Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT: Ukrainada iyunda tinch aholi orasida qurbonlar soni eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida Ukrainada 232 tinch aholi halok bo‘lgan, 1343 nafari yaralangan. Bu keng ko‘lamli hujum boshlanganidan beri eng yuqori oylik ko‘rsatkichdir. Ularning 98 foizi Kiyev nazorati ostidagi hududda o‘ldirilgan va yaralangan.
2025 yil iyun oyida, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada 232 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana 1343 nafari yaralangan. Bir oy ichida halok bo‘lgan va yaralangan tinch aholining umumiy soni 2022 yilning fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi, deya xabar beradi BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi 10 iyul, payshanba kuni.
Tinch aholiga zarba berish mamlakatning 27 ta hududidan 17 tasida qayd etilgan. Halok bo‘lgan va yaralangan tinch aholining katta qismi (98 foiz) Kiyev nazorati ostidagi hududda bo‘lgan. Oxirgi oyda raketa va dron hujumlari soni 2024 yil iyuniga nisbatan 10 baravar ko‘p bo‘ldi. BMT Dnipro, Kiyev va Xarkivga berilgan zarbalarga alohida e’tibor qaratdi.
«Iyun oyi statistikasi joriy yilda vaziyat yomonlashganini tasdiqladi», — deyiladi press-relizda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida Ukrainada 6754 nafar tinch aholi halok bo‘lgan yoki yaralangan. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 54 foizga ko‘pdir.
Umuman olganda, urush boshlanganidan beri BMT missiyasi kamida 13 580 tinch aholining, jumladan 716 bolaning o‘limini qayd etdi. 34 115 kishi jarohat oldi, shu jumladan 2 173 nafar bola.
«Talafotlar sonining keskin oshishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar Rossiya Federatsiyasi tomonidan shaharlarga qarshi kuchli uzoq masofaga uchuvchi raketalar va UUA qo‘llanishi bo‘ldi, bu o‘q-dorilarning buzg‘unchi kuchini oshirdi», — deyiladi BMT bayonotida.
Mavzuga oid
15:51 / 17.06.2026
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
22:31 / 16.06.2026
Zelenskiy Rossiyaga «dahshatli qish» bilan tahdid qildi
22:16 / 16.06.2026
Vatikan va «yahudiylar lobbisi» Putinni aldadi - Lukashenko
19:49 / 16.06.2026