Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sentyabrda qanday ob-havo bo‘lishi kutilmoqda?
Foto: Kun.uz
«O‘zgidromet» O‘zbekistonda kuz faslining birinchi oyi odatda qanday bo‘lishi va 2025 yilda qanday bo‘lishi kutilayotgani haqida ma’lumot berdi.
Sentyabr – kuz faslining birinchi oyi, ammo O‘zbekistonda u ko‘pincha ob-havo sharoiti jihatidan biroz yumshoqroq harorat fonida, yozning avgustiga o‘xshashroq kuzatiladi.
Sentyabr oyini baxmal mavsumi deb atash ham mumkin. Ertalablari tetiklantiruvchi salqinlik, iliq, ammo issiq bo‘lmagan kunlar ob-havo sharoitini mamlakatimiz aholisi va mehmonlari uchun qulay qiladi.
Iqlimiy kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, respublika hududining katta qismida oyning birinchi yarmida o‘rtacha kunduzgi harorat +30...+33 darajani, oyning ikkinchi yarmida esa +26...+29 darajani tashkil etadi.
Sentyabr oyining eng iliq kunlarida termometr ustuni +35...+37 darajagacha, janubda +39...+40 darajagacha ko‘tariladi.
Sentyabr oyida respublika hududining katta qismida mutlaq maksimal harorat +37...+40 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +41...+43 darajani tashkil etadi.
Toshkentda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun sentabr oyidagi eng yuqori harorat 2013 yil 25 sentabrda qayd etilgan bo‘lib, u +40 darajani tashkil etgan.
Sentyabr oyida kunduzgi harorat +22...+25 darajagacha, ba’zan esa undan ham pastroq bo‘lgan davrlar har yili ham kuzatilmaydi va odatda u juda qisqa muddatli bo‘ladi.
Ayrim yillarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarida (eng chekka janubiy hududlar va Farg‘ona vodiysidan tashqari) sentabr oyining so‘nggi o‘n kunligida havoda erta kuzgi sovuqlar kuzatiladi.
Eng sovuq (me’yordan 2–3,5 darajaga past) sentabr oylari 1930 va 1931 yillarda, so‘nggi o‘n yillikda esa 1992 va 1994 yillarda qayd etilgan.
Eng iliq (me’yordan 1,5–3,5 darajaga yuqori) sentabr oylari esa 2013, 2016, 2021, 2022 yillarda, ya’ni ushbu asrda kuzatilgan bo‘lib, bu global isish tendensiyasiga mos keladi.
O‘zbekistonda sentabr – yilning eng quruq oylardan biridir. Sentyabr oyida yomg‘ir kamdan kam (oyiga 1–3 marta) yog‘adi.
Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, oylik yog‘ingarchilik miqdori iyul va avgust oylariga nisbatan biroz ko‘p bo‘lib, tekislik hududlarda 1–5 millimetrni, tog‘larga yaqin 6–10 millimetrni tashkil etadi va faqat ayrim tog‘li hududlarda 15–30 millimetr qiymatlariga yetadi.
Shunday yillar kuzatilganki, butun O‘zbekistonda yoki hududning katta qismida sentabr oyida umuman yomg‘ir yog‘magan. Bu asrda bunday anomal quruq sentabr oylari 2007 va 2021 va 2022 yillarda qayd etilgan.
Ammo meteorologik kuzatuvlar tarixida, ba’zi hududlarda 1-2 marta yog‘gan yomg‘ir hisobiga yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan ko‘p, ba’zan esa bir necha barobar ko‘p bo‘lgan holatlar ham kuzatilgan.
Xususan, 1969 yil sentabr oyida Xivada oylik yog‘ingarchilik miqdori 2 millimetr bo‘lganda bir kunda 21 millimetr yog‘ingarchilik, Oqbaytalda esa oylik yog‘ingarchilik miqdori 0,7 millimetr bo‘lganda bir kunda 16 millimetr yog‘ingarchilik kuzatilgan. 2016 yil sentabrida Nukusda oylik yog‘ingarchilik miqdori 3 millimetr bo‘lganda bir kunda 30 millimetr yog‘ingarchilik qayd etilgan.
Bu yil sentabr oyi qanday bo‘ladi?
Oyning birinchi o‘n kunligida qulay harorat fonida asosan kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
Kechalari va erta tongda +15...+20 daraja bo‘lgan haroratda tetiklantiruvchi salqinlik seziladi, kunduz kunlari esa quyosh nurlari havoni +35 darajagacha, ayrim kunlarda +37 darajagacha isitadi.
Keyinchalik sentabr oyining oxirigacha harorat kechalari +15...+20 dan +8...+13 darajagacha, kunduz kunlari +30...+35 dan +20...+25 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Sentyabr oyida o‘rtacha oylik harorat me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1–1,5 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Oyning ikkinchi yarmida ayrim kunlarda (1–2 kun) qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Mavzuga oid
15:59 / 05.12.2025
O‘zbekistonda 8 dekabrdan havo sovishi kutilmoqda
11:59 / 05.12.2025
Hafta oxirida yana yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, ayrim hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin
10:06 / 04.12.2025
Toshkentda havo ifloslanishi: 4 dekabr kuni ham RM2,5 me’yordan oshdi
20:19 / 01.12.2025