Jahon | 20:12 / 08.08.2025
5098
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Ramzon Qodirov oilasi 150 ga yaqin orden oldi

Eng ko‘p orden Qodirovning o‘zida - 31 ta. Checheniston rahbari o‘rtacha 40 kunda bir marta mukofotlanmoqda.

Foto: Getty images

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov va uning 29 nafar yaqin qarindoshi Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri 146 ta turli orden va medalni oldi, deb yozdi «Verstka».

Eng ko‘p mukofot Qodirovning o‘zida - 41 oydan sal ko‘proq vaqt ichida unga 31 ta orden va medal berilgan. Checheniston rahbari o‘rtacha 40 kunda bir marta mukofotlanmoqda.

Ordenlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Checheniston rahbarining o‘g‘li Adam, u otasining ehtimoliy vorisi hisoblanadi. Unga 16 ta medal va nishon topshirildi. Ularning yarmini Qodirovning o‘g‘li ikki oy ichida - 2023 yil oktyabr-noyabr oylarida, Grozniy tergov izolyatorida mahbus Nikita Juravelni kaltaklaganidan keyin olgan.

Uchinchi o‘rinda Checheniston rahbarining qizi Ayshat Qodirova. 2022 yil fevral oyidan beri u 10 ta medalni olgan.

Qodirovlar oilasi mukofotlarining katta qismini - 82 tasini Chechenistonning davlat va asosan ichki mukofotlari tashkil etadi. Qodirov va uning yaqinlari turli idoralar va vazirliklardan 30 ta medal va nishon olgan, ularning aksariyati kuch ishlatuvchi vazirliklardir (Rosgvardiya, IIV va FSIN).

Qodirovlar tashkilot va institutlardan 21 ta, Ukrainaning anneksiya qilingan hududlarining (DXR, LXR, Xerson va Zaporojiye viloyatlari) Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyatidan 11 ta, Liviya va qisman tan olingan Janubiy Osetiya rasmiylaridan bittadan mukofot olgan.

Checheniston rahbari va uning oila a’zolarining mukofotlangani haqidagi xabarlar muntazam ravishda paydo bo‘ladi. Adam Qodirovning mukofotlangani haqidagi uzluksiz xabarlar hatto mem va hazillar mavzusiga ham aylangan.

Jurnalistlarning yozishicha, Ramzon Qodirovning oilasini mukofotlash haqida Checheniston amaldorlari iltimos qiladi. Masalan, «Verstka» nashri 2023 yil oktyabr oyida, Nikita Juravel kaltaklangani aks etgan video e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Qodirov ma’muriyati vakillari Qabarda-Bolqoriya va Adigeya hukumatidan Adam Qodirovga orden topshirishni so‘ragani haqida xabar bergan edi. Ammo ular rad etdi, biroq, bir oydan so‘ng Adam Qodirov baribir Qabarda-Bolqoriya oliy mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid