Jahon | 08:47 / 30.07.2025
2910
2 daqiqa o‘qiladi

«Naftogaz Ukrainy»: Kiyev birinchi marta Ozarboyjondan gaz oladi

Kiyev ilk bor Ozarboyjondan Transbolqon yo‘lagi orqali gaz import qilmoqda, dedi «Naftogaz Ukrainy» boshqaruvi raisi.

Foto: Getty images

Ukraina birinchi marta Bolgariya va Ruminiya orqali Transbolqon koridori orqali Ozarboyjondan gaz import qilmoqda. Bu haqda «Naftogaz Ukrainy» boshqaruvi raisi Sergey Koretskiy Facebookʼda ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gazni sotib olish bo‘yicha birinchi kelishuv Ozarboyjonning SOCAR guruhi davlat kompaniyasi – SOCAR Energy Ukraine bilan tuzilgan.

Hozircha gap kichik hajmdagi sinov xaridlari haqida ketyapti. Shunga qaramay, Koretskiy «uzoq muddatli hamkorlikka yo‘l ochadigan strategik muhim qadam qo‘yilganini» ta’kidladi. Ushbu chora ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilish va Ukrainaning energiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.

«Naftogaz Ukrainy» boshqaruvi rahbari kelishuvga prezident Volodimir Zelenskiy, vazirlar mahkamasi va Energetika vazirligi hissa qo‘shganini qayd etdi. Ozarboyjon tomoni bilan o‘zaro hamkorlik joriy qish mavsumi oldidan muhim, deya qo‘shimcha qildi Koretskiy.

«Naftogaz Ukrainy» kompaniyasi avvalroq 2024-25 yilgi isitish mavsumi Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri eng qiyin bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Joriy yilning dastlabki uch oyida Rossiya Federatsiyasi kompaniya obektlariga sakkiz marotabadan ortiq raketa va dron hujumlarini amalga oshirdi, bu 100 dan ortiq zarbani tashkil etdi, deya qo‘shimcha qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid