Sog‘lom hayot | 21:14 / 06.09.2025
3668
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda ruhiy muammolarga ega milliarddan ortiq odam bor - JSST

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yangi ma’lumotlarni e’lon qildi, unga ko‘ra, dunyodagi 1 milliarddan ortiq odam ruhiy salomatlik muammolari - xavotir, depressiya va boshqa ruhiy disfunksiyalar bilan yashamoqda.

Foto: Getty Images

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda 15 yoshdan oshgan 400 million kishi spirtli ichimliklarni iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalliklarga, 2022 yilda esa 64 milliondan ortiq odam giyohvand moddalarni iste’mol qilish oqibatida kelib chiqqan kasalliklarga chalingan. 2021 yilda qariyb 57 million kishi demensiyadan, 24 milliondan ortig‘i epilepsiyadan aziyat chekkan.

JSST eng keng tarqalgan ruhiy kasalliklar deb xavotirli va depressiv buzilishlarni aytadi, 2021 yilda ular barcha ruhiy kasalliklarning 2/3 qismidan ko‘prog‘ini tashkil etdi. Bunday kasalliklar ko‘pincha 20-29 yoshdagi kishilarda uchraydi. Hisobotda qayd etilishicha, 2011-2021 yillarda ruhiy kasalliklarga chalinganlar soni dunyo aholisi sonidan tezroq o‘sgan.

JSST, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’i nazar, barcha mamlakatlarda o‘z joniga qasd qilishni «yoshlar orasidagi bevaqt o‘limning asosiy sababi» deb ataydi. 2021 yilda o‘z joniga qasd qilish 727 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan. JSST hisobotida aytilishicha, o‘z joniga qasd qilishdan o‘limni kamaytirish bo‘yicha hozirgi sa’y-harakatlar yetarli emas - 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich BMT taxmin qilganidek uchdan bir emas, balki hozirgi dinamikani saqlab qolgan holda atigi 12 foizga kamayadi.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, ruhiy kasalliklarning tarqalishidan ko‘rilgan zarar yiliga 12 milliard samarali ish kunini tashkil etadi - bu jahon iqtisodiyotiga yiliga taxminan 1 trillion dollarga tushadi.

Shu bilan birga, depressiyaga chalinganlarning atigi 9 foizi sifatli davolanmoqda. Bundan tashqari, psixoz bilan og‘rigan odamlarning 71 foizi umuman tibbiy yordam olmaydi.

Mavzuga oid