Jahon | 14:46 / 11.07.2025
2124
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: AQSh Trampning buyrug‘i bilan birinchi marta Ukrainaga qurol yuboradi

Donald Tramp AQSh Kongressi ruxsatisiz prezident farmoni bilan Ukrainaga qurol jo‘natish uchun birinchi marta PDA huquqidan foydalanmoqda, deb xabar bermoqda Reuters. Bu mexanizm ilgari Jo Bayden tomonidan tez-tez qo‘llangan.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z prezidentlik vakolatlaridan ilk bor AQSh Kongressi ruxsatisiz Ukrainaga yangi qurollar partiyasini yuborish uchun foydalanadi. Bu haqda 10 iyul, payshanba kuni Reuters axborot agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp prezident farmoni bilan Ukrainaga qurol jo‘natish uchun PDA (Presidential Drawdown Authority) huquqidan foydalanmoqda. Buning uchun Kongressning roziligi talab qilinmaydi. Ajratilgan yordam paketi miqdori taxminan 300 million dollarni tashkil qiladi. U Patriot tizimlari uchun raketalarni, HIMARS tizimlari uchun GMLRS snaryadlarini va hujumkor o‘rta masofali raketalarni o‘z ichiga olishi mumkin.

7 iyul kuni Tramp Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga ko‘proq, asosan mudofaa qurollarini yetkazib berishini ma’lum qildi. «Biz buni qilishimiz kerak. Ular o‘zlarini himoya qila olishi kerak. Ularga hozir juda qattiq zarba berishmoqda», — dedi o‘sha paytda respublikachi.

Trampdan avvalgi davlat rahbari Jo Bayden Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun doimiy ravishda PDA prezidentlik buyruqlaridan foydalangan. Shu paytgacha Tramp ma’muriyati faqat Bayden tomonidan tasdiqlangan qurollarni yuborgan.

AQSh Kongressining 2024 yil oktyabr oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil avgustidan buyon Ukraina Qurolli kuchlariga 68 ta qurol yetkazib berildi. Kongress PDA miqdorini yiliga bazaviy 100 million dollardan 2022 yilda 11 milliard dollarga, 2023 yilda 14,5 milliard dollarga va 2024 soliq yilida 7,8 milliard dollarga oshirishni ma’qulladi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda AQSh hukumatida Baydenning PDA tomonidan ajratilgan Ukrainaga yordam uchun 3,86 milliard dollar qolgan. Demokratlar 2025 yil 9 yanvarda 500 million dollar miqdoridagi so‘nggi transhni ma’qulladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid