Jahon | 17:27 / 05.09.2025
9844
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp nega Rossiya–Ukraina urushini to‘xtata olmayapti?

Bugun Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtata olmayotgani haqida gaplashamiz. Esingizda bo‘lsa, AQSh prezidenti 8 avgustgacha Moskva Kiyev bilan sulh imzolamasa, Rossiyaga qarshi chora ko‘rishini aytgandi. Va biz bu borada e’lon qilgan videomizda taxmin qilganimizdek, hech qanday sanksiya bo‘lmadi, chora ham ko‘rilmadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qaytaga Tramp Putinni Amerikada alvon gilam yozib kutib oldi, ikkovlon AQSh prezidentining Kadelakiga o‘tirib gurung qilishdi, juda ko‘p rasmga tushishdi. Xullas, urushni tugatishdan boshqa hamma ishni qilishdi. Trampning yondashuvi bilan urushni tugatib bo‘lmasligi kunday ravshan. Quyida buning ba’zi sabablariga to‘xtalamiz.

Siyosat biznes emas

Alyaskadagi uchrashuv oldidan va undan keyin Amerika nashrlarida qiziq ma’lumotlar tarqaldi. Unda aytilishicha, Tramp Putinga sanksiyalarni bekor qilish, savdo aloqalarini, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash va hatto ruslarga Alyaskada nodir metallar qidirish ishlarida qatnashishni taklif qilgan ekan. Ya’ni milliarder Tramp Putinga biznesmenchasiga «manfaatli kelishuv» taklif qilib, evaziga Putin Ukrainaga egallangan birorta viloyatini berib, urushni tugatishini istagan.

Amerika prezidentining bayonotlari, Rossiyaning ishlaridan hayron qolayotgani, Putindan hafsalasi pir bo‘lgani haqida gaplaridan bir xulosaga kelish mumkin: Tramp chindan Putin bilan iqtisodiy shartlar evaziga kelishish mumkin deb o‘ylagan. Bu juda ajablanarli. Nahot butun boshli Amerika prezidenti Putin uchun, Rossiya uchun pul muammo deb o‘ylasa? Axir inson qadami yetmagan Sibirdagi gaz va neft konlarining o‘zi ruslarga istalgancha urushish imkonini beradi-ku.

Rossiyada hech qachon urushishga pul topish muammo bo‘lmasligini anglash uchun shunchaki istalgan katta shahar ko‘chasiga chiqib, mashinalar tirbandligini kuzatish kifoya. Yer yuzidagi millionlab mashinalar havo bilan yurmaydi, ularga yoki neftdan olinadigan benzin quyish yoki gaz yoqib olinadigan elektrda quvvatlash kerak. Rossiyada bu ikki resursning bitmas-tuganmas manbasi bor. Shunday ekan, Rossiyani bunaqa biznes kelishuvlar evaziga muzokara stoliga o‘tqizish aqlga sig‘maydigan ish.

Xato ma’lumot?

Alyaskadagi sammit boshlanishi oldidan Tramp juda katta va’dalar bergan, ko‘pchilik bu uchrashuvdan keyin urush tugab, barchasi tarixga aylanishini kutgandi. Lekin AQSh va Rossiya prezidentlarining uchrashuvi ularning telefon suhbatidan hech qanday farq qilmadi, hech qanday kelishuv bo‘lmadi. Xo‘sh, unda Tramp nimaga ishonib bunaqa katta gapirgandi?

Shu yerda yirik nashrlar e’lon qilgan bir xabar esga keladi: Putin bilan uchrashuvlardan biriga professional tarjimonsiz, bir safar davlat departamenti kotibisiz borgan Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff Rossiya prezidentining gaplarini tushunmagan. Bir qator G‘arb nashrlarining vaziyatdan xabardor manbalariga ko‘ra, Putin o‘zaro uchrashuv vaqtida Uitkoffga Ukraina Donbassni to‘liq topshirish bilan birga Zaporijjya va Xersondan chiqib ketsa, Rossiya urushni to‘xtatishga roziligini aytgan. Uitkoff esa buni Rossiya Zaporijjya va Xersondan chekinishga tayyor deb tushungan.

Tramp Rossiya bo‘yicha maxsus ekspertlar yoki professional razvedkachilarga emas, diplomatiyadan yiroq milliarder do‘stiga ishonadi. Tramp katta ehtimol do‘stining mana shu gapiga ishonib «Har ikki tomon bir qism yerdan voz kechadi va urush tugaydi», deb aytgandi. Lekin Rossiya egallagan yerlaridan bir qarich ham ortga chekinmasligi kunday ravshan. Axir Putin bunga ishora qiladigan gap aytgani yo‘q.

Yondashuv

Tramp urushni tugata olmayotganining eng asosiy sababi mana shu – masalaga nojiddiy yondashuv. Mister Tramp Rossiya va Ukrainadan juda uzoqda yashaydi, kapitalistik davlat rahbari bo‘lgan bu inson hamma bilan kelishish mumkin deb o‘ylaydi. Lekin urush ildizi qayerga borib taqalishi, nega bu Amerika va Yaponiya, HAMAS va Isroil, Ozarboyjon va Armaniston, umuman hech qaysi urushga o‘xshamagan, butkul boshqacha urush ekanini tushunishni istamayotgan ko‘rinadi.

Sobiq ittifoq hududida yashaydigan, siyosatdan biroz xabari bor istalgan odamdan so‘rasangiz, bu urush sababini tushuntirib bera oladi. Chunki urush bizga juda yaqin hududda bo‘lmoqda, biz yaqingacha bu ikki davlat bilan bir siyosiy tuzum ostida yashadik, muammo ko‘z oldimizda shakllangan.

Biroq Amerika prezidenti bu urushni bolalar maydonchasidagi ikki injiq bolaning o‘yinchoq talashib janjallashishiga o‘xshatishda davom etmoqda. Trampga bu misol juda yoqib qolgan ko‘rinadi, oxirgi intervyusida ham uni yana takrorladi.

Yo‘q, mister Tramp, bu siz o‘ylaganchalik oddiy urush emas. Shunchalik yomon urushki, uni to‘xtatmasa, atrofga tarqalib ketishi mumkin. Bu urush o‘tgan asrning 38-yillarida kurtak ota boshlagan tarixdagi eng dahshatli qirg‘inbarot boshlanishini eslatmoqda. O‘xshashliklar juda ko‘p. Faqat bitta farq bor – zamon o‘zgargan, insonlarning qadriyatlari moddiylashgan, odamlarning yo‘qotadigan narsasi ko‘paygan. Yaxshiyam insonlar quruq gapga uchib urushadigan zamon emas, aks holda bu urush shamoli juda uzoqqa tarqalgan bo‘lardi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid