Jahon | 19:30 / 23.08.2025
5146
5 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Isroilga qarshi keskinroq choralar qo‘llay olmagach iste’foga chiqdi

Niderlandiya bosh diplomati Kaspar Veldkamp hukumat yig‘ilishida G‘azodagi humanitar inqiroz tufayli Isroilga qarshi qat’iyroq sanksiyalar joriy etishga chaqirgandi. «Agar men zarur deb hisoblagan siyosatni yuritishdan cheklangan bo‘lsam, uyga borib iste’fo xatini yozaman», degan Veldkamp. Lekin u kerakli qo‘llovni olmadi va hukumatdan ketdi.

Foto: Anadolu Agency

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp Isroilga qarshi qo‘shimcha choralar haqidagi takliflari koalitsiya hamkorlari tomonidan rad etilgach, 22 avgust kuni iste’foga chiqdi.

Veldkampning aytishicha, koalitsiyadagi VVD va BBB partiyalari yangi choralarni qo‘llashga qarshi chiqqani bois, o‘z rejalari amalga oshishiga ishonchi qolmagan va iste’fo berishga qaror qilgan.

Politico nashrining yozishicha, Veldkamp juma kuni G‘azodagi gumanitar inqiroz yuzasidan hukumatdagi bir necha soatlik samarasiz bahsdan so‘ng, Isroilga qarshi qat’iyroq sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

«Biz hukumat sifatida allaqachon ancha qadamlar qo‘ydik. Niderlandiya bundan uyalmasligi kerak. Lekin G‘azo shahrida va G‘arbiy Sohilda sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rishga kabinetda qarshilik sezdim. Men yaqin haftalar yoki oylar davomida vaziyat o‘zgarishiga ishonchim yo‘q, agar men zarur deb hisoblagan siyosatni yuritishda shunchalik cheklangan bo‘lsam. Uyga borib iste’fo xatini yozaman», deya Veldkampning so‘zlarini keltirmoqda NL Times.

Bu fikrni Niderlandiya bosh vaziri o‘rinbosari Eddi van Xyum ham tasdiqladi: «Isroil hukumati harakatlari xalqaro shartnomalarni buzmoqda. Endi chiziq tortilishi kerak. Hukumatda qolishimiz ishonchli bo‘lmay qoldi. Qisqasi, biz charchadik… Veldkamp Isroil hukumatiga qarshi qo‘shimcha choralar zarurligini juda keskin his qildi, ammo doimo to‘siqlar qo‘yildi», degan u.

Niderlandiya bosh vaziri Dik Sxoof va Kaspar Veldkamp / Foto: Getty Images

Bosh vazir Dik Sxoof parlamentga kechqurun qilgan murojaatida NSCʼning hukumatdan chiqib ketishini «afsus bilan» qabul qilganini aytdi: «Biz bu qarorlarni hurmat qilishimiz kerak, biroq ularni juda afsus bilan qabul qilamiz — ayniqsa vaqtinchalik hukumat zimmasidagi mas’uliyatni hisobga olsak», dedi u.

Koalitsiyaning ikki qolgan sherigidan biri – Fermerlar va fuqarolar harakati (BBB) partiyasi esa NSCʼning chiqib ketishidan qattiq norozi bo‘lib, buni «Niderlandiyani rulsiz qoldirish» deb atadi.

Veldkampning iste’fosi, u parlamentga Isroilga qarshi «zarur» deb atagan choralarni kiritishga va’da berganidan keyin yuz berdi. Bu qarorni u koalitsiya hamkorlari bilan muvofiqlashtirmagan edi.

Veldkampning iste’fosidan so‘ng, uning partiyasi o‘zining barcha vazir va davlat kotiblarini vaqtinchalik hukumatdan chiqardi. Xususan, ijtimoiy ishlar vaziri Eddi van Xyum, ichki ishlar vaziri Judith Uitermark, ta’lim vaziri Eppo Bruins va sog‘liqni saqlash vaziri Daniëlle Jansen, shuningdek, to‘rt nafar boshqa amaldorlar ham iste’foga chiqdi. Bu iste’folar bosh vazir Dik Sxoofning allaqachon zaiflashgan vaqtinchalik hukumatida noaniqlikni yanada kuchaytirdi, deb yozmoqda mahalliy OAV.

Foto: ANP

Niderlandiyaning keyingi umumiy saylovlari 29 oktyabr kuni o‘tkazilishi belgilangan. Mamlakat hukumati 3 iyun kuni qulagan va shundan beri vaqtinchalik tartibda ishlamoqda. Bunga sabab — Geert Vildersning o‘ta o‘ng qanotda partiyasi migratsiya siyosati yuzasidan kelishmovchilik sabab koalitsiyani tark etgani edi.

G‘azoda ocharchilik

Isroilda Niderlandiyaning sobiq elchisi bo‘lgan Kaspar Veldkamp iste’foga chiqqan kuni BMT qo‘llab-quvvatlaydigan global ochlik monitoring tizimi IPC G‘azoda ocharchilik mavjudligini rasman e’lon qilgandi. Shu bilan bir vaqtda Isroil qamal ostidagi G‘azo shahriga yangi hujumlar boshladi.

Hozirgacha Niderlandiyani o‘ng qanotdagi isroillik vazirlar – Itamar Ben-Gvir va Bezalel Smotrichga mamlakatga kirish taqiqi joriy etish bilan cheklangan.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilning harbiy kampaniyasi natijasida 62 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Isroil yordamni to‘sib qo‘ygani uchun 500 mingdan ortiq inson ochlikni boshidan o‘tkazmoqda. Kuniga o‘nlab insonlar Isroilning hujumlar va ochlik oqibatida vafot etmoqda.

Foto: Anadolu

O‘tgan yilning noyabrida Xalqaro jinoiy sud (XJS) Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga G‘azodagi urush bilan bog‘liq urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun hibsga olish orderini chiqargan edi.

Isroil, shuningdek, G‘azodagi urushi uchun Xalqaro sud palatasida genotsid ishida javobgar sifatida ham ko‘rilmoqda. Lekin, hozircha shu va boshqa xalqaro bosimlar, tanqidlar Isroilning genotsid ko‘rinishidagi urushini to‘xtata olmayapti. 

Mavzuga oid