Jahon | 02:32 / 12.07.2025
2853
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati qo‘mitasi Ukrainaga 500 mln dollarlik yordam ajratishni ma’qulladi

Ushbu tashabbus Rossiya bilan davom etayotgan mojaro sharoitida Ukrainaning mudofaa salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Foto: Global Espreso

AQSh Senatining Qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi Kiyevga xavfsizlik sohasida yordam sifatida 500 million dollar ajratishni ma’qulladi. Tegishli band Amerika mudofaa budjeti loyihasiga kiritilgan, deb yozadi Reuters.

Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, Ukrainaga xavfsizlik sohasida ko‘mak berish tashabbusi muddati 2028 yilgacha uzaytirilgan va moliyalashtirish hajmi 500 million dollargacha oshirilgan. Ushbu tashabbus Rossiya bilan davom etayotgan mojaro sharoitida Ukrainaning mudofaa salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, qonun loyihasida AQSh prezidenti Donald Trampning A-10 samolyotlarini xizmatdan chiqarish haqidagi qarori bekor qilingan. 2026 moliyaviy yilida ushbu samolyotlar soni kamida 103 tani tashkil etishi belgilangan.

Iyul oyi boshida AQSh Ukrainaga harbiy yordamni vaqtincha to‘xtatib qo‘ygandi — bu qaror Pentagon tomonidan Oq uy bilan kelishilmagan holda, mavjud qurol-zaxiralarni baholash maqsadida qabul qilingan. Shundan so‘ng Donald Tramp Kiyevga mudofaa qurollari, jumladan, Patriot zenit-raketa tizimlari uchun qo‘shimcha raketalar yetkazib berish rejalari haqida e’lon qildi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid