O‘zbekiston | 19:19 / 24.07.2025
4080
2 daqiqa o‘qiladi

Magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda til sertifikati talabi bekor qilinmadi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmunda tarqalgan xabarlarni rad qildi.

Foto: Getty images

Magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish sertifikati talabi bekor qilinmagan, deb xabar berdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi. Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmunda tarqalgan xabarlar asossiz.

«Ijtimoiy tarmoqlarda 2025 yil 19 iyuldagi PF–114 prezident farmoni noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Mazkur farmon bilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi va ba’zilarining ayrim bandlari o‘z kuchini yo‘qotdi. Xususan, 2021 yil 19 maydagi PQ–5117 qarorning 6-bandi to‘rtinchi xatboshisi chiqarib tashlandi. Ushbu bandda magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikati talabining ilk joriy etilishi nazarda tutilgan edi. Biroq, mazkur normaning chiqarib tashlanishi xorijiy til bo‘yicha sertifikatlar talabi butunlay bekor qilindi degani emas», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 2024 yil 24 maydagi PF–81 prezident farmoni bilan magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etilishi belgilangan:

- xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha — kamida C1 darajasida;

- gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha — kamida B2 darajasida;

- boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari bo‘yicha — kamida B1 darajasida.

Shu sababli Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar talabi hozir ham amalda ekanini eslatdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid