O‘zbekiston | 18:04 / 27.08.2025
6277
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy yuk mashinalarining O‘zbekistonda yurishi uchun to‘lovlar miqdori kamaytirildi

Xorijiy davlatlarning yuk mashinalari O‘zbekiston hududidan o‘tganda, og‘irligi ruxsat berilganidan ko‘p bo‘lsa, to‘lov undiriladi. Ana shu to‘lov tariflari pasaytirildi.

Foto: Kun.uz

Xorijiy davlatlar og‘ir yukli va katta hajmli transport vositalarining O‘zbekiston hududi bo‘ylab yurishi uchun to‘lovlar miqdori kamaytirildi, deya xabar berdi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.

Hukumat qarori bilan, transport vositasining umumiy haqiqiy massasi ruxsat berilganiga nisbatan oshgani uchun to‘lov quyidagi tariflarga muvofiq belgilandi:

  • umumiy haqiqiy vaznning yo‘l qo‘yiladigan vaznga nisbatan ortiqcha miqdori 5 tonnagacha bo‘lganda yuriladigan 1 km masofa uchun BHM 0,08 foizi miqdorida;
  • 5 dan 10 gacha – 0,12;
  • 10 dan 15 gacha – 0,24;
  • 15 dan 20 gacha – 0,42;
  • 20 dan 25 gacha – 0,63;
  • 25 dan 30 gacha – 0,97;
  • 30 dan 35 gacha – 1,39;
  • 35 dan 40 gacha – 1,94;
  • 40 dan 45 gacha – 2,66;
  • 45 dan 50 gacha – 3,59;
  • 50 va undan yuqori – 4,22.

Shuningdek, og‘ir yukli va yirik gabaritli transport vositalari o‘tishi uchun arizalarni ko‘rib chiqish, yo‘nalishni kelishish hamda ruxsatnoma berish uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori «Lisenziya» avtomatlashtirilgan axborot tizimida quyidagi tarzda hisoblanishi ko‘zda tutildi:

  • 100 km ga qadar BHM 54 foizi miqdorida (hozirda 222 480 so‘m);
  • har bir keyingi km uchun BHM 0,24 foizi miqdorida (hozirda 988 so‘m 8 tiyin).

Ilgari mazkur to‘lovlar 100 km ga qadar — 25 AQSh dollari hamda har bir keyingi kilometr uchun — 0,11 AQSh dollari qiymatida belgilangan edi.

Mavzuga oid