Jahon | 22:06 / 05.09.2025
21376
5 daqiqa o‘qiladi

Kim Pekinga ko‘chma hojatxona bilan borgan. Bu – otameros odat

Azizlar, bugun qiziq mavzu haqida gaplashamiz. Asosiy qahramon – Kim Chen In bo‘ladi. Kim Xitoyga ko‘chma hojatxona bilan borgani va qo‘li tekkan buyumlar tozalab chiqilgani u haqdagi eski afsonalar qaytalanishiga sabab bo‘ldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Janobning biror izlari qolmasin!»

Yaqinda Xitoyda harbiy parad o‘tkazildi. Xitoy Amerikaga o‘z qurollarini ko‘z-ko‘z qilishiga bag‘ishlangan paradning ikki asosiy mehmoni Rossiya prezidenti Putin va uning do‘sti, Shimoliy Koreya lideri Kim Chen In bo‘ldi. Janob Kim o‘zi bir qashshoq davlat rahbari bo‘lsa-da, shunchalik unikal shaxski, har qanday siyosiy rahbar uning soyasida qoladi. Masalan, bir sahnaga Rossiya, Amerika, Xitoy rahbari va Kimni chiqarib ko‘ring. Anavi uchovining nima qilayotganiga hech kimning ishi bo‘lmaydi, lekin Kim nima qilayotganini hamma diqqat bilan kuzatadi. Chunki u dunyo siyosatidagi eng sirli davlat rahbari.

Xitoydagi paraddan keyin ham shunaqa bo‘ldi. Boshqa mehmonlar hammaning esidan chiqib ketdi, lekin jahon nashrlari Kimning harakatlarini yoritishdan charchamayapti. Tadbirni yoritishga borgan rossiyalik urush targ‘ibotchilaridan biri o‘z kanalida qiziq video e’lon qildi. Video Putin va Kim o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan xonadan olingan. Kadrda shimollik qo‘riqchilardan biri Kim o‘tirgan kursini, stoldagi uning qo‘li tekkan joylarni tozalayotgani ko‘rinadi. Boshqa bir xodim Kim tekkan idishni olib chiqib ketgan. Ya’ni shimoliy koreyalik qo‘riqchilar Kimning izini tozalab chiqishgan. Maqsad aniq – hech kim tovarish Kimning DNKsini ololmasin!

Ko‘chma unitaz

Yaponiyaning Nikkei nashriga ko‘ra, Xitoy safariga Kim odatdagidek poyezdda borgan. Poyezdda esa Kimning doimiy ko‘chma hojatxonasi bo‘lgan. Kim harbiy paradga ko‘chma hojatxona bilan borganini koreys va yapon maxsus xizmatlari ham tasdiqlagan. Shimoliy Koreya bo‘yicha ekspertlarga ko‘ra, bu Kimni qo‘riqlash doirasida amalga oshiriladigan odatiy protsedura. Uning otasi Kim Chen Ir davrida ham bunaqa odat bo‘lgan. Shu tariqa koreyslar xorijliklar o‘z liderlarining salomatligi haqida ma’lumot aniqlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Kimning qo‘riqchilari uning barcha safarlariga maxsus chiqindi xaltalari ham olib borishadi, uning qo‘li tekkan har qanday buyum tozalanib, chiqindi yo‘q qilinadi.

Masalan, 2019 yil Kim Vetnamda Donald Tramp bilan ko‘rishganidan keyin uning qo‘riqchilari lider qolgan xonani soatlab tozalagan, u yerdan matrasni ham olib chiqib ketishgan. 2018 yil Kim Janubiy Koreya prezidenti Mun Che In bilan uchrashganda ayniqsa diqqat bilan ishlashgan. O‘shanda stul Kim o‘tirishidan avval dezinfeksiya qilingan, u foydalanadigan idishlar tekshirib chiqilgan.

2023 yil Kim Putin bilan uchrashganda qo‘riqchilardan biri uning stulini metall izlovchi qurilma bilan tekshirgan. Ha, Kim o‘z salomatligi masalasida hech kimga, hatto eng yaqin ittifoqchisi Rossiyaga ham ishonmaydi.

Afsonalar

Shu o‘rinda qiziq bir ma’lumotga to‘xtalsak. Bilasizmi, Shimoliy Koreyada ko‘pchilik Kim Chen In hech qachon hojatxonaga chiqmaydi deb o‘ylaydi. Axir u hojatxonaga borganini hech kim ko‘rmagan-da! Kim qayerda bo‘lmasin, ko‘chma hojatxona bilan boradi. Uning maxsus mashinasida, zirhli poyezdida hojatxona bor. Hatto koreys nashrlarida «Kim shunchalik ko‘p mehnat qiladiki, uning yegani tanasiga yuqib ketadi» degan afsona sizdiriladi.

«Kungfu panda» multfilmi qahramoni Po ajdar jangchisi shudring va quyosh nuri bilan oziqlanishi haqida afsonani eshitganda, kayfiyati tushib ketadi. Axir chinakam ajdar jangchisi bo‘lgan Po dadasi pishirgan mantilarni paqqos tushirishni yaxshi ko‘radi-da. Balki Shimolda Kim Chen In shudring va quyosh nuri bilan oziqlanishi haqida afsona ham tarqalgandir. Avtokratiya ana shunaqa narsa, janoblar. Odamlar aqlga sig‘maydigan miflarga ishonib yurishadi. Omon bo‘ling. Oddiy inson bo‘lish qanchalik yaxshi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid