Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyani maqtagan Tramp, norozi Zelenskiy va G‘azoda davom etayotgan qirg‘in – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Uchrashuv Ankorijda bo‘ladi
Oq uy AQSh va Rossiya prezidentlarining uchrashuvi juma kuni Alyaskadagi Ankorij shahrida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
«Prezident Tramp juma kuni ertalab butun mamlakatni oshib o‘tib, Alyaskaning Ankorij shahriga boradi va u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi», - dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt brifingda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda muhokama qilinadigan mavzularni ishlab chiqish hali ham davom etmoqda va Tramp uchun bo‘lajak uchrashuv birinchi navbatda Putinning pozitsiyasini tinglash imkoniyati hisoblanadi.
U Amerika yetakchisi Ukrainadagi «harbiy harakatlarga chek qo‘yishga qat’iy ahd qilgani»ni ta’kidlagan.
Livitt Tramp kelgusida Rossiyaga tashrif buyurishi mumkinligini istisno etmagan.
Ankorij Alyaskaning janubiy qismida joylashgan bo‘lib, shtatning eng yirik shahri hisoblanadi.
Tramp mazkur uchrashuv oldidan, 13 avgust kuni Germaniya, Finlandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha rahbarlari, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, NATO bosh kotibi Mark Ryutte hamda Yevropa ittifoqi rahbariyati bilan virtual muloqot o‘tkazishni rejalashtirgan.
Zelenskiy Ankorijga bormaydi
Donald Tramp oldinroq Oq uydagi matbuot anjumani vaqtida Ukraina prezidenti Alyaskadagi uchrashuvga kelmasligini ma’lum qilgandi.
Tramp Putin bilan bo‘lajak uchrashuvning asosiy vazifasi Ukrainadagi mojaroni to‘xtatishdan iborat ekanini ta’kidladi. U Alyaskadagi uchrashuv davomli uchrashuvlardan birinchisi bo‘lishi, unda kelishuv tuzish imkoniyati aniqlab olinishini bildirgan. Bundan tashqari, Amerika yetakchisi Putin va Zelenskiy o‘rtasida ham uchrashuv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqchi.
«Uning kelishuvga tayyor yoki tayyor emasligini bilib olish uchun menga ikki daqiqa yetarli bo‘ladi. Keyin men darhol Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilaman. Alyaskada u bo‘lmaydi: u allaqachon ko‘p uchrashuvlarda bo‘ldi va bu hech qanday natija bermadi.
Putin faqat men bilan gaplashishga tayyor. Men uning ko‘nglidagini bilib olaman va agar bu to‘g‘ri kelishuv bo‘ladigan bo‘lsa, uning shartlarini yevropaliklar va ukrainlarga yetkazaman. Keyin esa Zelenskiy va Putin uchrashadi, men bilan yoki mening ishtirokimsiz. Katta ehtimol bilan, bizni hududiy almashuv kutmoqda», degandi AQSh prezidenti.
U Rossiyani urushda yengib bo‘lmasligini aytib, uni o‘z vaqtida Napoleon va Hitler ustidan g‘alaba qozongan davlat sifatida maqtagan.
Shuningdek, uning fikricha, 2022 yil fevralida Rossiya tanklari agar shosse bo‘ylab harakatlanganida, Kiyevga to‘rt soatda yetib borgan bo‘lardi, ammo «generallar»dan birining dalalar bo‘ylab harakatlanish to‘g‘risidagi «dohiyona» qarori tufayli mashinalar loyga botib qolgan.
Holbuki, Rossiya tanklari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlarida Kiyevga bir necha yo‘nalishda shosselar orqali harakatlangan, ammo shahar atrofida ukrain harbiylari qarshiligiga uchrab, katta yo‘qotishlarga uchragan, yakunda ortga chekinishga majbur bo‘lgandi.
Zelenskiy norozi
Volodimir Zelenskiy «Yoshlar shu yerda» forumida qilgan chiqishida Ukraina Alyaskada bo‘lib o‘tadigan AQSh-Rossiya sammiti qarorlarini tan olmasligini ma’lum qildi.
«Ukrainani Ukrainasiz muhokama qilish mumkin emas va buni hech kim qabul qilmaydi. Shu bois ularning uchrashuvi ikki tomon uchun muhim bo‘lishi mumkin, lekin bizning ishtirokimizsiz ular Ukraina borasida hech qanday qaror qabul qila olishmaydi. AQSh prezidenti buni tushunadi va hisobga oladi deb umid qilaman», - dedi u.
Keyinroq u The Wall Street Journal nashrining Moskva Kiyevga o‘t ochishni to‘xtatish evaziga Donbassdan voz kechishni taklif qilgani haqidagi xabariga munosabat bildirib, Ukraina Donbassni topshirmasligini ma’lum qildi.
«Biz Donbassdan chiqmaymiz. Biz bunday qilolmaymiz. Agar Donbassdan o‘z xohishimiz bilan chiqsak yoki bizga bosim o‘tkaziladigan bo‘lsa, uchinchi urushni ochamiz», - dedi u.
Zelenskiy Telegraph nashrida Ukraina Rossiyaga o‘z hududlarini berishga tayyorligi haqida chiqqan maqolaga ham raddiya berdi.
«Telegraph hududlarni almashishga tayyor ekanimni yozdi. Men ular bilan gaplashmaganman. Ammo men axborot maydoni qanday tayyorlanishini tushunish uchun yetarlicha tajribali odamman. «Ukraina ayirboshlashga tayyormi?» deb xabar tarqatiladi... Keyin u yoki bu odamlar, fuqarolik jamiyati, blogerlar, jurnalistlar, aholining reaksiyasini kuzatishadi.
Hududlar almashinuvi bu – Ukraina uchun, suveren davlatimiz va xalqimiz uchun xavfsizlik kafolatlaridan ajratib bo‘lmaydigan juda murakkab masala», - degan u.
Ukraina prezidenti mamlakat konstitutsiyasi hududlarni bo‘lishni taqiqlashini ta’kidlab kelmoqda.
Donbass qo‘ldan ketmoqda
Bu vaqtda esa rus qo‘shini Donetsk oblasti bo‘ylab ilgarilashda davom etmoqda.
Qator manbalar so‘nggi kunlarda Rossiya armiyasi Pokrovsk shahri yaqinidagi mudofaa chizig‘ini kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lgani haqida yozmoqda. Xususan, Ukraina mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan manba RF qurolli kuchlari Pokrovsk shimolida sakkiz-o‘n kilometrga ilgarilab, shaharni qurshov holatiga tushirishga yaqin ekanini xabar qilgan.
The Financial Times nashri qayd etishicha, Rossiyaning bu hujumi Dobropoleni Kramatorsk bilan bog‘laydigan muhim yo‘lni uzib qo‘yishi mumkin. Nashr buni Rossiyaning yil davomidagi eng sezilarli muvaffaqiyatlaridan biri deb atadi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Dobropole va Pokrovsk yo‘nalishlaridagi vaziyatni og‘ir deb baholadi. Dushman bu yo‘nalishda 110 minglik qo‘shin bilan harakatlanayotgani ma’lum qilingan. Shu bilan birga, Ukraina armiyasi bu yo‘nalishga qo‘shimcha kuch va vositalarni tashlagani, «dushman guruhlari joylashuvi aniqlanib, dastlabki yutuqlarga erishilgani» qayd etilgan.
G‘azodagi vaziyat
Shimoliy Koreya Isroilning G‘azo sektorining butun hududini bosib olish rejasini qoralaydi va Isroil kuchlarining u yerdan chiqib ketishini talab qiladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
«Isroil hukumatining G‘azo sektorini to‘liq bosib olish to‘g‘risidagi qarori xalqaro huquqni ochiqdan ochiq buzadi va xalqaro miqyosda tan olingan Falastin hududini egallashga intilishda namoyon bo‘layotgan (Isroilning) bosqinchilik mohiyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi», deyiladi bayonotda.
Pxenyan «G‘azo sektorining hududiy mansubligini va uning aholisi tarkibini bir tomonlama o‘zgartirishga urinishlar»ga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan hamda falastinliklarga qarshi hujumlarni darhol to‘xtatishni talab qilgan.
Avgust oyi boshida Binyamin Netanyahu G‘azo sektorini to‘liq bosib olishga qaror qildi. Hozirda Isroil armiyasi hududning taxminan 75 foizini nazorat qilmoqda. Yangi reja doirasida Isroil qurolli kuchlari qolgan barcha hududlarni o‘z nazoratiga oladi.
Shundan keyin G‘azoni bombardimon qilish kuchaytirildi. So‘nggi bir kun ichida kamida 89 falastinlik, jumladan, oziq-ovqat uchun navbatda turgan 15 kishi o‘ldirilgan.
Bundan tashqari, ochlikdan vafot etayotganlar soni ortib bormoqda. Bir kunda 5 kishi, jumladan, ikki bola ochlikdan vafot etgan. 2023 yilning 7 oktyabridan beri ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida halok bo‘lganlar soni 227 kishiga yetdi, ularning 103 nafari yosh bolalardir.
Mavzuga oid
15:07 / 06.12.2025
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025