Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Shotlandiyada: shamol turbinalari va migratsiya Yevropaga tahdid solmoqda
Shotlandiyaga yetib kelgan AQSh prezidenti yevropaliklarni ikki xavf – shamol turbinalari va muhojirlarning «dahshatli bosqinidan» ogohlantirdi.
25 iyul, juma kuni kechqurun Shotlandiyaga yetib kelgan AQSh prezidenti Donald Tramp yevropaliklarni shamol turbinalaridan voz kechishga va migratsiyani to‘xtatishga chaqirdi.
«Yevropa uzra parvoz qilganingizda hamma joyda go‘zal dalalaringiz va vodiylaringizni buzayotgan hamda qushlaringizni o‘ldirayotgan shamol turbinalarini ko‘rasiz», dedi Tramp Glazgo Prestvik aeroportida. Unga ko‘ra, shamol turbinalari dengizga ham zarar yetkazadi. Tramp, shuningdek, Yevropani muhojirlarning «dahshatli bosqinini» to‘xtatishga chaqirdi. Bu, uning so‘zlariga ko‘ra, shamol turbinalari Yevropa mamlakatlari go‘zalligini buzayotgani kabi, Yevropani vayron qilmoqda.
Shotlandiyada Tramp, jumladan, o‘zining ikkita golf klubiga tashrif buyurish, shuningdek, 27 iyul kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan uchrashish niyatida. 28 iyul, dushanba kuni AQSh prezidenti Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan uchrashuvda asosiy e’tibor «transatlantik savdo aloqalari»ga qaratiladi. Shotlandiyaga jo‘nab ketish oldidan AQSh prezidenti Tramp e’lon qilgan tariflardan qochish imkonini beruvchi Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvga erishish imkoniyatlarini «juda yaxshi» deb baholadi. «Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvga erishish imkoniyatimizni 50 ga 50 deb aytgan bo‘lardim», dedi respublikachi jurnalistlarga.