O‘zbekiston | 21:05 / 04.09.2025
27982
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston fuqarolariga o‘q uzgan chegarachilarning harakatlari asosli deb topildi

15 avgust kuni O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasida yuz bergan hodisani o‘rganish bo‘yicha tuzilgan komissiya xulosasi e’lon qilindi.

Foto: DXX Chegara qo‘shinlari

DXX Chegara qo‘shinlari xabariga ko‘ra, qirg‘izistonlik ikki nafar fuqaro o‘limi bilan tugagan hodisada ularga qarata o‘q uzgan o‘zbekistonlik chegarachilarning xatti-harakatlari asosli deb topildi.

Qayd qilinishicha, 15 avgust kuni Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Ugam-Chotqol qo‘riqxonasi yaqinidagi chegara mintaqasida 2 nafar noma’lum shaxslarning harakatlanayotgani kuzatilgan.

Chegara naryadi o‘z vakolati doirasida ularga to‘xtashni buyurgan, lekin ular qochishga uringan. Shunda chegarachilar qoidaga ko‘ra, ularni to‘xtatish uchun osmonga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi o‘q uzgan.

Ammo, ular chegara naryadining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, davlat chegarasi tomon harakatni davom ettirgan. Shundan keyin, so‘nggi chora sifatida ularga nisbatan qurol ishlatilgan.

Natijada, ular yaralanib, harbiy xizmatchilar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, voqea joyida vafot etgan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida, 1 dona chodir, 3 bosh ot, oziq-ovqat mahsulotlari hamda yashirinishga ulgurgan uchinchi shaxsning izlari topilgan.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegara idoralari xabardor qilingan.

31 avgust kuni vafot etganlar Qirg‘iziston fuqarolari ekanligi aniqlanib, ularning jasadi qarindoshlariga topshirilgan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara idoralari rahbarlarining o‘zaro kelishuviga asosan, 2-3 sentabr kunlari hodisa joyi hamkorlikda ko‘zdan kechirilgan.

«O‘rganishlar natijasida chegara naryadining xatti-harakatlari O‘zbekiston qonunchiligiga asosan amalga oshirilgani, yuqorida ko‘rsatilgan Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan Davlat chegarasi buzilgani, shuningdek, uchinchi shaxsning Qirg‘iziston tomonga qaytib, yashirinishga ulgurgani komissiya tomonidan tasdiqlandi. Qochgan shaxsni aniqlash va tegishli chora ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishildi», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu kabi holatning oldini olish maqsadida, har ikki tomon chegaraoldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda murakkab tog‘li xududlarni qo‘riqlashda o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishildi.

Mavzuga oid