Jahon | 20:32 / 03.09.2025
3772
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Turkmanistonning eng yirik gaz konini o‘zlashtirishda yordamlashadi

Xitoy dunyodagi eng yirik gaz konlaridan biri «Galqinish»ni o‘zlashtirish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘ldi.

Foto: turkmenistan.gov.tm

Xitoy Turkmanistondagi «Galqinish» gaz konining to‘rtinchi navbatini o‘zlashtirish bo‘yicha xalqaro tenderda g‘olib chiqdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Serdar Berdimuhamedov Pekinda Xitoy raisi Si Jinping bilan bo‘lgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Berdimuhamedov so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston va Xitoy o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlikning asosiy tamoyillari to‘g‘risidagi bosh kelishuv loyihasi tayyorlangan. Aynan shu hujjat asosida energetika sohasidagi sheriklik yanada rivojlantiriladi.

Si Jinping o‘z navbatida, «Galqinish»ni o‘zlashtirish va Turkmaniston gazini yetkazib berishda ishtirok etish Xitoy uchun katta sharaf ekanini ta’kidlab, xitoylik hamkorlarga yaratilayotgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Turkmaniston tomoni gaz sanoati ikki tomonlama hamkorlikda strategik o‘rin tutishini ta’kidladi. «Turkmaniston - Xitoy» gaz quvuri 15 yildan ortiq vaqtdan beri ishlab kelmoqda va tomonlar uni yanada kengaytirishni maqsad qilgan.

Turkmanistondagi «Galqinish» koni dunyodagi eng yirik konlardan biri hisoblanadi: uning qo‘shni tuzilmalar bilan birgalikdagi umumiy zaxiralari 27,4 trillion kub metr gazga baholanmoqda. GaffneyCline kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, faqat konning o‘zida zaxiralar 20 trillion kubometrdan oshadi, mahsuldor qatlamlarning qalinligi 600 metrdan ortiq.

«Galqinish»ni o‘zlashtirish 2013 yilda boshlangan bo‘lib, 7 bosqichi ko‘zda tutilgan. Hozir birinchisi ishlamoqda, 52 ta quduq foydalanilmoqda, yana 10 ga yaqin quduq qazilmoqda. Quduqning o‘rtacha debiti sutkasiga 1,5 mln kubometr, bir qator obektlar bo‘yicha esa 3 mln. Har bir bosqich bo‘yicha doimiy qazib olishning taxminiy muddati 30 yildan oshadi va salohiyati yiliga 200 milliard kub metrgacha yetadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid