Jahon | 09:50 / 25.08.2025
1860
2 daqiqa o‘qiladi

Vadeful: Kiyev NATOga a’zo bo‘lishga yaqin kafolatlarga muhtoj

Ukraina NATOga a’zolikka «juda yaqin» xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 30 ga yaqin davlat ularni taqdim etishga tayyor.

Yoxann Vadeful Foto: Abdul Saboor/REUTERS

Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik bitimidan keyin Ukraina uchun kelajakdagi xavfsizlik kafolatlari NATO a’zoligiga «juda yaqin» bo‘lishi kerak. Bu haqda 24 avgust, yakshanba kuni Germaniya hukumatida bo‘lib o‘tgan ochiq eshiklar kunida Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful aytib o‘tdi.

«Agar Ukraina imkon qadar ko‘p mamlakatlardan hech bo‘lmaganda real xavfsizlik kafolatlarini olmasa, hech bo‘lmaganda qolgan qismi (Ukraina hududining) xavfsiz bo‘lishi uchun hududiy imtiyozlarni jiddiy ko‘rib chiqishni talab qila olmaymiz», — deya Germaniya vazirining so‘zlaridan iqtibos keltiradi dpa agentligi.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari bunday xavfsizlik kafolatlarini talab qilish oxir oqibat Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ishontirishiga umid bildirdi. Vadeful, shuningdek, bunday kafolatlar Rossiya uchun xavf tug‘dirmasligini ta’kidladi. «Keyin bu Yevropada nihoyat yana tinchlik uchun asos bo‘lishi mumkin», dedi nemis vaziri.

Nafaqat YeI davlatlari, balki boshqa davlatlar, xususan AQSh ham Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishi kerak, dedi Vadeful. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda 30 ga yaqin davlat, jumladan, Yaponiya ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid