Jahon | 12:29 / 17.08.2025
13227
9 daqiqa o‘qiladi

Lavozim olgan prezident qizi, Starlink Qozog‘istonda va ko‘pxotinlilikka «yo‘q» degan Japarov – MO hafta ichida

Tojikiston prezidenti kenja qizini ham katta lavozimga tayinladi. Turkmaniston paxta dalalarida ish boshlandi, yana sarson o‘qituvchi-yu davlat xodimlari. Qozog‘iston Starlink internetiga ulandi. Qirg‘iziston prezidenti tanqid qila-qila ko‘pxotinlilikka yo‘q dedi. Afg‘onistondagi BMT xodimalari o‘lim tahdidi bilan yuzlashmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tojikistonda prezident qizi vazirlikda lavozimli bo‘ldi

Tojikistonda prezident navbatdagi qizini hukumatga yaqinlashtirishni boshladi. Matbuotda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Imomali Rahmonning kenja qizi Farzona Imomali Sog‘liqni saqlash vazirligining islohotlar, birlamchi tibbiy yordam va xalqaro aloqalar boshqarmasiga rahbar bo‘lgan.

Farzona 27 yoshda bo‘lib, Tojikiston tibbiyot universitetining davolash fakultetini tugatgan, pediatriya bo‘yicha ordinaturani o‘tagan. 2023 yilda esa prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini bitirgan. U endi rahbarlik qilayotgan departamentda 2021 yildan beri mutaxassis bo‘lib ishlagan.

Farzona Imomali Tojikiston Xalq demokratik partiyasining a’zosi. U farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgani haqida xabarlar bor. Ba’zi xorijiy nashrlarga ko‘ra, 2022 yilda u o‘sha paytdagi bosh prokuror Yusuf Rahmonning o‘g‘li Safarxon Rahmonga turmushga chiqqan. 2025 yilda Safarxon Rahmon lavozimidan ozod etilgan edi.

Prezidentning o‘g‘li – hokimiyatning keyingi egasi sifatida ko‘riladi. Rustam Imomali strategik hudud – poytaxt Dushanbening meri hisoblanadi. Bundan tashqari, Imomali Rahmonning qizlari ham prezident administratsiyasidan tortib xorijdagi elchixonalargacha jiddiy lavozimlarda ishlab kelishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Turkmanistonda prezidentning o‘g‘li prezidentlikka saylangan. 2024 yil oxirida Gurbanguli Berdimuhamedovning to‘ng‘ich qizi O‘g‘uljahon Atabayeva otasi nomidagi xayriya fondining davolash ishlari bo‘yicha vitse-prezidenti bo‘lgandi. Qozog‘istonda esa birinchi prezident Nazarboyevning oilasi hokimiyatni qo‘lga olib, uning qizi Senat raisi lavozimida ham ishlagan.

Starlink interneti Qozog‘istonda

13 avgust kuni Starlink Qozog‘istonda sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini rasman ishga tushirdi. Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi xabariga ko‘ra, bu mamlakat aholisiga SpaceXʼning past orbitali sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi va barqaror internetga ulanish imkonini beradi. SpaceX bosh direktori Ilon Mask ham Starlink endi Qozog‘istonda ham mavjud ekanini tasdiqladi.

«Biz bir yil davomida Starlink va davlat idoralari hamda nazorat qiluvchi organlarning pozitsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bordik. Bugun Starlink Qozog‘istonni o‘zining rasmiy mavjudlik xaritasiga qo‘shdi», deb yozdi Raqamli rivojlanish vazirligi rahbari Jaslan Madiyev X ijtimoiy tarmog‘ida.

Iyun oyida Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi xizmat ko‘rsatishda mamlakat qonunchiligiga rioya qilish bo‘yicha Starlink bilan shartnoma imzolagandi.

Kompaniya saytidagi narxlarga ko‘ra, Starlink foydalanuvchi terminali 104 ming tengedan 201 ming tengegacha turadi. Cheksiz uy tariflarining narxi oyiga 23 ming tengedan 31 ming tengegachani tashkil etadi.

Starlink Qirg‘izistonda 2025 yil oxirigacha, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda esa 2026 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.

Japarov ko‘pxotinlilikka «yo‘q» dedi

Qirg‘izistonda prezident ko‘p xotinlilikka ruxsat bermadi. Sadir Japarov Jogorku Keneshga ikki va ko‘pxotinlilik uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilish to‘g‘risidagi qonunni e’tirozlar bilan qaytardi. 

Prezidentning e’tirozlari ombudsman, Bosh prokuratura, prezident huzuridagi Din ishlari va millatlararo munosabatlar milliy agentligi, Milliy fanlar akademiyasi, Adliya vazirligi va Konstitutsiyaviy sud apparati xulosalari asosida tayyorlangan.

“Ikki yoki ko‘pxotinlilik uchun jinoiy javobgarlikning saqlanib qolishi Qirg‘izistonning xalqaro majburiyatlariga mos keladi. Bu davlatning gender tengligi va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqligini namoyish etadi, ayollar va bolalarni huquqiy va ijtimoiy tengsizlikdan himoya qiladi, shuningdek, oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi”, deyiladi davlat rahbarining e’tirozida.

Hozirda Qirg‘iziston Jinoyat kodeksi 176-moddasiga ko‘ra, ikki yoki ko‘pxotinlilik, ya’ni erkakning ikki yoki undan ortiq ayol bilan umumiy xo‘jalik yuritib birga yashashi yuz soatdan uch yuz soatgacha jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 500 (50 ming so‘m)dan 1000 (100 ming so‘m) hisob ko‘rsatkichigacha miqdorda jarima bilan jazolanadi.

Bundan avval Sadir Japarov “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi. Hujjatda tahririyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ish qoidalari va huquqiy maqomi, shuningdek, jurnalistlar uchun javobgarlik va kafolatlar belgilangan.

Iyul oyida Qirg‘iziston prezidenti mamlakat jinoyat kodeksiga SIM kartalar va moliyaviy ma’lumotlarni begonalarga berishga jazo belgilaydigan o‘zgartirishlarni tasdiqlagandi. Qonunning maqsadi shaxsning o‘z bank kartasi, hisobraqami, elektron hamyoni, mobil banking, SIM-kartasi yoki boshqa moliyaviy ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga berishi yoki sotishining oldini olishdan iborat.

BMT xodimlariga o‘lim tahdidi

Afg‘onistonda ishlayotgan BMTning o‘nlab afg‘on xodimalariga o‘lim bilan tahdid qilishdi. Bu haqda tashkilot hisobotiga tayanib, Al Jazeera xabar berdi.

«Tolibon» 2021 yilda hokimiyatga qaytgach, ayollarning ish huquqlarini keskin chekladi. Oxirgi marta xodimalar may oyida ochiq tahdidga uchradi. «Tolibon» bu tahdidlarga javobgar emasligini bildirdi va Ichki ishlar vazirligi tergov olib borayotganini ta’kidladi. Vazirlik matbuot kotibi Abdul Matin Qani esa hech qanday tahdid bo‘lmaganini aytdi.

Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ularga hech qanday sohada tahdid yo‘q, hech kim ularga tahdid qila olmaydi va ularning xavfsizligiga xavf tug‘dira olmaydi, degan u Associated Press axborot agentligiga bergan intervyusida.

Hisobotda qayd etilishicha, tahdidlar BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi (UNAMA) hamda boshqa agentliklar, fondlar va dasturlar bilan hamkorlik qilgan noma’lum shaxslar tomonidan amalga oshirilgan. Bu holat BMTni xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun vaqtinchalik choralar ko‘rishga undadi.

«Tolibon» 2022 yil dekabrda afg‘on ayollariga mahalliy va xorijiy nodavlat tashkilotlarda ishlashni taqiqlagan edi. Oradan olti oy o‘tib, bu taqiq BMT xodimalariga ham tatbiq etildi. Keyinchalik, «Tolibon» ayollarni ishga qabul qilayotgan tashkilot va guruhlar faoliyatini cheklash bilan qo‘rqitdi. BMT hisoboti sohada faoliyat yuritayotgan afg‘on ayollariga o‘lim tahdidlari mavjudligini birinchi marta rasman tasdiqladi.  

Turkmanistonda yana majburiy mehnat

Turkmanistonda yana bir paxta terimi mavsumi boshlandi va bu yana majburiy mehnatsiz o‘tmaydi. Turkmen.news nashri o‘z manbalariga tayanib Lebap shahrida va Mary viloyatida avgust oyining birinchi kunlaridan boshlab davlat sektori xodimlaridan yollangan terimchilar dalada ish boshlanganini xabar qildi. Shifokorlar, o‘qituvchilar, Turkmanobod ipak ishlab chiqarish birlashmasi va trikotaj fabrikasi ishchilari paxta terimiga yollangan boshqa terimchilarning ham haqini undirishgan. Davlat muassasalari xodimlari yollanma ishchilarga o‘z cho‘ntaklaridan kuniga 30 manat (1,5 dollar) maosh berishga majbur.

3 avgustdan boshlab Mary viloyatidagi o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlariga ham xuddi shunday choralar e’lon qilindi.

Amaldorlar har yili bunday tovlamachilikni amalga oshiradi. Bundan tashqari, budjet sohasi xodimlari muntazam ravishda o‘zlari paxta terimiga olib chiqiladi. Ba’zan ularga «tanlov» beriladi: dalalarga borish yoki yollangan terimchiga pul to‘lash, deb yozadi ushbu nashr. Ayrimlar o‘z o‘rniga boshqa birovni paxta terimiga jo‘natadi.

2024 yilda Turkmaniston va Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorlikda yo‘l xaritasini ishlab chiqqandi. Bu esa respublikada paxta terimida majburiy mehnatga to‘liq barham berishga olib kelishi kerak edi.

Shu bilan birga Inson huquqlari bo‘yicha Turkman tashabbusi (TIHR), «Taraqqiyot» jamg‘armasi va Paxta kampaniyasi huquq faollari ta’kidlaganidek, davlat urug‘lik, texnika va o‘g‘itlar yetkazib beruvchi, shuningdek, paxta xomashyosining yagona xaridori bo‘lgan sharoitda ko‘plab chora-tadbirlar samarasizdir, deya yozadi Turkmen news.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid