Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Manikyur: Ayollar uchun go‘zallikmi yoki xavf?
Ayol qo‘li - uning eng kuchli “tashrif qog‘ozi”. Nozik, parvarishlangan tirnoqlar nafaqat estetik go‘zallik ramzi, balki ayolning o‘ziga bo‘lgan hurmati va e’tiboridan darak beradi. Shu sababli manikyur bugun deyarli barcha ayollarning odatiy turmush tarziga aylangan. Ammo bir savol ochiq qolmoqda: bu jiloli tirnoqlar bizga faqat go‘zallik hadya qiladimi yoki yashirin xavflarni ham olib kelishi mumkinmi?
Foto: Shutterstock
Bugun gel manikyur, dizaynli tirnoqlar va tez qurituvchi lampalar moda olamining ajralmas qismiga aylangan. Ayollar uchun bu nafaqat chiroy, balki ichki ruhiy qoniqish, kayfiyatni ko‘taruvchi jarayondir. Lekin dermatologlarning ta’kidlashicha, tirnoq ustidagi jilolar ortida ko‘zga ko‘rinmas xavf-xatarlar ham mavjud. Masalan, ko‘pchilik LED lampalarni xavfsiz deb o‘ylaydi. Aslida esa mutaxassislar fikricha, farq katta emas. UV va LED lampalar ultrabinafsha (UVA) nurlarini birdek chiqaradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, bunday nur har ikki haftada qilinadigan manikyurda saraton xavfini oshirmaydi, ammo uzoq muddatda terining qarishini tezlashtirishi va hujayralarga zarar yetkazishi mumkin.
Tirnoqdan gelni yechish masalasida ham turli usullar mavjud. Oldinlari atseton ko‘p ishlatilgan bo‘lsa, hozir apparat yordamida qirib tashlash usuli keng tarqaldi. Bir qarashda apparat qulayroq: tezroq, kimyoviy moddasiz. Lekin u ham tajribasiz qo‘lda xavfli — tirnoq yuzasini chuqur qirib yuborishi, mo‘rtlashtirishi, changi esa nafas olish tizimiga zarar yetkazishi mumkin. Atseton esa tirnoqni quritib yuboradi, terini yallig‘lantirishi ehtimoli bor. Demak, ikkalasining ham foydali va zararli jihatlari bor, eng muhimi ehtiyotkorlik va balansni saqlash.
Shuningdek, gigiyena masalasi ham dolzarb. Sterilizatsiya qilinmagan qaychi yoki pilkalar bakterial infeksiyalardan tortib, jiddiyroq kasalliklargacha olib kelishi mumkin. Shuning uchun salon tanlashda sharoit, uskunalarning tozaligi, xodimning tajribasi juda katta ahamiyatga ega.
Mutaxassislarning umumiy tavsiyasi bitta: manikyurni umuman rad etish shart emas, ammo uni e’tibor bilan qilish zarur. Manikyur oldidan qo‘llarga quyoshdan himoya kremi surtish, barmoqlari ochiq maxsus qo‘lqop kiyish, tirnoqlarga dam berish va uy sharoitida tabiiy vositalar bilan parvarish qilish go‘zallik va salomatlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlashning eng yaxshi yo‘lidir.
Mavzuga oid
15:18 / 04.12.2025
Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy instrumentlari joriy etiladi
16:06 / 29.11.2025
Neyronlar olamidagi sirlar: ayollar va erkaklar miyasi o‘rtasidagi farqlar haqida
17:50 / 21.11.2025
Go‘zallik yo‘lida qurbonlik: baland poshna aslida qanchalik xavfli?
11:49 / 17.11.2025