulini ko‘rsatadi», dedi Davlat departamenti vakili va Qo‘shma Shtatlar jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishi uchun duoda ekanini, «bu fidoyi gumanitar ishchilarini hech narsa to‘xtata olmaydi» deb hisoblashini bildirdi.
Avvalroq Isroil armiyasi G‘azoning turli hududlariga yirik zarbalarni davom ettirgani, natijada 55 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgani, o‘nlab kishilar yaralangani xabar qilingandi.
HAMAS, o‘z navbatida, Isroilning chodirlar, uylar, vaqtinchalik yashash markazlari va yordam tarqatish punktlariga bergan zarbalari bosh vazir Binyamin Netanyahu hukumati G‘azodagi genotsidni davom ettirayotganining isboti ekani haqida ma’lum qildi.