Jahon | 12:24 / 31.08.2025
10534
11 daqiqa o‘qiladi

Aeroportda yongan erkak, «biznes»i o‘lgan folbinlar va Japarovdan Tracker sovg‘asi – Markaziy Osiyo hafta ichida

Olmaota aeroportida erkak o‘zini yoqib yubordi. Tojikistonda folbin va sehrgarlarga borganlar endi jarimaga tortiladi. Issiqko‘l atrofini chiqindidan tozalagan Rossiya fuqarosiga Qirg‘iziston prezidenti mashina sovg‘a qildi. Turkmanistonda go‘sht narxi oshib bormoqda. Afg‘oniston pasport berilmaydigan odamlar ro‘yxatini kengaytirdi, bunday insonlar endi xorijga chiqolmaydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Olmaota xalqaro aeroportida erkak o‘zini yoqib yubordi

Mahalliy nashrlarning xabar berishicha, voqea aeroportning terminalida sodir bo‘lgan va erkak og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan.

Politsiya xodimlari aeroport xavfsizlik xizmati vakillari bilan birgalikda zudlik bilan xavfsizlik choralarini ko‘rishgan, yong‘inni o‘chirishgan va tez yordamni chaqirishgan.

Olmaota shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabariga ko‘ra, bemor tez yordam mashinasida 4-sonli shahar klinik shifoxonasiga yetkazilgan va reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

"Uning ahvoli o‘ta og‘ir. Sog‘liqni saqlash vazirligi klinik protokoliga asosan to‘liq davolanmoqda", - deyilgandi birinchi xabarlarda.

Transport politsiyasi departamentining ma’lum qilishicha , erkakning o‘zini yoqib yuborishiga shaxsiy muammolari sabab bo‘lgan. Hodisaning barcha holatlari dastlabki tergov jarayonida aniqlanadi, deya qo‘shimcha qildi bo‘lim.

Tengri news’ning xabariga ko‘ra, 26 avgust kuni ertalab Olmaota aeroportida vaziyat tinch edi. Faqat zo‘rg‘a seziladigan kuyish hidi va o‘t o‘chirgichdan qolgan oq izlar bir kun oldingi voqeani eslatardi.

Yong‘in aeroport ichidagi sayyohlik firmasi xonasida ro‘y bergan, ertasi kuni u yerda hech kim yo‘q va xona yopiq edi. Aeroportdagi kapsula mehmonxona xodimining gaplariga ko‘ra, u erkak biletidan ayrilgani bois o‘zini yoqib yuborgan. Aeroportda aynan shunday gap-so‘zlar tarqalgan.

Lekin politsiya va tergov organlari ish yuzasidan bu mish-mishlarning birortasini hali rasman tasdiqlaganicha yo‘q.

Boshqa aeroport xodimlariga ko‘ra, o‘sha soatlarda atrofni benzin hidi qoplagan. Erkak o‘zini benzinga bo‘ktirib yoqqan, deydi ular. 

Politsiya xodimlarining bergan norasmiy munosabatiga ko‘ra, u odam aeroportga ustiga benzin sepgan holda kirib kelgan. Chunki u o‘zining sherigi bilan poyezdni o‘tkazib yuborgan va o‘sha poyezd biletini samolyotga almashtirib berishni talab qilgan.

"Hamma darrov o‘t o‘chirish moslamalari bilan tayyor bo‘ldi. Ularning aytishicha, o‘t qo‘yishning oldini olish qiyin bo‘lgan, chunki erkakda ichoq yoki bomba bor-yo‘qligi noma’lum edi. Shuning uchun kutishdi”, - deydi voqeaga guvoh bo‘lganlar.

Bemorning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

Folbinga borganlar jazolanadi

Tojikistonda folbin va sehrgarlarga borganlar endi jarima to‘laydi, javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Dushanbe ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endilikda folbin yoki sehrgar xizmatidan foydalangan fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Jumladan, shunday xizmatdan foydalangan fuqarolarga hisoblash ko‘rsatkichining 50 baravari, ya’ni 3 750 somoniydan 60 baravar, ya’ni 4 500 somoniygacha jarima belgilangan. Bu o‘zbek so‘mida taxminan 4 million 900 mingdan 5 million 900 ming so‘mgacha degani.

Dushanbe shahar Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarni qonunga xilof harakatlardan qat’iy tiyilishga chaqirdi hamda bunday holatlarning oldini olishda militsiya organlariga yordam berishni so‘radi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Tojikistonda ma’muriy jazo qo‘llanganidan so‘ng bir yil ichida folbinlik yoki sehrgarlik bilan qayta shug‘ullanilsa, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Ammo tegishli modda bo‘yicha qanday jazo chorasi qo‘llanishi aniq ko‘rsatilmagan. Tojikistonda folbin va sehrgarlarga qarshi muntazam reydlar amalga oshiriladi. Mamlakat rasmiylari bu yil folbin va jodugarlarga qarshi kurashishni e’lon qilishgan. Aprel oyida Ichki ishlar vazirligi tabiblar va sehrgarlar 6 oygacha majburiy mehnatga majburlanishini ma’lum qilgandi.

Japarov chiqindilarni yig‘gan sayyohga mashina sovg‘a qildi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘ldagi chiqindilarni tozalash ishlari bilan tanilgan ekofaol Andrey Panayevga avtomobil sovg‘a qildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Prezident ekofaol bilan uchrashuvda u haqida internet orqali xabar topganini aytgan.

Qirg‘oqni tozalayotganingizni ko‘rganimda, mahalliy yigit bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Keyin sizning sayyoh ekanligingizni aytishdi. Sizning ishingiz ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda. Ekologiya va tabiatning chegarasi yo‘q. Butun dunyo bir havodan nafas oladi.

Shuning uchun yer yuzidagi har bir inson siz kabi ish tutishi kerak. Biz ekologiya va tabiatni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga toza holda yetkazishimiz shart. Bu har birimizning burchimiz. Barakalla!”, degan Qirg‘iziston prezidenti.

Rossiya fuqarosi Panayevning so‘zlariga ko‘ra, u sayyoh sifatida Qirg‘izistonga kelgan va 2024 yilda Issiqko‘lda dam olayotganda qirg‘oqdagi chiqindilarni tozalashga kirishgan. Bu orqali u odamlarni tozalikka undamoqchi bo‘lgan. Shuningdek, Qirg‘izistonda umrbod qolishga qaror qilganini ta’kidlab, mamlakatni o‘z uyi deb atagan.

Qirg‘iziston xalqi nomidan, ko‘ngillilar va ekofaollar nomidan sizga avtomobil sovg‘a qilaman”, degan Japarov va “Chevrolet” avtomobili kalitlarini topshirgan.

To‘g‘risini aytsam, buni kutmagandim. Yo‘lda kelayotib, shunchaki biror faxriy yorliq berishar, deb o‘ylagandik”, deya izoh bergan Panayev.

 Afg‘onistonda pasport olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati kengaytirildi

Pasport boshqarmasi yangi qoidalarni joriy etmoqda. Unga ko‘ra, sudlanganlar, vasiysi yo‘q bolalar, to‘lanmagan qarz yoki boshqa majburiyatlarga ega shaxslarning chet elga chiqishi va pasport olishi taqiqlanadi.

Biometrik tizimlar va ma’lumotlar bazalarida chet elga chiqishi taqiqlangan deb belgilangan shaxslarga pasport berish avtomatik ravishda rad etiladi.

Ilgari barcha fuqarolar pasport olish huquqiga ega bo‘lgan, cheklovlar esa faqat ayrim jinoiy ishlardagina qo‘llangan. Afg‘onistonda milliy shaxsni tasdiqlovchi hujjat «tazkira» hisoblanadi va aholining aksariyati undan foydalanadi. Pasport esa odatda chet elga chiqish uchun talab qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston 2025 yilgi dunyoning kuchli pasportlari reytingida eng oxirgi o‘rinni (98-o‘rinni) egallagandi. Mamlakat fuqarolari bor-yo‘g‘i 25 ta mamlakatga vizasiz borish huquqiga ega. Markaziy Osiyoda eng kuchli pasport Qozog‘istonniki, chunki bu davlat fuqarolari 79 davlatga vizasiz bora oladi, keyingi o‘rinlarida esa Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston. Dunyo reytingida esa bu davlatlar 73,74,80,85-o‘rinda turibdi. Qozog‘iston 63-o‘rinda.

 Turkmanistonda go‘sht narxlari oshib bormoqda

Ayniqsa, Turkmanboshi shahrida bu yaqqol sezila boshlangan. Balkan viloyatidagilarning aytishicha, narx-navoning oshishiga qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, O‘zbekiston va Eronga go‘sht eksporti sabab bo‘lyapti. Turkmen newsʼning yozishicha, tovuq go‘shtlari ham tez sotilib ketyapti. Kaspiy bo‘yidagi Turkmanboshida masalan mol va qo‘y go‘shti yil boshidan beri bir necha marotaba qimmatlagan. Masalan, qish mavsumida qo‘y go‘shtining 1 kilosi 2-2,5 dollar edi va hozir bu narx 95 manatga, ya’ni 4,5 dollarga ko‘tarilgan.

Yanvar-fevral oylarida mol go‘shti kilogrammi 50 manatdan sotilayotgan bo‘lsa, hozir umuman ochiq sotuvda yo‘q, lekin yo‘lini qilib 120 manatdan olish mumkin, deb yozadi ushbu nashr.

Turli manbalarning matbuotga aytishicha, go‘sht narxining bunchalik sezilarli darajada oshishiga mahsulotning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Eronga eksport qilinishi sabab bo‘lmoqda. Ilgari, unga ko‘ra, yo‘lovchilar xorijga chiqayotganda o‘zlari bilan go‘sht olib ketish huquqiga ega bo‘lmagan bo‘lsa, olti oydan ortiq vaqtdan beri bir kishi boshiga 25 kilogrammdan eksport qilishga ruxsat berilgan.

O‘zbekistonda yangi qo‘zi go‘shtining bir kilogrammi 7 dollardan boshlansa, Qozog‘iston va Eronda 10 dollar va undan ham ko‘proqqa yetadi. Shunday qilib, go‘shtni chet elga tashishning foydasi sezilarli. Ayni paytda Turkmanistonning oddiy fuqarolari asosan bayramlarda o‘z dasturxoniga go‘shtli taomlarni qo‘yadi, deb yozdi Turkmen news.

So‘nggi paytlarda Turkmanboshining davlat do‘konlarida tovuq oyoqlari ham yo‘qolib qolgan. Aholiga ko‘ra, mol va qo‘y go‘shti qimmatlagani bois odamlar tovuq sotib olishni ko‘paytirgan.

Turkmanistonda o‘tgan Qurbon hayitidan beri go‘sht narxi ko‘tarilgani sezilgan. Ba’zi nashrlar buni Ahal viloyatida chorva mollarining nobud bo‘lishi bilan bog‘lagan.

Turkmanistonning boshqa viloyatlarida ham go‘sht mahsulotlari narxi oshishi kuzatilmoqda. Biroq ular orasida Kaspiy mintaqasi o‘zining yuqori narxlari bilan ajralib turibdi.

Mavzuga oid