Jahon | 23:36 / 08.09.2025
4078
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Vazirlar Mahkamasi iste’foga chiqadi

Bosh vazir Fransua Bayruga ishonchsizlik votumi e’lon qilindi. Endi hukumat 9 oylik faoliyatdan so‘ng, to‘liq tarkibda iste’foga chiqadi.

Foto: AP

Fransiya Milliy assambleyasi mamlakat bosh vaziri Fransua Bayruga ishonchsizlik votumi e’lon qildi. Uning hukumati to‘qqiz oylik faoliyatidan so‘ng iste’foga chiqadi.

Bayruni 194 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, ammo 364 navari qarshi ovoz berdi. Ovoz berish jarayoni Bayru tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi, chunki Fransiya davlat qarzini kamaytirish uchun davlat xarajatlarini deyarli 44 milliard yevroga qisqartirishni taklif qilganidan so‘ng, siyosiy inqiroz yuzaga kelgan edi. Bayru, xususan, soliq stavkalarini, shuningdek, ijtimoiy to‘lovlar va pensiyalarni hozirgi darajada muzlatib qo‘yishni taklif qildi.

Bayru 9 sentabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga iste’foga chiqish uchun ariza berishi kutilmoqda. U Makron 2017 yilda saylanganidan beri oltinchi bosh vazir bo‘ldi.

2017 yilda Emmanuel Makron prezident etib saylanganida bosh vazir Eduard-Sharl Filipp edi. 2020 yilda uning o‘rnini Jan Kasteks egalladi va bu lavozimda 2022 yilning mayigacha ishladi. Undan keyin Elizabet Born bosh vazir bo‘ldi. U 2024 yil yanvar oyida iste’foga chiqdi va keyingi yil davomida bu lavozimda Gabriel Attal va Mishel Barniye ishladi. 2024 yil dekabr oyida Makron Fransua Bayruni bosh vazir etib tayinlagan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid