Jahon | 16:35 / 21.08.2025
23441
25 daqiqa o‘qiladi

Bu safar hazillar va o‘zaro hurmat: o‘zbek tilida to‘liq versiya

AQSh prezidenti 15 avgust kuni Putin bilan Alyaskada ko‘rishgach, oradan 2 kun o‘tib, Zelenskiy Vashingtonga bordi. Ukraina prezidentiga Yevropaning 7 nomdor siyosatchilari hamrohlik qildi. Bu fevral oyidagi tortishuvli uchrashuvdan keyin AQSh va Ukraina prezidentlarining Oq uyda birinchi marta ko‘rishishi edi. Men 6 ta urush ko‘rganman, Ukraina urushini tugatish – eng osoni bo‘ladi deb o‘ylagandim, lekin bunday bo‘lib chiqmadi, deydi Tramp matbuotga yuzlanarkan.

Kun.uz Zelenskiy va Tramp uchrashuvini to‘liq o‘zbek tilida taqdim etadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Donald Tramp : Xo‘sh, katta rahmat. Ukraina prezidenti biz bilan bo‘lishi – sharaf. Biz ko‘plab yaxshi muzokaralar o‘tkazdik va menimcha, oldinga siljish bor. Ko‘p jihatdan juda, juda sezilarli o‘sish. Rossiya prezidenti bilan yaqinda o‘tkazilgan uchrashuv va siz bilan bugungi uchrashuvimiz juda muhim. Bizda Yevropadan kelgan yetti nafar juda nufuzli mehmon ham bor va ushbu uchrashuvdan so‘ng darhol biz ular bilan uchrashmoqchimiz. Kelganingiz uchun sizga katta rahmat.

Volodimir Zelenskiy: Katta rahmat, janob prezident. Ruxsat bersangiz, birinchi navbatda, taklifingiz uchun tashakkur bildiraman va qotilliklarni to‘xtatish hamda bu urushni to‘xtatish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringiz uchun katta rahmat aytmoqchiman. Rahmat. Fursatdan foydalanib, rafiqangiz, Amerika Qo‘shma Shtatlarining birinchi xonimiga katta rahmat aytaman. U bizning farzandlarimiz, o‘g‘irlangan bolalar haqida Putinga maktub yubordi. Mening rafiqam, Ukrainaning birinchi xonimi esa unga xat jo‘natdi. Bu sizga emas, rafiqangizga. <...> Hamkorlarimizga va ushbu formatni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz, uchrashuvimizdan so‘ng atrofimizda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Finlyandiya va hatto Osiyodan ham yetakchilar bilan o‘tirishimiz mumkin. Aytmoqchimanki, Ukraina atrofidagi barcha hamkorlar bizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularga rahmat, taklif uchun sizga ham katta rahmat.

Donald Tramp: Shu yerdaligingiz uchun sizga ham katta rahmat.

(Muxbirlarning savollari boshlanadi)

Muxbir: Rahmat, prezident Tramp. Demak, prezident Zelenskiy, siz bugun X ijtimoiy tarmog‘idagi postda shunday deyapsiz: «Rossiya o‘zi boshlagan bu urushga chek qo‘yishi kerak». Prezident Tramp, siz esa «agar Ukraina prezidenti Zelenskiy istasa, Rossiya bilan urushga deyarli darhol chek qo‘yishi mumkin» deyapsiz. Aslida esa unday emas.

Donald Tramp: Menimcha, bu gapim to‘g‘ri. Fil, biz uchrashamiz deb o‘ylayman. Agar bugun hammasi yaxshi kechsa, uch tomonlama uchrashuv bo‘ladi. Va o‘ylaymanki, o‘shanda urushni tugatish uchun haqiqiy imkoniyat yuzaga keladi.

Muxbir: Amerikaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi shu bilan tugaydimi? Bugungi uchrashuv bo‘ladimi yoki yo‘qmi?

Donald Tramp: Men buni hech qachon ayta olmayman. Bu hech qachon yo‘lning oxiri emas. Odamlar o‘ldirilmoqda va biz buni to‘xtatmoqchimiz. Shuning uchun men buni yo‘lning oxiri deb aytmagan bo‘lardim. Yo‘q, menimcha, bizda buni amalga oshirish uchun yaxshi imkoniyat bor. Ko‘plab odamlar o‘ldirilishi boshlanganiga deyarli to‘rt yil bo‘ldi. O‘tgan haftada ham ko‘plab odamlar o‘ldirildi. Aytmoqchimanki, millionlab odamlar halok bo‘lmoqda, qandaydir sabablarga ko‘ra, har ikki tomondan ko‘p sonli askarlar o‘lmoqda. Va men prezidentni bilaman, men o‘zimni bilaman va ishonamanki, Vladimir Putin ham bu tugashini xohlaydi.

Muxbir: Siz juma kuni Putin bilan uchrashdingiz. Bugun prezident Zelenskiy keldi. Hozir qaysi tomonda kartalar yaxshiroq?

Donald Tramp: Men bunday demoqchi emasman. Men shunchaki tinchlikka erishmoqchiman. Menga qarang, bu mening urushim emas. Bu Jo Baydenning urushi. U bu voqeaga ko‘p jihatdan aloqador bo‘lgan va biz bu tugashini xohlaymiz. Va hammasi barcha uchun yaxshilik bilan tugashini istaymiz. Ukraina xalqi qattiq jabr ko‘rdi.

Ukraina strategiyasi va yo‘qotishlar haqidagi savollar

Muxbir: Prezident Zelenskiy, siz yana bir necha yil davomida ukrain askarlarini o‘limga yuborishga tayyormisiz yoki xaritalar qaytadan chizilishiga rozi bo‘lasizmi?

Volodimir Zelenskiy: Savolingiz uchun rahmat. Demak, avvalo aytishim kerakki, biz har kuni hujum ostida yashayapmiz. Xabaringiz bor, bugun ham juda ko‘p hujumlar bo‘ldi va ko‘pchilik yaralandi. Shuning uchun, Rossiyani to‘xtatish uchun biz bu urushni yakunlashimiz kerak va bizga amerikalik hamda yevropalik hamkorlar ko‘magi zarur. Va biz buning uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. O‘ylaymanki, biz kuchli odamlar ekanimizni ko‘rsatyapmiz va biz Qo‘shma Shtatlar, shaxsan prezident Trampning bu urushni to‘xtatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladik, bu urushni tugatishning diplomatik yo‘liga ega bo‘lmoqchimiz va biz prezident aytganidek, uch tomonlama harakatlarga tayyormiz. Bu juda yaxshi signal. Rahmat.

Tinchlikparvar kuchlar va xavfsizlik kafolatlari muhokamasi

Muxbir: Janob prezident, agar tinchlik kelishuviga erishilsa, siz Amerika tinchlikparvarlarini Ukrainaga yuborishga tayyormisiz?

Donald Tramp: Nima desam ekan, biz Ukraina bilan ishlaymiz. Biz hamma bilan ishlaymiz va shunday qilamizki, agar tinchlik bo‘lsa, u uzoq vaqt saqlanib qoladi. Bu juda uzoq muddatli bo‘ladi. Gap ikki yillik tinchlik haqida ketayotgani yo‘q, aks holda biz yana shunday vaziyatga tushib qolamiz. Biz hammasi yaxshi bo‘lishi to‘g‘risida qayg‘uramiz. Rossiya bilan ham ishlaymiz. Ukraina bilan ishlaymiz va hammasi yaxshi bo‘lishi uchun harakat qilamiz. Va, o‘ylaymanki, agar tinchlikka erisha olsak, u amalga oshadi. Bunga hech qanday shubham yo‘q.

Muxbir: Janob prezident, siz hozir xavfsizlik kafolatlari haqida gapirdingiz. Amerika qo‘shini ham ishga solinadimi?

Donald Tramp: Ehtimol, bugun bu haqda sizga xabar berarmiz. Biz, shuningdek, buyuk davlatlarning yetti buyuk yetakchilari bilan uchrashamiz va bu haqda gaplashamiz. Ularning barchasi jalb etiladi. Lekin yordam ko‘p bo‘ladi. Xavfsizlik masalasiga kelsak, yordam ko‘p bo‘ladi. Ular mudofaaning birinchi chizig‘i, chunki ular o‘sha yerda. Bu Yevropa. Lekin biz ham ularga yordam beramiz. Biz ishtirok etamiz.

Urashning va oldingi mojarolarning asl sabablari

Muxbir: Siz bu urushning kelib chiqish sabablarini bartaraf etmasdan, urush tugamasligini aytyapsiz. Bu urush kelib chiqishi sabablari haqida tasavvurga egamisiz?

Donald Tramp: Xo‘sh, qarang, urush tugash arafasida. Qachon tugashini sizga aytolmayman. Ammo urush tugash arafasida va bu janob urush tugashini istaydi, Vladimir Putin ham urush tugashini istaydi. Menimcha, butun dunyo bundan charchagan va biz uni tugatmoqchimiz. Bilasizmi, men oltita urushga jalb etilganman. Men oltita urushni hal qilganman va bunisini tugatish eng osoni bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Lekin bu eng osoni bo‘lib chiqmadi. Bu juda qiyin. Buning sabablari ko‘p va ular bu haqda uzoq gapirishi mumkin. Qarang, Hindiston, Pokiston, biz katta joylar haqida gapiryapmiz. Ko‘rganingizda, bu urushlarning ba’zilariga shunchaki qaraysiz. Afrikaga borasiz, Ruanda va Kongoni, Kongo Respublikasiga qaraysiz. Mana 31 yildirki, shunday davom etmoqda. Shunday qilib, biz jami oltita urushni to‘xtatdik, Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilganimizni hisobga olmaganda. Bunisi ham hal bo‘ladi, deb o‘ylayman. Buni hal qilishimizga ishonchim komil.

Muxbir: Rahmat, janob prezident. Bizga Yevropa yetakchilari bilan suhbatlaringiz haqida aytib berolmaysizmi?

Donald Tramp: Xo‘sh, biz juda qudratli, juda katta mamlakatlar va buyuk insonlar, mening do‘stlarim bo‘lgan katta vakillar oilasi bilan uchrashmoqchimiz. Va biz ba’zi takliflarni kiritmoqchimiz. Ular tinchlikni ko‘rishni istaydi.

Hududiy yon berishlar va Birinchi xonimning maktubi haqida savol

Muxbir: Prezident Tramp, agar Ukraina hali Rossiya tomonidan bosib olinmagan hududlaridan voz kechadigan bo‘lsa, mustahkam tinchlikka erishiladi. Va bu Ukraina uchun adolatli tinchlik bo‘ladimi?

Donald Tramp: Bizda mustahkam tinchlik bo‘ladi. Shunchaki savolingizning birinchi qismiga javob berish uchun aytaman, bizda mustahkam tinchlik bo‘ladi. Umid qilamanki, bu darhol ro‘y beradi. Bu davom etmasligi kerak. Va o‘ylaymanki, butun dunyodagi odamlar bu e’lon qilinganida juda xursand bo‘lishadi.

Muxbir: Siz, janob prezident, ijtimoiy tarmoqlarda Birinchi xonimning juda ta’sirli maktubini joylashtirdingiz. Va xat prezident Putinga topshirildi. Va u mohiyatan bolalar va ularning kelajagi uchun urushni to‘xtatishga chaqiradi. Nima uchun birinchi xonim bu xatni zarur deb topdi? U janob Putinni urushda tajovuzkor deb hisoblagani uchunmi? Xuddi shunday xat prezident Zelenskiyga ham topshiriladimi?

