Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Karib havzasiga qo‘shimcha kuchlar joylashtirmoqda va Venesuela prezidentiga bosimni kuchaytirmoqda
Vashington Venesueladagi rejimni o‘zgartirishga tayyorlanmayapti, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh narkokartellarga qarshi operatsiyalar o‘tkazish uchun Karib dengizidagi Puerto-Riko aerodromiga 10 ta F-35 qiruvchi samolyotini joylashtirishga qaror qilgani haqidagi xabarlar fonida.
Foto: Getty Images
Juma kuni jurnalistlardan biri Oq uyda Trampdan Venesuelada rejim o‘zgarishini xohlash-xohlamasligini so‘radi. «Biz bu haqda gaplashmayapmiz», deb javob berdi AQSh prezidenti. «Ammo biz [Venesuelada] saylovlar bo‘lib o‘tgani haqida gapirmoqdamiz, yumshoq qilib aytganda, bu juda g‘alati edi», – dedi Tramp o‘tgan yilgi prezidentlik saylovlari va natijalar soxtalashtirilgani haqidagi ayblovlarni nazarda tutib.
CNN telekompaniyasi manbalarga tayanib, Tramp Venesuelada faoliyat yuritayotgan narkokartellarga zarba berishning ko‘plab variantlarini, jumladan, mamlakat prezidenti Nikolas Maduroni zaiflashtirishga qaratilgan kengroq strategiya doirasida mamlakat ichidagi nishonlarga zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ta’kidlamoqda.
Seshanba kuni AQSh Karib dengizining janubiy qismida giyohvand moddalar olib ketayotgan kemaga zarba bergan. 11 kishi halok bo‘lgan, kema cho‘kib ketdi.
CNN manbalarining aytishicha, Venesueladan kelayotgan kemaga berilgan zarba «mintaqani narkotrafikdan xalos qilish va Maduroni hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha ancha keng ko‘lamli sa’y-harakatlar»ning boshlanishi bo‘lgan.
Manbalardan birining aniqlik kiritishicha, hozircha Tramp Venesuela ichidagi nishonlarga harbiy zarbalar berishga qaror qilganining hech qanday alomati yo‘q. Biroq, Oq uyning ikki suhbatdoshi kelajakda bunday zarbalar bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.
Seshanba kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubioga Venesuela hududiga ehtimoliy zarbalar haqida savol berildi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qochdi. «Bu giyohvandlikka qarshi kurash operatsiyasi, – dedi Rubio. – Biz qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, narkokartellarga qarshi kurashamiz».
So‘nggi haftalarda AQSh Karib dengiziga katta harbiy kuchlarni tashladi, Oq uydagi manbalarning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali Maduroga signal berish ko‘zda tutilgan, deb yozadi CNN.
«Tomagavk» raketalari bilan qurollangan kemalar, zarbdor suvosti kemasi, samolyotlar, shuningdek, 4 mingdan ortiq dengizchilar va dengiz piyodalari hozirda Venesuela qirg‘oqlari yaqinida turibdi.
CNN va Reuters manbalari xabar berishicha, AQSh narkokartellarga qarshi operatsiyalar o‘tkazish va Karib havzasida harbiy ishtirokni kuchaytirish uchun Puerto-Rikodagi aerodromga qo‘shimcha 10 ta ko‘rinmas beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini joylashtiradi.
Maduro shu hafta AQSh «harbiy tahdid orqali rejimni o‘zgartirish»ga intilayotganini aytdi. «Qo‘shma Shtatlar hukumati Venesuela va butun Lotin Amerikasida rejimni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish rejasidan voz kechishi hamda suverenitet, tinchlik va mustaqillik huquqini hurmat qilishi kerak», – dedi Venesuela prezidenti teleefirda.
«Men Trampni hurmat qilaman. Ammo bizda mavjud bo‘lgan hech qanday kelishmovchilik harbiy mojaroga olib kelmasligi kerak», – dedi Maduro.
10 ta F-35 qiruvchi samolyoti Puerto-Rikoga joylashtirilishi Trampning Qo‘shma Shtatlarga giyohvand moddalarni olib o‘tuvchi guruhlar faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha saylovoldi va’dasining bajarilishi munosabati bilan Karib dengizi janubiy qismida AQShning shundoq ham kuchaytirilgan harbiy ishtirokiga qo‘shimcha ravishda amalga oshirilmoqda, deb izoh berdi Reuters.
F-35 haqidagi ma’lumotlar Pentagon Venesuelani payshanba kuni AQSh harbiy-dengiz kuchlari harbiy kemasi yaqinidan qiruvchi samolyotlarning «o‘ta provokatsion» tarzda uchib o‘tishida ayblaganidan bir necha soat o‘tib paydo bo‘ldi. Trampning aytishicha, agar qo‘mondonlik zarur deb topsa, Amerika harbiylari bu samolyotlarni urib tushirishga haqli: «Agar ular bizni haqiqatan ham xavfli ahvolga solib qo‘ysa, ularni urib tushirishadi».
Juma kuni Tramp AQShning Karib havzasidagi harbiy faolligini oqlashga urinib, yuz minglab amerikaliklarning giyohvandlik moddalarini haddan tashqari ko‘p iste’mol qilishdan o‘lim holatlarini urushdagi o‘limlar bilan taqqosladi. Oq uy Maduro hukumatini giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘lashga bir necha bor uringan, Karakas esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib keladi.
Xususan, AQSh prezidenti Venesuela prezidentini fevral oyida Vashington terrorchilik tashkiloti deb tan olgan Tren de Aragua to‘dasiga aloqadorlikda ayblagandi. Maduro Tren de Aragua tashkiloti bilan aloqadorligini rad etadi.
F-35 qiruvchi samolyotlari – Venesuela harbiy-havo kuchlariga, shu jumladan F-16 samolyotlariga qarshi kurashda samarali bo‘ladigan yuqori texnologiyali, ko‘zga ko‘rinmaydigan qiruvchi samolyotlardir, deb ta’kidlaydi Reuters.
Agentlik manbasi ma’lum qilishicha, payshanba kuni Venesuelaning aynan ikkita F-16 qiruvchisi «Jyeyson Danem» nomli esminetsi ustidan uchib o‘tgan. Bu Amerikaning Karib dengizida joylashtirilgan kamida yettita harbiy kemasidan biri bo‘lib, uning bortida 4 mingdan ortiq dengizchi va dengiz piyodalari bor.
Harbiy salohiyatni oshirish Maduroga bosim o‘tkazmoqda, Pentagon rahbari Pit Hegset uni «narkotik davlatning amaldagi rahbari» deb atadi, deya ta’kidlaydi Reuters. AQSh prezidenti ma’muriyati rejalaridan xabardor manbalardan biri CNN telekanaliga bergan izohida «Maduro o‘z ixtiyori bilan ketgani ma’qul» ekani haqida gapirgan.
Shu bilan birga, minnesotalik demokrat, AQSh kongressmeni Ilxan Umar Trampning Karib dengizi janubiy qismidagi harakatlarini qoralab, ularni «noqonuniy» deb atadi. «Kongress Venesuela davlati yoki Tren de Aragua guruhiga urush e’lon qilmadi va guruhning terrorchilik tashkiloti deb tan olinishining o‘zi hech bir prezidentga urush va tinchlik masalalarida Kongressning aniq konstitutsiyaviy vakolatlarini e’tiborsiz qoldirishga imkon bermaydi», - dedi Umar.
AQSh rasmiylari seshanba kuni kemaga havo hujumi uyushtirish uchun qanday huquqiy asosdan foydalanilgani va bortda qanday giyohvand moddalar bo‘lganiga aniq izoh bermadi. Tramp kemadagilar Tren de Aragua a’zolari ekaniga dalil keltirmagan.
Mavzuga oid
08:52 / 04.12.2025
Tramp: Putin kelishuv tuzishni va «normal hayotga qaytishni» istayapti
15:57 / 03.12.2025
Maduroning imkoniyatlari tugadi. Uning Tramp bilan telefon muloqoti haqida nimalar ma’lum?
21:10 / 02.12.2025
Tramp 5 soatda ijtimoiy tarmoqda 160 dan ortiq post joyladi
01:11 / 01.12.2025