Jahon | 13:45 / 12.08.2025
2767
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Alyaskadagi sammit oldidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi bayonot qabul qildi

Yevropa Ittifoqining Vengriyadan tashqari barcha davlatlari Putin va Tramp o‘rtasidagi muzokaralar oldidan Ukrainani qo‘llab-quvvatladi. Faqat Vengriya bosh vaziri deklaratsiyani imzolamadi.

Foto: REUTERS/Yves Herman

Ukraina xalqi o‘z kelajagini asosli ravishda belgilash huquqiga ega bo‘lishi kerak va mojaroning diplomatik yechimi Ukraina va Yevropa manfaatlarini himoya qilishi kerak, deyiladi Yevropa Ittifoqining 26 ta davlati bayonotida. Faqat Vengriya bayonotga qo‘shilishdan bosh tortdi va buni YeI vakillari Alyaskadagi sammitga chaqirilmagani bilan izohladi.

Yevropa davlatlari Trampning Rossiya-Ukraina mojarosini to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishladi, biroq «xalqaro chegaralarni kuch bilan o‘zgartirib bo‘lmasligini» ta’kidladi.

«Ukrainada tinchlikka erishish yo‘lini Ukraina ishtirokisiz hal qilib bo‘lmaydi. Konstruktiv muzokaralar faqat o‘t ochishni to‘xtatish yoki jangovar harakatlarni qisqartirish sharoitida olib borilishi mumkin», deyiladi hujjatda.

Yevropa Ittifoqi rahbarlarining ta’kidlashicha, «Yevropa Ittifoqi AQSh va boshqa yaqin hamkorlar bilan muvofiqlashtirilgan holda Ukrainani siyosiy, moliyaviy, iqtisodiy, gumanitar, harbiy va diplomatik qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», shuningdek, «Rossiya Federatsiyasiga qarshi cheklov choralarini qo‘llab-quvvatlash va joriy etishda davom etadi».

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi va a’zo davlatlar Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlariga qo‘shimcha hissa qo‘shishga tayyor.

«Yevropa Ittifoqi Ukrainaning o‘z taqdirini o‘zi tanlash huquqini ta’kidlaydi va Ukrainani Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», deyiladi bayonotda.

Hujjat oxirida «Vengriya bu bayonotga qo‘shilmagani» qayd etilgan.

15 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Alyaskada uchrashishi kutilmoqda.

Tramp bo‘lajak muzokaralarni «sinov» deb atadi, ularning maqsadi Ukrainadagi mojaroni tugatish, hal qilishning yakuniy bosqichi esa Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvdir.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid