O‘zbekiston | 19:09 / 28.08.2025
61171
2 daqiqa o‘qiladi

Sentyabrda qanday ob-havo bo‘lishi kutilayotgani ma’lum qilindi

Sentabr oyida o‘rtacha oylik harorat me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Oyning birinchi yarmi quruq bo‘ladi, ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘irlar kuzatiladi.

Foto: Kun.uz

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, sentabr oyining birinchi o‘n kunligida qulay harorat fonida asosan kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

Kechalari va erta tongda +15...+20 daraja bo‘lgan haroratda tetiklantiruvchi salqinlik seziladi, kunduz kunlari esa quyosh nurlari havoni +35 darajagacha, ayrim kunlarda +37 darajagacha isitadi.

Keyinchalik sentabr oyining oxirigacha harorat kechalari +15...+20 dan +8...+13 darajagacha, kunduz kunlari +30...+35 dan +20...+25 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Sentabr oyida o‘rtacha oylik harorat me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Oyning ikkinchi yarmida ayrim kunlarda (1-2 kun) qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, eng sovuq (me’yordan 2-3,5 darajaga past) sentabr oylari 1930 va 1931 yillarda, so‘nggi o‘n yillikda esa 1992 va 1994 yillarda qayd etilgan. Eng iliq (me’yordan 1,5-3,5 darajaga yuqori) sentabr oylari esa 2013, 2016, 2021, 2022 yillarda, ya’ni ushbu asrda kuzatilgan bo‘lib, bu global isish tendensiyasiga mos keladi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda sentabr - yilning eng quruq oylardan biridir. Sentabr oyida yomg‘ir kamdan-kam (oyiga 1-3 marta) yog‘adi. Shunday yillar kuzatilganki, butun O‘zbekistonda yoki hududning katta qismida sentabr oyida umuman yomg‘ir yog‘magan. Bu asrda bunday anomal quruq sentabr oylari 2007 va 2021 va 2022 yillarda qayd etilgan.

Mavzuga oid