Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskvaga boradigan AQSh maxsus vakili, Yaman qirg‘oqlarida fojia va Rossiya-Xitoy harbiy mashqlari - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp: Maxsus elchi Uitkoff 6 yoki 7 avgust kuni Rossiyaga tashrif buyuradi
AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiven Uitkoff 6 yoki 7 avgust kuni Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Rossiyaga tashrif buyuradi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp 3 avgust, yakshanba kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoff hozirda bor e’tiborini G‘azo sektoriga qaratgan. «U, ehtimol, kelasi hafta, chorshanba yoki payshanba kuni Rossiyaga ketadi. Ular uni ko‘rishni istadi, uchrashuvga taklif qildi. Demak, nima bo‘lishini ko‘ramiz», — dedi Tramp.
Agar Rossiya Ukrainada tinchlik o‘rnatishdan bosh torsa nima bo‘ladi, degan savolga Tramp shunday javob berdi: «Demak, sanksiyalar bo‘ladi. Lekin ular sanksiyalarni aylanib o‘tishga juda usta. Shunday qilib, nima bo‘lishini ko‘ramiz».
AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalardan qochish uchun Moskva «odamlar o‘limini to‘xtatish maqsadida bitim tuzishi» kerak. «Biz ko‘plab mamlakatlarning urush olib borishini to‘xtatdik», dedi Tramp Hindiston va Pokiston, Kambodja va Tailand, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruandani misol sifatida keltirib. «Biz bu urushni ham to‘xtatamiz va kimdir buni qilishi kerak», dedi respublikachi.
Isroilning G‘azodagi tajovuzi qurbonlari soni 60 mingdan oshdi
Isroilning G‘azo sektorida 2023 yil 7 oktyabrdan beri davom etayotgan tajovuzi qurbonlari soni 60 839 nafarga yetdi. Bu haqda G‘azo sektoridagi Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida ma’lum qilindi.
Bayonotga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida eksklavning 119 nafar aholisi halok bo‘lgan, yana 866 nafari jarohatlangan.
Isroilning 2023 yil 7 oktyabrdan beri uyushtirgan hujumlari natijasida jami 149 588 kishi jarohatlandi.
18 mart kuni Isroil armiyasi 19 yanvarda HAMAS bilan kelishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzdi va G‘azo sektoriga yana ommaviy hujumlarni boshladi. O‘shandan beri hujumlar natijasida 9350 kishi halok bo‘ldi, yana 37 547 kishi yaralandi.
27 maydan buyon 1487 falastinlik AQSh va Isroil tomonidan boshqariladigan «G‘azo gumanitar yordam jamg‘armasi» tashkil etgan yordam tarqatish punktlariga uyushtirilgan hujumlar natijasida halok bo‘ldi, 10 578 nafari yaralandi.
Minglab halok bo‘lganlarning jasadi eksklavdagi vayron bo‘lgan binolar ostida qolmoqda.
Rossiya va Xitoy harbiy mashqlari: Yapon dengizida manyovrlar boshlandi
Rossiya harbiy-dengiz floti va Xitoy harbiy-dengiz kuchlarining kemalari 3 avgust, yakshanba kuni Rossiya-Xitoy qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarining «amaliy qismini» o‘tkazish uchun Yapon dengiziga jo‘nab ketdi, deya xabar bermoqda TASS davlat agentligi Rossiya Tinch okean floti matbuot xizmatiga tayanib.
«Birlashgan otryad tarkibiga suvosti kemalariga qarshi yirik «Admiral Tributs» kemasi va «Gromkiy» korveti, shuningdek, «Shaosin» va «Urumchi» esminetslari kiradi», — deyiladi xabarda.
Yapon dengizidagi harbiy mashg‘ulotlarning dengiz qismi 5 avgustgacha davom etadi. Taxminlarga ko‘ra, dengizchilar dengiz aviatsiyasi ko‘magida "dengizda qidiruv-qutqaruv ishlarida qo‘shma harakatlarni takomillashtiradi, shuningdek, suvosti kemalariga qarshi va havo mudofaasi vazifalarini mashq qiladi, Tinch okeani flotining harbiy-dengiz poligonlaridan birida birgalikda artilleriyadan o‘t ochish mashqini o‘tkazadi", deb yozadi Rossiya davlat agentligi.
Ikki kun avval Vladivostokda Rossiya-Xitoy qo‘shma «Dengiz harakati – 2025» o‘quv mashg‘ulotlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Tinch okean floti matbuot xizmati. Ularda ishtirok etish uchun Xitoy harbiy kemalari Rossiyaning Uzoq Sharq portiga bir kun oldin keldi.
«Shaosin» va «Urumchi» esminetslaridan tashqari, ro‘yxatga «Tsyandaoxu» kompleks ta’minot kemasi, «Sixu» suvosti qutqaruv kemasi va dizel-elektr suvosti kemasi ham kiritilgan. Rossiya harbiy-dengiz flotidan mashqlarda «Admiral Tributs» katta suvosti kemasiga qarshi kema, «Gromkiy» korveti, «Igor Belousov» qutqaruv kemasi va «Volxov» suvosti kemasi ishtirok etmoqda.
Zelenskiy Ukraina havo kuchlari qo‘mondonini tayinladi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy general-leytenant Anatoliy Krivonojkoni Ukraina havo kuchlari qo‘mondoni etib tayinladi.
Bu haqda davlat rahbari o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
«Men general-leytenant Anatoliy Krivonojkoni Ukraina havo kuchlari qo‘mondoni etib tayinladim. Va eng muhimi, kelajakda Ukraina jangovar aviatsiyasi va havo mudofaasi kuchlari har tomonlama va samarali hamkorlikda rivojlanadi: Ukraina Qurolli kuchlari, Bosh shtab, Mudofaa vazirligi, hamkorlarimiz jamoalari va Ukrainaga kuch hamda g‘alaba tilagan professional ekspertlar», — deb yozgan Ukraina rahbari.
2024 yil 30 avgustda Zelenskiy 2021 yil avgustidan buyon ushbu lavozimda ishlab kelgan Ukraina havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchukni lavozimidan ozod qildi.
Yaman qirg‘oqlarida kamida 68 nafar afrikalik muhojir halok bo‘ldi
Efiopiyadan kelgan kamida 68 muhojir Yaman qirg‘oqlarida, Adan ko‘rfazida qayig‘i ag‘darilib ketishi oqibatida cho‘kib ketdi. Bu haqda Amerikaning Associated Press agentligiga 3 avgust, yakshanba kuni Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) xabar berdi.
Fojia Yamanning Abyan viloyati qirg‘oqlarida sodir bo‘ldi. XMTning Yamandagi vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, qayiqda 154 nafar muhojir bo‘lgan. Ulardan 68 nafarining jasadi qirg‘oqqa chiqib ketgan. Yana 74 nafari bedarak yo‘qolgan. 12 kishi qutqarildi.
Afrikalik muhojirlar Saudiya Arabistoni va boshqa Fors ko‘rfazi davlatlariga u yerdan ish topish uchun Jibuti va Eritreyadan dengiz orqali Yamanga borishga harakat qilmoqda.
XMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda bunday safarni 60 mingdan ortiq kishi amalga oshirgan. 2024 yil iyun oyida dengizdagi qayiq halokatida 49 nafar muhojir halok bo‘lgan, 140 nafari bedarak yo‘qolgan.
Mavzuga oid
14:40 / 12.06.2026
Trampning «ajoyib kelishuvi» va Meksikada boshlangan futbol bayrami – kun dayjesti
16:14 / 11.06.2026
Yaqin Sharqda urush harakatlari tiklanyapti, Pokiston yana qo‘shnisini bombaladi – kun dayjesti
14:23 / 10.06.2026
Ho‘rmuzda urib tushirilgan «Apache» va Dog‘istonda katta portlash – kun dayjesti
15:29 / 09.06.2026