Jahon | 15:59 / 03.08.2025
10133
11 daqiqa o‘qiladi

Kunda ustida siyosat, «yadroviy qiyomat-qoyim» xavfi – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 3 avgust, yakshanba. Ortda qolayotgan hafta voqealarga boy bo‘ldi. Putin Trampning ultimatumiga javob berdi, Medvedev AQShga «yadroviy qiyomat-qoyim» bilan tahdid qildi. Tramp bunga javoban atom suvosti kemalarini Rossiya yaqiniga yubordi. Bir so‘z bilan aytganda, Rossiya va AQSh yo‘q joydan yadroviy to‘qnashuv tomon qadam tashladi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Putin javob berdi

Hafta boshi unchalik voqealarga boy bo‘lmayotgandi, lekin hafta yakunida Putin, Medvedev, Lukashenko va Tramp kabi siyosatchilar intrigani oshirib berishdi. Masalan, juma kuni Vladimir Putin Kareliya orolidagi cherkovga do‘sti Aleksandr Lukashenkoni chaqirib, u yerdagi poplar ishtirokida diniy amallarni bajardi. Putin yo Lukashenko yoki poplar bir kadrda ko‘rindimi, bilavering – Rossiya prezidenti qandaydir jiddiy gap aytmoqchi. Odatda shunaqa bo‘lgan. Bu gal u ham Lukashenko bilan uchrashdi, ham cherkovda sham ushlagan ko‘yi ko‘rinish berdi.

Diniy amallar tugagach, Lukashenko va Putin cherkov hovlisida sayr qilib, o‘rindiq holiga keltirilgan kundaga o‘tirib dam olishdi. Va shu payt qo‘liga mikrofon ko‘targan jurnalistlar guruhi paydo bo‘ldi. Ular Putindan «Tovarish glavnokomanduyushiy, Amerika degan davlat prezidenti Tramp sizga muddat berishga jazm qildi, unga qanday javob berasiz?» deyishdi.

Putin xotirjamligini tabassum bilan ko‘rsatishga urinib, «bu borada aytajak birinchi gapim shuki, biz «Oreshnik» raketasini seriyali ishlab chiqarishni boshladik», dedi. Bu gapning tarjimasi shunday bo‘ladi: «Trampmi, undan kattasimi, kim bo‘lsa ham menga shart qo‘yolmaydi, ular muddat belgilasa, men raketa chiqaraman, hech kimga qarab ish qilmayman».

Lukashenko Putinning gaplarini quvvatlab, Ukrainani «yugurib kelib Putin bilan kelishishga» chaqirdi. «Aks holda bir, bir yarim oyda ruslar hammasini egallab oladi», deb qo‘shimcha qildi bir vaqtlar O‘zbekistonga aql o‘rgatishga uringan Lukashenko. Lekin Batka shu yerda senzuraga uchradi. Putinga uning «ruslar egallab oladi» degan gapi yoqmadi-da, «qaytib olishadi deng, bu yerlar bizniki», dedi. Ya’ni o‘z vaqtida Ukraina hududiy yaxlitligini rasman tan olgan Putinga ko‘ra Ukraina yerlari Rossiyaga tegishli ekan. Qaysi hujjatga ko‘ra? Janob Putin bunisini aytmadi.

Tramp va Medvedev bahsi

Bu hafta «Rostelekom» raisi, darvoqe, 4 yil Rossiyada prezident ham bo‘lib ishlagan Dmitriy Medvedev AQSh prezidenti Tramp bilan tortishib qoldi. To‘g‘rirog‘i, Tramp Rossiya sobiq prezidenti bilan tortishdi. AQSh prezidenti rossiyalik hamkasbi Putinga Kiyev bilan sulh imzolash uchun o‘n kun muddat bergandi. Medvedev bunga javoban Trampning gaplari sabab Rossiya va AQSh urushib ketishi mumkinligini aytdi.

Odatda Medvedevning postlariga e’tibor bermaydigan Tramp bu gal istisno qilib, uning familiyasini keltirib post yozdi. «Ana u o‘zini hamon prezident deb o‘ylaydigan omadsiz Medvedevga aytinglar, tilini tiyib yursin, u juda xavfli hududga kirib qoldi», dedi. Medvedev ham bo‘sh kelmay Trampga «yadroviy qiyomat-qoyim bilan» tahdid qildi. AQSh prezidenti esa yadroviy suvosti kemalariga Rossiya yaqiniga suzib borishni buyurdi. Xullas, oddiy internetda boshlangan tortishuv sabab dunyodagi eng qudratli ikki yadroviy davlat o‘rtasida ziddiyat kuchaydi. Kattalar bekorga aytmagan: o‘ylab gapirish kerak!

«Aeroflot»ga hujum

Hafta davomida Rossiyadagi eng yirik aviatashuvchi «Aeroflot» jiddiy hakerlik hujumiga uchradi. Belaruslik hakerlar guruhi kompaniya tizimini osongina buzib kirib, reyslar jadvalida parokandalik keltirib chiqarishdi. Oqibatda «Aeroflot» bir necha daqiqa ichida yuzlab reyslarni bekor qildi, Moskva aeroportlarida chinakam xaos boshlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Aeroflot»da Windows XP operatsion tizimining eskirgan versiyasi va Windows 2003 tizimidan foydalanishgani hakerlar ishini osonlashtirgan. Kompaniya bosh direktori 2022 yildan beri kompyuteri parolini o‘zgartirmagan ekan (urushni kuzatish bilan bo‘lib, parolni o‘zgartirish esiga kelmagandir). Qizig‘i, hakerlar bir yilcha vaqt davomida kompaniya korporativ chatlarida bo‘lib, barcha yozishmalarni kuzatgan, lekin texnik xodimlar buni sezmagan.

Tramp Putinga muhlat berdi

Aytgancha, Putin Trampning qaysi ultimatumiga javob qaytargani haqida to‘liqroq ma’lumot berishni unutibman. Xullas, samolyotda ketayotgan Trampdan jurnalistlar «janob prezident, Rossiyaga 50 kun vaqt bergandingiz, keyin uni qisqartirishingizni aytdingiz, bunga oydinlik kiritsangiz», deyishdi. Tramp bunga javoban «bugundan boshlab o‘n kun», dedi. Ya’ni Rossiya Ukraina bilan 8 avgustgacha sulh imzolamasa, Vashington chora ko‘rishni boshlaydi.

Rossiyaga juda ko‘p dedlayn belgilagan Trampda endi ortga yo‘l yo‘q, bu gal harakat qilmasa, uning gaplarini atrofidagilar ham hurmat qilmay qo‘yishadi.

Rossiya yangi yerlarni egallamoqda

Janob Putin do‘sti Lukashenko bilan cherkovda xotirjam sayr qilib yurganicha bor: hafta davomida ruslar frontda yaxshigina odimladi. Kiyevni ololmagan bo‘lishsa ham, kimsasiz, vayronaga aylangan ukrain qishloqlarini egallamoqda. Masalan, Donbassdagi Chasiv Yar shahri ruslar tomonidan egallab olindi, Pokrovskka shturm kuchaydi. Putin ham Rossiya butun front bo‘ylab hujum qilayotganini tasdiqladi. Endi ruslar Ukrainani to‘liq egallash fikridan qaytgan ko‘rinadi, ular asosan Donbassni egallashga zo‘r bermoqda. Ruslar Pokrovskni olsa, Kramatorsk va Slavyanskka chiqishi mumkin. Bu esa Putinga «Donbass to‘liq egallangani haqida» e’lon qilish imkonini beradi.

Ruslar Sumi yo‘nalishida ham hujum qilayotgani Ukrainani bu yo‘nalishda ko‘proq bo‘linmalarni ushlab turishga majbur qilmoqda. Xullas, ruslarning frontda ishi yurishmoqda. Ular oz-ozdan bo‘lsa ham Ukraina yerlarini egallayapti.

Uitkoff G‘azoga bordi

Haftaning eng katta maynavozchiligi Amerika va Isroil tomonidan uyushtirildi. Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maqsus vakili, milliarder Stiven Uitkoff hafta davomida Isroil bosqinchi armiyasi kulini ko‘kka sovurgan Falastinning G‘azo sektoriga bordi. Isroil tomoni uning tashrifi sabab humanitar yordam tarqatiladigan joylar yaqinidan tanklar, artilleriya qurollarini olib chiqib ketdi.

Isroil armiyasi yordam mahsulotlari olishga borgan falastinliklarga qarata o‘q uzgani, oqibatda minglab odamlar o‘ldirilgani ko‘p manbalar tomonidan yozildi. Isroil BMTning yordam punktlarini kuch bilan yoptirib, o‘rniga o‘zi Amerika bilan birga yordam tarqatadigan fond ochdi. Bu yerlarni «o‘lim tuzog‘i» deb ham atashadi. Chunki ovqat olgani borganlar u yerdan tirik qaytishi aniq emas. Betsalel Smotrich kabi Isroil millatchi vazirlari «barcha g‘azoliklar ochdan o‘lsa ham hech nima qilmaydi», deb ochiq gapirgani bu tuzoq chindan atayin tashkil qilinganiga ishora.

Lekin Stiven Uitkoffni G‘azoga olib borgan isroilliklar unga «bo‘lgada hammasi joyida ekani, atrof gullab-yashnayotganini» ko‘rsatib kelishdi. Uitkoff ham bunga ishonib, mamnun holda Amerikaga qaytdi.

Janoblar, siz bugun bir millatning millionlab vakillarini raqamlar o‘rnida ko‘rib, ularning ustidan kulib, xo‘rlayapsiz. Bu ishingiz uchun, albatta, javob berasiz, kim bo‘lsangiz ham, qaysi prezidentning vakili bo‘lsangiz ham. O‘tgan asr o‘rtalarida bir millatning millionlab vakillarini qirish orqali insoniyatga urush ochgan bir nemis gazanda bor edi. U ham odamlarni o‘ldirayotgan, oilalarni buzayotgan vaqtida hech kim menga qarshilik qilolmaydi, deb o‘ylardi. Lekin oxirida itday xor bo‘lib o‘ldi... Tarix hech qachon millatlarni qirganlardan qasosini olmay qo‘ymaydi.

Kiyevdagi uyga zarba

Haftaning eng dahshatli voqealaridan biri Rossiyaning Kiyevdagi ko‘p qavatli uyga zarbasi bo‘ldi. Rossiya 1 avgustga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab 309 ta dron va sakkizta «Isnakder-M» qanotli raketalari uchirdi. Ulardan biri Kiyevdagi ko‘p qavatli binoga tushdi. Bu vaqtda uydagilar shirin uyquda edi. Ruslar zarbasidan keyin uydagi podezdlardan biri qulab tushdi. Kamida 31 kishi halok bo‘ldi, ulardan besh nafari bolalar.

Rossiya mudofaa vazirligi doimgiday «biz faqat harbiy obektlarni nishonga olamiz», deb bayonot berdi. Lekin onasi ertaga bog‘chaga borish kerak deb vaqtliroq uxlatgan, uyqusidan qaytib uyg‘onmagan bolalarning hech biri harbiy emasdi. 1 avgust Ukrainada motam kuni deb e’lon qilindi.

Men yana boshqa xabarlarni ham kiritmoqchi edim, lekin shu yerda tugatmoqchiman. Azizlar, men bu gapni sizga juda ko‘p aytganman, hozir yana eslatmoqchiman: hech qaysi urushni qo‘llamang, hech bir tomonning urush boshlash haqida iddaolarini asosli demang, doim esingizda bo‘lsin, urushda bolalar o‘ladi. Dunyoda bolalar o‘limidan dahshatli hech narsa yo‘q. Bolalar o‘limi evaziga qo‘lga kiritishga arziydigan hech qanday siyosiy maqsad ham, hech qanday ilohiy da’vo ham yo‘q. Urushlarni qoralang, urush tarafdorlariga begunoh odamlar o‘lib ketayotganini eslating.

Omon bo‘ling, azizlar. Barchangizga salomatlik, oilangizga totuvlik tilayman. Dunyodagi barcha bolalar omon bo‘lsin, hamma bolalar ertalab uyg‘onib bog‘chasiga borsin, hech kimning bolasi o‘lmasin, hech kimning boshiga bomba tushmasin. Keyingi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid