Jahon | 09:05 / 04.09.2025
11613
4 daqiqa o‘qiladi

Boku – Moskva nizosi til masalasiga yetib keldi

Azizlar, Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi nizo esingizda bo‘lsa kerak. Bu mojaro hamon turli doiralarda davom etmoqda. Menimcha, tushunmovchilik ikki davlat yetakchilari uchrashib, kelishib olganidan keyin hal bo‘lish mumkin. Bo‘lmasa, davom etaveradi. Bir necha kun avval Ozarboyjon rus nashrlari Qorabog‘dagi toponimlarni aslidagiday yozmaganidan norozi bo‘lib nota yubordi. Hatto ozar nashrlari Rossiya shaharlarini eskicha nomi bilan yozishga o‘tdi. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xavfli mavzu

Aytib qo‘yay, til mavzusiga ehtiyot bo‘lib yondashish kerak. Shaxsan men kimdir biror tilni kamsitishini, biror tildan yoki alifbodan qurol sifatida foydalanishini qoralayman. Chunki til borasida tortishuv tezda millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin. Shu uchun hamma o‘zining va boshqalar gaplashadigan tillarni hurmat qilsa kifoya – muammo bo‘lmaydi.

Demak, Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasida zimdan davom etayotgan nizo til masalasiga ham yetib keldi. Gap shundaki, Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning TASS davlat axborot agentligi Qorabog‘dagi joy nomlarini aslidagiday yozmaganidan norozi bo‘lib nota yubordi. Boku ruslardan Qorabog‘ni sovetchasiga «Nagorniy Karabax» deb emas, shunchaki Qorabog‘ (yoki Karabax) deyishni, hudud poytaxtini «Stepanakert» emas, Xonkendi deb yozishni talab qildi.

Ozarboyjon Qorabog‘ qaytarilganidan keyin u yerdagi manzillar aslidagiday, ozarchasiga nomlanishi kerak deb hisoblab, o‘zini bunga to‘liq haqli deb biladi. Rasmiy Boku yuqoridagi pozitsiyasini shu bilan izohladi.

Qizig‘i, ozarlar talabidan keyin TASS Qorabog‘ haqidagi maqolada sarlavhani o‘zgartirdi. Ruslar maqolada toponimlarni Karabax va Xankendi deb atashdi.

Orinbor, Sarisu, Kyonigsberg...

Endi eng qiziq joyiga yetib keldik. Ozarboyjondagi hukumatga yaqin saytlar TASS agentligi Xonkendini «Stepanakert» deb ataganiga javoban Rossiya shaharlarini eskicha (yoki turkcha) nomi bilan yoza boshladi. Masalan, Minval sayti Kaliningradni Kyonigsberg, Orenburgni Orinbor, Volga daryosini Itil deb yozdi.

Ma’lumot uchun, Orinbor hozirgi Orenburgning turkcha va qozoqcha aytilishi. XVIII asrda tashkil etilgan shahar XX asr boshida besh yil davomida Qirg‘iziston SSR poytaxti bo‘lgan. Keyinchalik avtonomiya poytaxti Qizilo‘rdaga ko‘chirilgach, Orenburg Rossiya tarkibiga qaytgan.

Ozarboyjon davlat agentligi AZERTAJ ham bu yondashuvni quvvatlab, Volgograd shahrini Sarisu deb atashga o‘tishi mumkinligini bildirdi.

Ana shunaqa gaplar, azizlar. Agar tilchilar yaxshilab o‘rganib chiqishsa, Rossiyadagi istalgan shaharning turkcha atalishini topishadi. O‘z navbatida ruslar xohlasa, sobiq ittifoq respublikalaridagi istalgan shaharning ota-bobolari qo‘ygan nomini topib berishadi.

O‘tmishda chegaralar hozirgi kabi bo‘lmagan, bu mavzuda tortishish mantiqsizlik. Hammasi davlatlar qonunlarida belgilanganiday bo‘lishi kerak. Hozirgi rus tilida turkcha so‘zlar juda ko‘p, bizning tilda ham ruscha so‘zlar bisyor. Xullas, hamma tilda boshqa biror tilning unsurlari topiladi. Bunga shunchaki tilning bir qirrasi sifatida qarash kerak. Tildan hech qachon qurol sifatida foydalanmaslik kerak. Va albatta, hech bir millatning tiliga behurmatlik qilish kerak emas. Omon bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid