Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uyda G‘azo kelajagi muhokama qilindi. Isroil esa Falastin davlati bo‘lmasligini aytdi
AQSh prezidenti Donald Tramp kuyovi Jared Kushner va Toni Bler bilan G‘azo sektorining urushdan keyingi kelajagini muhokama qildi. Kushner oldinroq G‘azo hududini «Yaqin Sharq Riverasi»ga aylantirish rejasini bilan tanilgandi. Xuddi shu vaqtda Vashingtonga kelgan Isroil tashqi ishlar vaziri esa Falastin davlati haqida hech qanday reja bo‘lmasligini aytdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 27 avgust kuni Oq uydagi Oval ofisda G‘azo sektorining urushdan keyingi kelajagi haqida uzoq uchrashuv o‘tkazdi. Lekin ushbu uchrashuv yuzasidan hozircha birorta rasmiy izoh berilmadi.
New York Times'ning uchrashuvdan xabardor manbalariga ko‘ra, Tramp o‘zining maxsus elchisi Stiv Uitkoff, shuningdek, kuyovi va sobiq Oq uy maslahatchisi Jared Kushner bilan 90 daqiqadan ortiq vaqt davomida uchrashuv o‘tkazgan. Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi ham hisoblangan – AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham uchrashuvning ayrim qismlarida qatnashgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler ham muhokamalarda ishtirok etgan.
«Tramp G‘azo uchun porloq kelajak haqida umumiy gapirgan — ammo bu kelajak hududda yashovchi falastinliklarni o‘z ichiga olishi shart emas. U hududni hashamatli kurortga aylantirish haqida ham o‘ylagan, ba’zida esa aholining boshqa joyga ko‘chirilishini tilga olgan», deyiladi NYT xabarida.
Uchrashuvda qatnashgan Jared Kushner — Trampning birinchi prezidentlik davrida uning maslahatchisi bo‘lgan, Isroil va ayrim arab davlatlari o‘rtasida «Ibrohim kelishuvlari» jarayoniga rahbarlik qilgan. Mintaqa bilan bog‘liq o‘z biznes va boshqa aloqalariga ega. Kushner, shuningdek, Trampning qizi Ivanka bilan turmush qurgan. Yaqinda Kushner otasi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni antisemitizmda ayblab, tanqid qilgandi.
Trampning shu yilning fevral oyida G‘azoni AQSh nazorati ostiga olish va hududni «Yaqin Sharq Riverasi»ga aylantirish rejasi qattiq tanqidlar ostida ortga chekingan edi. Aslida uning bu rejasi — bir yil oldin Kushner ilgari surgan g‘oyaga hamohang bo‘lib, G‘azoni falastinliklardan tozalash va uni dengiz bo‘yidagi ko‘chmas mulk hududiga aylantirishni ko‘zlagan edi.
2003 yil Iroq urushi paytida Britaniya bosh vaziri bo‘lgan Toni Blerning kecha Oq uydagi uchrashuvga chaqirilgani bejiz emas. Financial Times’ga ko‘ra, Toni Bler asos solgan aql markazi G‘azoning urushdan keyingi qayta qurilishi yuzasidan turli guruhlar bilan ko‘plab suhbatlar o‘tkazgan, ammo ularda odamlarni majburan ko‘chirish g‘oyasi bo‘lmagan.
Rubio va Saar uchrashuvi
Oq uyda uchrashuv bo‘layotgan paytda AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashingtonda Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Sa’ar bilan uchrashib, G‘azo va mintaqaviy masalalarni muhokama qilganini ma’lum qildi.
Reutersning yozishicha, Saar uchrashuvdan keyin Falastin davlati bo‘yicha qanday reja borligi haqidagi savolga «hech qanday reja bo‘lmaydi», deb javob bergan.
«Biz ikki mamlakat uchun o‘zaro muammolar va manfaatlar bo‘yicha samarali uchrashuv o‘tkazdik. Isroil uchun prezident Donald Tramp boshchiligidagi Qo‘shma Shtatlardan buyukroq do‘st yo‘q, va AQSh uchun ham Isroildan buyukroq ittifoqchi yo‘q», deb yozgan Sa’ar.
Shu kunlarda Fransiya, Buyuk Britaniya kabi AQSh va Isroilning ayrim ittifoqchilari Falastin davlatini tan olish rejalari haqida e’lon qilgan edi.
G‘azoda 2023 yil oktyabridan beri davom etayotgan Isroilning hujumi 62 mingdan ortiq falastinlikning hayotiga zomin bo‘ldi. Bu hujum ochlik inqiroziga, G‘azo aholisi to‘liq ichki ko‘chirilishiga va xalqaro sudlarda Isroilga qarshi genotsid va urush jinoyatlari bo‘yicha ayblovlarga sabab bo‘ldi. Isroil bunday ayblovlarni rad etmoqda.
Ilgari o‘tkazilgan muzokaralar qisqa muddatga janglarni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, hanuzgacha mojaro tugatishning iloji bo‘lmayapti. Isroil xalqaro tanqidlarga qaramay genotsid ko‘rinishida urushini davom ettirmoqda.
Mavzuga oid
16:15 / 06.12.2025
Mersga Kremldan "hujum": AQShning Ukraina bo‘yicha roli atrofida bahs kuchaymoqda
15:44 / 06.12.2025
AQSh YeI davlatlarini Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan kredit bermaslikka chaqirdi
15:10 / 06.12.2025
AQSh NATOdagi majburiyatlarning asosiy qismini Yevropaga o‘tkazmoqchi
13:54 / 06.12.2025