Donald Tramp: Birinchi ledi juda kuchli. Men va siz ko‘rayotgan voqealarni u ham ko‘radi. Men siz ko‘ra olmaydigan narsalarni ko‘raman va bu dahshatli. U bolalarni juda yaxshi ko‘radi, uning ajoyib o‘g‘li bor, u o‘g‘lini hammadan, jumladan, mendan ham ko‘proq sevadi. Men buni aytgim kelmaydi, ammo u o‘g‘lini juda yaxshi ko‘radi. U bolalarni sevadi. Va u bo‘layotgan ishlarga toqat qila olmaydi. Bu barcha urushlarga taalluqli. Men siz ham televizor orqali ko‘rayotgan vayron bo‘lgan qalblar, farzandidan ayrilgan ota-onalar, dafn marosimlarini nazarda tutyapman. Har kuni dafn marosimlari. Biz buni ko‘rishni xohlamaymiz. Uning maktubi yaxshi qabul qilindi. U urush tugashini qattiq xohlaydi. Va u buni juda ochiq, mag‘rurlik va chuqur qayg‘u bilan aytadi, chunki juda ko‘p odamlar halok bo‘lmoqda.

Saylov haqida

Muxbir: Har ikkingizga savolim bor. Birinchi navbatda janob Zelenskiyga. Siz bu kostyumda ajoyib ko‘rinyapsiz.

Donald Tramp: Men ham xuddi shunday dedim. Ko‘rinishingiz yaxshi. Men ham shunday dedim. Bu o‘tgan safar sizga hujum qilgan odam.

Volodimir Zelenskiy: Men buni yaxshi eslayman.

Muxbir: Sizdan uzr so‘rayman, lekin siz hozir ajoyib ko‘rinishdasiz.

Volodimir Zelenskiy: Siz esa hamon o‘sha kostyumda ekansiz. Men o‘zgardim. Siz o‘zgarmabsiz.

Muxbir: Agar tez orada tinchlikka erishilsa, yurtingizda saylov o‘tkazishga tayyormisiz?

Volodimir Zelenskiy: Ha, albatta. Biz saylovlar uchun ochiqmiz, ha. Ammo biz xavfsizlik choralariga rioya etishimiz kerak. Biz parlamentda ish olib borishimiz lozim, chunki urush paytida saylov o‘tkazish mumkin emas. Lekin biz xavfsizlikni ta’minlay olamiz. Bizga hamma joyda — jang maydonida, havoda, dengizda sulh kerak, toki odamlar demokratik, ochiq, qonuniy saylovlarga kelish imkoniyatiga ega bo‘lsin.

Donald Tramp: Demak, siz aytyapsizki, urush vaqtida saylov o‘tkaza olmayapsiz. Aytmoqchisizki, agar biz ham 3,5 yil davomida kim bilandir urush holatida bo‘lsak, qaytib saylov o‘tkazmas ekanmiz-da? O, qanday yaxshi.

Volodimir Zelenskiy: Bu g‘oya sizga yoqdi-ya?

Tramp tinchlik uchun harakatlari OAVda yoritilmayotganidan nolidi

Muxbir: Bu haqda so‘rash men uchun ham bema’nilik bo‘lib tuyuladi, lekin siz Amerika mediasi haqiqatan ham tinchlik kelishuvini xohlamaydi deb o‘ylaysizmi? Chunki siz tinchlik uchun kurashayotganingizda, ular har qadamda sizga tanqidiy baho berayotgandek ko‘rinadi.

Donald Tramp: Bu ajoyib hodisa. Agar men kelishuvga Moskvani, Sankt-Peterburgni va uning atrofidagi ming mil hududni qo‘shdim desam ham ular meni yomon bitim tuzdi, degan bo‘lardi. Nafrat va dushmanlik darajasi aql bovar qilmaydigan darajada. Hamma bilan ham emas. Aytmoqchimanki, u yerda, yuqorida ajoyib odamlar bor. Yana o‘ylaymanki, u yerda nima yozishni aytib turadigan dahshatli odamlar ham bor. Ammo, bilasizmi, ular bu urushlarning barchasini hal qilishda haqida yozishmaydi.

Bilasiz, men katta urushlarning guvohi bo‘lganman. Men 31, 35 va 37 yil davom etgan urushlarni, shuningdek, ancha qisqaroq davom etgan urushlarni ko‘rganman. Bu muzokaralar tez orada keng ko‘lamli kelishuvga aylanishi kerak. Ammo ular bu haqda yozishmaydi. Balki bu ma’lum darajada sizning foydangizga xizmat qilar. Ammo men nima ish qilmayin, qanday kelishuv tuzmayin, menimcha, sizga yaxshi bo‘ladi. Balki prezident Putin ham yaxshi natija bilan chiqar. Ammo ular Tramp mutlaqo yomon ishladi deyishadi.

Men bunga anchadan beri ko‘nikib ketganman. Birinchi saylovimdan beri shunday. Ilgari men katta shuhrat qozongandim. Endi esa o‘z lavozimimda ishlagan har qanday odam uchun eng dahshatli mashhurlikka egaman. Odamlar oxir-oqibat faqat o‘zlari hisob-kitob qilishlarini tushunishini istardim. Juda yaxshi jurnalistlarim ham bor edi. Lekin to‘g‘ri ish qilganingda bunday bo‘lishi juda qayg‘uli.

Misol uchun, ular Vladimir Putinning Amerika zaminiga kelishi Donald Tramp uchun katta mag‘lubiyat bo‘lganini aytishdi. Yo‘q, uning kelishi haqiqatan ham ajoyib edi. To‘g‘risini aytganda, buni qilish unga qiyin bo‘ldi. Bu ular aytgan gapning tamoman teskarisi edi. Lekin ular shunday deyishdi. U kelmasa ham buni Tramp uchun yomon deyishadi. Bu prezidentga nisbatan insofsizlik. Menimcha, shuning uchun ham u ishonchni yo‘qotgan. Uning ishonchi juda past darajada.

Sulh va tinchlik muzokaralari muhokamasi

Muxbir: O‘tgan haftada siz agar Rossiya 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmaydigan bo‘lsa, jiddiy oqibatlar bo‘lishidan ogohlantirgandingiz. Jiddiy oqibatlar bo‘ladimi? Uchrashuv tufayli nimadir o‘zgardimi?

Donald Tramp: Bu yil men tuzgan oltita bitimga qarasangiz, hammasi urushda tuzilgan. Men hech qanday otashkesim tuzmadim va o‘t ochishni to‘xtatish yaxshi bo‘lishi mumkinligini bilaman, lekin men strategik jihatdan nima uchun u yoki bu davlat buni xohlamasligini ham tushuna olaman. O‘rtada sulh bor, ular esa kuch to‘playapti, to‘playapti va to‘playapti, ehtimol, ular shuning uchun buni xohlashmayotgandir. Ammo biz uzoq muddatli, davomli urushlarda tuzgan oltita bitimga qaraydigan bo‘lsak, men hech qanday otashkesimsiz ham hal qildim.

Men otashkesimni xohlaymanmi? Ha. Men o‘t ochishni to‘xtatish konsepsiyasini bir sababga ko‘ra yoqtiraman: bu holda odamlar o‘ldirishni bir-ikki hafta yoki qancha kerak bo‘lsa, shunchaga emas, darhol to‘xtatadi. Ammo biz ular urishayotgan paytda tinchlik kelishuviga erishishimiz mumkin. Ular urush qilishiga to‘g‘ri kelyapti. Istardimki, ular to‘xtasin. Men ular to‘xtashini xohlardim, ammo strategik jihatdan bu ikkala tomon uchun ham foydali bo‘lmasligi mumkin. Ammo men kelishuvlarning hammasini otashkesim to‘g‘risida og‘iz ochmasdan ham amalga oshirdim.

Muxbir: Ukrainaga NATO a’zoligisiz xavfsizlik kafolatlari taklif etilmoqda. Aynan qanday kafolatlari haqida gap ketayotganiga aniqlik kirita olasizmi?

Donald Tramp: Biz hali bu borada hech narsa qilmadik. Agar ortga nazar tashlasak va prezident Putindan ancha oldin sodir bo‘lgan voqealarga qarasak, Ukraina hech qachon NATOga qabul qilinmasligi haqida bayonot doimo bo‘lgan. Shunday qilib, shunday bayonot berildi, lekin biz hali hech narsani muhokama qilmadik. Biz bugun buni muhokama qilmoqchimiz. Lekin ularga juda yaxshi himoya, juda yaxshi xavfsizlikni ta’minlaymiz. Bu rejamizning bir qismidir. Bizni kutayotgan ittifoqchilarimiz biz bilan hamfikr. Ular ham yordam berishni xohlashadi.

AQShning moliyaviy yordami

Muxbir: Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi harbiy harakatlar uchun allaqachon yuzlab milliard dollar ajratdi. Eng yaxshi holatda bu boshi berk ko‘cha va qotillik esa davom etmoqda. Xo‘sh, prezident Tramp, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yana qancha berishga tayyor? Prezident Zelenskiy, siz-chi, yana qancha xohlaysiz?

Donald Tramp: Xo‘sh, men shunchaki hech narsa bermasligimizdan boshlayman. Hozir qurol sotyapmiz. Bu ilgari, o‘ylaymanki, 300 milliard dollardan ortiq raqamlar edi, Jo Bayden davrida, u aqlli odam emas, korrupsiyalashgan siyosatchi edi, bunaqasi hech qachon bo‘lmagan. Darvoqe, u 40 yil oldin ham aqlli odam bo‘lmagan. Lekin hozir ayniqsa yomon. Bu korrupsiyalashgan ma’muriyat tomonidan amalga oshirilgan, bunday bo‘lmasligi kerak edi. Va, to‘g‘risini aytganda, agar saylov natijalari to‘g‘ri bo‘lganida, agar men prezident bo‘lganimda, bu urush hech qachon bo‘lmasdi. U esa juda baxtiyor odam bo‘lardi, bu narsalarni ko‘rmasdi.

Demoqchimanki, ular jahannamni boshdan kechirishgan. U do‘zaxdan o‘tdi. Bu urush hech qachon bo‘lmagan bo‘lardi. Ikki million odam, ko‘plab askarlar o‘limi va boshqalar bo‘lmasdi. Va sodir bo‘lgan voqealar tufayli boshqa hududlar va boshqa mamlakatlarga ko‘chishga majbur bo‘lgan odamlar, bularning hech biri sodir bo‘lmas edi. Va men shunchaki aytmoqchimanki, chegaralar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u dahshatli prezident edi. U shunchaki dahshatli, poraxo‘r prezident edi.

Zelenskiy qurol xaridi va mudofaa salohiyati haqida

Volodimir Zelenskiy: Katta rahmat. Avvalo, bizda Qo‘shma Shtatlardan qurol sotib olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Biz bu dastur va bu imkoniyatdan minnatdormiz. Biz Yevropadan minnatdormiz. Buning uchun ular pul to‘lashadi. NATO dasturlari orqali. O‘zimizda ham moliyalashtirish ba’zi dasturlar mavjud. Va bu urushni moliyalashtirish emas. Bu xavfsizlik kafolatlari, armiyamizni mustahkamlash, Ukraina armiyasini qayta qurollantirishning ham bir qismi bo‘ladi. Bu juda va juda muhim.

Va bu qayta jihozlash uchun bizga qancha pul kerakligiga bog‘liq. Masalan, havo hujumidan mudofaa masalasi, biz bu haqda prezident Tramp bilan gaplashdik. Va men hozir bizda ikki tomonlama yechimlar borligidan xursandman va biz bu borada Amerika ishlab chiqaruvchilari bilan ishlaymiz. Misol uchun, Yevropada hech kim Patriot kabi katta havo mudofaa tizimlariga ega emas. Bizga esa bu juda kerak. Bu ham himoya.

Donald Tramp: Va menimcha, bilasizmi, menimcha, yaxshi yangilik shundaki, biz dunyodagi eng yaxshi harbiy texnikani ishlab chiqaramiz. Siz Patriot tizimlarini tilga oldingiz. Ular qanchalik yaxshi? Ha bizda shunday tizimlar bor. Ular chindan ham yuz foizga ishonchli. Bu haqiqatan ham ikkita o‘q otishga o‘xshaydi, bilasizmi? Ikkita o‘q havoda bir-biriga tegadi, bunday sharoitda imkoniyatlar yuz foiz. Bu 99 foizdan 100 foizgacha.

Shunday qilib, biz NATO jihozlarini sotamiz. Men NATO nima qilayotgani, sizlarda qanday kelishuv borligini bilmayman. Lekin bilamanki, ular sizlarda qurollar bo‘lishini xohlashadi. Va biz dunyodagi eng yaxshi qurollarni ishlab chiqaramiz. Ular esa bizga pul to‘lashadi. Bayden davrida hammasi shunchaki ahmoqlik edi. Menimcha, bu raqam 300 milliarddan ortiq. Bu 350 milliard dollarlik qurollar va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin. So‘nggi ikki oy ichida biz bu urushni hal qilishda to‘rt yildagidan ko‘ra ko‘proq yutuqlarga erishdik. Bu allaqachon hal bo‘lishi kerak edi, lekin hech qachon boshlanmasligi kerak edi.

Xavfsizlik kafolatlari muhokamasi

Muxbir: Xavfsizlik kafolatlari doirasida prezident Trampdan sizga aynan nimalar kerak: Amerika askarlari, razvedka ma’lumotlari yoki texnikalar?

Volodimir Zelenskiy: Barchasi. Barchasi. Aslida u ikki qismni o‘z ichiga oladi. Birinchidan, kuchli Ukraina armiyasi. Men hamksablaringiz bilan mana shuni muhokama qila boshladim. Va bu qurollar va odamlar, o‘quv missiyalari va razvedka haqida ko‘p narsa. Ikkinchidan, biz buni hamkorlarimiz bilan muhokama qilamiz. Bu katta davlatlarga, AQShga, ko‘plab do‘stlarimizga bog‘liq.

Donald Tramp: Hozir boshqa xonada odamlar kutib turibdi. Ularning hammasi Yevropadan, Yevropadagi eng katta odamlar. Va ular himoya qilishni xohlashadi. Ular buni juda yaxshi his qilishadi. Va biz ularga bu borada yordam beramiz. Menimcha, bu juda muhim. Bitim tuzish juda muhim deb o‘ylayman.

Ukraina xalqiga tilak

Muxbir: Janob prezident, siz ma’muriyatdagi faoliyatingizning birinchi kunidan boshlab Ukrainadagi tinchlikparvarlik ishlarida ishtirok etdingiz. Hozirda Rossiya hujumlaridan aziyat chekayotgan va Amerika xalqi ular bilan birga bo‘lishiga umid qilayotgan Ukraina xalqiga nima degan bo‘lardingiz?

Donald Tramp: Men ukrainlarni bilaman. Men bu yillar davomida ko‘pchilik haqida bilib oldim. Ular ajoyib insonlar. Ular aqlli. Ular g‘ayratli. Ular o‘z yurtlarini sevadilar. Aytmoqchimanki, ular o‘z mamlakatlarini sevishadi. Men bu urush tugashini istayman. Qo‘limdan keladigani shu. Men ukrain xalqini yaxshi ko‘raman, lekin hamma odamlarni yaxshi ko‘raman. Men rus xalqini ham yaxshi ko‘raman. Urush to‘xtashini istayman. Bu juda muhim.

Muxbir: Janob prezident, Vladimir Putin bilan muzokaralaringizning biror jihati hafsalangizni pir qildimi?

Donald Tramp: Biz shu bugunoq, bu uchrashuvlardan so‘ng telefon orqali suhbatlashamiz. Bizda uch tomonlama uchrashuv bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Agar bizda uch tomonlama bo‘lmasa, harbiy harakatlar davom etaveradi. Agar uch tomonlama uchrashuvga kelishsak, bizda urushni yakunlash uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi. U mening qo‘ng‘irog‘imni kutib o‘tiribdi. Katta rahmat.

Mavzuga oid