O‘zbekiston | 20:58 / 29.08.2025
3334
3 daqiqa o‘qiladi

Har bir qishloq va mahallaga shahardagi qulayliklarni olib kiramiz – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida nutq qildi va kelajakda «yashil» energiya ulushi oshirilishini, «Yashil makon» umummilliy loyihasi kengaytirilishini, master rejalar asosida har bir qishloq va mahallaga shahardagi qulayliklar olib kirilishini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida nutq qildi.

«Iqtisodiyotimiz rivojlanishi, aholimiz ko‘payishi bilan xavfsiz va barqaror energiya resurslariga talab ortmoqda. O‘tgan sakkiz yilda iste’molchilar soni 25 foizga, ya’ni qo‘shimcha 1 million 600 mingtaga, iste’mol hajmi esa 54 foizga yoki qo‘shimcha 25 milliard kilovatt-soatga oshdi. Shuning uchun «yashil» energiya ulushini oshirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan qadamlar qo‘yildi. Natijada elektr ishlab chiqarish quvvatlari 2016 yildagi 59 milliard kilovatt-soatdan 85 milliard kilovatt-soatga yetdi, kelasi yilda bu 97 milliard kilovatt-soatdan ziyodni tashkil etadi. Shu yilning o‘zida 6,5 milliard kilovatt-soat «yashil» energiya ishlab chiqarildi. Eng muhimi, jami generatsiya quvvatlarida «yashil» energiya ulushi 30 foizga yetdi. 2030 yilgacha yana 35 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobidan «yashil» energiya ulushi 54 foizga olib chiqamiz», dedi prezident.

Davlat rahbari «Yashil makon» umummilliy loyihasi kengaytirilishini aytdi.

«Tabiatga mehrli munosabat orqali kelajak avlodlarga unumdor yer, zilol suv, musaffo havoga ega bo‘lgan go‘zal Vatanni meros qilib qoldirishni muqaddas burchimiz, deb bilamiz. Shu maqsadda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarimizni yanada kengaytiramiz», dedi prezident.

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, so‘nggi sakkiz yilda 31 million kvadrat metrdan ortiq yoki qariyb 12 mingta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilgani tarixiy qadam bo‘ldi.

«Shu yilning o‘zida «Yangi O‘zbekiston» va boshqa massivlarda yana 130 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilib, aholiga topshiriladi. 2030 yilgacha butun dunyoda qo‘llanayotgan «yashil shahar» standartlari asosida barcha shaharlarimizda yashillik darajasi 30 foizga yetkaziladi. Natijada mamlakatimiz barqaror energiya bilan ta’minlanadi, ekologiyaga, odamlarimiz salomatligiga zararli ta’sirlar keskin kamayadi. Shu bilan birga, master rejalar asosida har bir qishloq va mahallaga shahardagi qulayliklarni olib kiramiz. Kichik shaharlarni zamonaviy infratuzilma asosida rivojlantirib, ularni yangi bosqichga ko‘taramiz», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid