Jahon | 09:41 / 01.08.2025
1868
2 daqiqa o‘qiladi

Sandu Rossiyani Moldovadagi saylovlarga aralashishni rejalashtirganlikda aybladi

Moldova prezidenti, yevropaparast kurs tarafdori Mayya Sandu Rossiyani 28 sentabr kuni mamlakatda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga aralashish niyatida ekanlikda aybladi. So‘rov natijalariga ko‘ra, hukmron yevropaparast partiya ko‘pchilik o‘rinni yo‘qotishi mumkin.

Foto: Vladislav Culiomza/REUTERS

Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiya rasmiylari mamlakatda 28 sentabrga belgilangan parlament saylovlariga aralashish niyatida, deb hisoblaydi. U bu haqda matbuot anjumanida ma’lum qildi. Translatsiya uning Facebookʼdagi sahifasida amalga oshirildi.

«Rossiya Federatsiyasi joriy yilning kuzidan boshlab Moldova Respublikasi ustidan nazorat o‘rnatish niyatida va sentabrdagi saylovlarga misli ko‘rilmagan darajada aralashish rejasini tayyorlamoqda», — dedi Sandu.

«Rossiyaning mamlakatimiz ichki ishlariga aralashuvining eng katta xavfi shundaki, u mamlakatimizning milliy xavfsizligi, suvereniteti va Yevropa kelajagiga bevosita tahdid soladi», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «faqat kriptovalutalar orqali 100 million yevroga yaqin mablag‘ni moliyalashtirish rejalashtirilgan». Reuters ta’kidlaganidek, Sandu Rossiyaning rejalari haqida hech qanday aniq dalil keltirmagan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ayblovlarni rad etib, Moskva «boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmasligini» aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid