Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampdan «so‘nggi» ogohlantirish: Hamas muzokaralarga tayyorligini aytdi, Isroil sukut saqlamoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azodagi urushni tugatish va garovdagilarni qaytarish bo‘yicha Hamasga «oxirgi ogohlantirish»ni berdi. Hamas G‘azoni boshqaradigan mustaqil falastinliklar qo‘mitasini tuzish evaziga muzokaralarga tayyor. Isroil esa Trampning taklifini «jiddiy o‘rganmoqda».
Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp 7 sentabr kuni Nyu-Yorkka qisqa safardan so‘ng Vashingtonga qaytgach jurnalistlarga murojaat qildi. Reuters'ning yozishicha, u G‘azodagi sulh masalasida samolyotda muhokamalar olib borgan.
«Biz juda yaxshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan yechim ustida ishlayapmiz. Buni juda tez orada eshitasiz. Biz urushni tugatishga, garovdagilarni qaytarishga harakat qilyapmiz», – dedi u. Batafsil ma’lumot bermadi.
Tramp avvalroq ham Hamasni hech qanday tafsilot keltirmagan «kelishuv shartlarini» qabul qilishga chaqirgan edi.

«Hamma garovdagilarning uyiga qaytishini istaydi. Hamma bu urush tugashini istaydi! Isroilliklar mening shartlarimni qabul qildi. Endi Hamas ham qabul qilishi vaqti keldi. Men Hamasni qabul qilmaslik oqibatlari haqida ogohlantirdim. Bu mening oxirgi ogohlantirishim, boshqa bo‘lmaydi!» – deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida.
Tramp, shuningdek jurnalistlarga barcha garovdagilar qaytarilishini o‘ylayotganini aytdi: «Menimcha, biz ularning barchasini qaytaramiz».
Ularning ayrimlari allaqachon halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini, ammo Tramp maqsad jasadlarini qaytarib olish ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Hamas ham sulhga tayyor
Hamas esa Trampning taklifini rad etmadi. Yakshanba kuni bergan bayonotida guruh muzokaralarga darhol kirishishga tayyorligini bildirdi:
«Hamas xalqimizga qarshi tajovuzni to‘xtatish yo‘lidagi har qanday sa’y-harakatni olqishlaydi va barcha mahbuslarni ozod qilishni urushni yakunlash haqida aniq e’lon, G‘azo sektoridan to‘liq chiqish va G‘azoni boshqarishni darhol boshlaydigan mustaqil falastinliklardan iborat qo‘mita tuzish evaziga darhol muzokara stoliga o‘tirishga tayyorligini tasdiqlaydi», – deyiladi bayonotda.
Al-Jazeera’ning yozishicha, Hamas – Isroildan taklif shartlariga «aniq va ommaviy majburiyat» talab qilmoqda, shunda kelishuv yana buzilmasligiga ishonch hosil qilinadi.
Uitkoffning sulh rejasi va yangi vositachilar
Axios nashrining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Uitkoff o‘tgan hafta G‘azoda garovdagilar va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yuzasidan Hamasga yangi taklif yubordi.
AQShning yangi taklifi Isroil G‘azo shahrini bosib olish uchun rejalashtirayotgan yirik hujumdan oldin diplomatik yechim topishga qaratilgan.
Taklifga ko‘ra, qolgan 48 nafar garovdagi odam ozod qilinadi, buning evaziga sulh e’lon qilinadi va Isroilning G‘azo shahrini egallash operatsiyasi to‘xtatiladi. Shuningdek, Isroil 2500–3000 falastinlik mahbus va hibsdagilarni ozod qiladi, ularning yuzlab nafari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Taklifga ko‘ra, sulh e’lon qilingach, urushni yakunlash shartlari bo‘yicha darhol muzokaralar boshlanadi – bular orasida Isroilning Hamasni qurolsizlantirish talabi va Hamasning Isroil mudofaa kuchlarining G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishi haqidagi talabi ham bor. Taklifda, agar Hamas tashabbusga ijobiy javob bersa, Tramp urushni tugatish uchun faol ishlashini va sulh urushni tugatish shartlari bo‘yicha muzokaralar davom etar ekan, kuchda qolishini ta’kidlagan.
Taklifda Hamasga shunday xabar ham yetkazilgan: agar guruh bu tashabbusni qabul qilmasa, alternativ yo‘l juda yomon bo‘ladi, ya’ni G‘azoda Isroilning keng ko‘lamli harbiy operatsiyasi boshlanadi.
Nashrning yozishicha, Uitkoff – asli falastinlik bo‘lgan tadbirkor Bishara Bahbah orqali Hamas bilan aloqalarni amalga oshirmoqda.
U keltirgan javobda Hamas garovdagilar ozod qilinishi faqat doimiy sulh e’lon qilinishi va Isroil qo‘shinlarining G‘azodan to‘liq chiqib ketishi bilan bir vaqtda amalga oshishi kerakligini aytgan.
Uitkoff, shuningdek Hamas bilan yangi aloqa kanalini, vositachilar va Isroilga xabar bermay Gershon Baskin orqali ham o‘rnatgani aytilmoqda.
«Muammo shundaki, Hamas Uitkoffning misrlik va qatarliklarni chetlab o‘tuvchi orqa kanallariga juda shubha bilan qaraydi. Ular bu kanallarni ishonchli deb bilmaydi,» – dedi bir isroillik rasmiy.
Ularning ta’kidlashicha, Hamasning asosiy shubhasiga sabab – garovdagi amerikalik Edan Aleksandr ozod etilgach, AQSh Isroilga urushni tugatish uchun bosimni kuchaytirmagan. Natijada guruh o‘zini «aldangan» deb his qilishidir.
«Oldinga siljish uchun Isroil, Hamas yoki AQShning pozitsiyalaridan biri o‘zgarishi kerak,» – dedi yuqori martabali isroillik rasmiy.
Isroilning noaniqligi va davom etayotgan genotsid
Isroil hukumati taklifni qabul qilgani haqida jamoatchilikka rasmiy bayonot bermadi. Netanyahu tarafdorlari orqali berilgan qisqa izohda «Isroil prezident Trampning taklifini jiddiy ko‘rib chiqmoqda, ammo Hamas uni rad etishi mumkin», deyiladi.
Urushning 23 oyi davomida AQSh rasmiylari Isroil sulh tashabbuslarini qabul qilganini takror-takror da’vo qilib kelmoqda, biroq Isroil rahbarlari hujumni kuchaytirishga va’da berishda davom etmoqda. Yetakchi inson huquqlari tashkilotlari va olimlar esa bu jarayonni genotsid deb atamoqda.
Trampning taklifi Isroil huquq tashkilotlari va G‘arb rasmiylarining e’tirozlariga qaramay G‘azo shahrini qo‘lga olish kampaniyasini kuchaytirayotgan bir paytda ilgari surildi.
AQSh prezidenti har doim Isroilni qat’iy qo‘llab kelgan. O‘tgan hafta uning ma’muriyati Isroilning noqonuniy xatti-harakatlarini Xalqaro jinoiy sud tekshirayotganiga hamkorlik qilgan falastinlik huquq tashkilotlariga sanksiya qo‘lladi.
Isroilning hujumi shu kunga qadar 64 mingdan ortiq falastinlikning o‘limiga sabab bo‘ldi, sun’iy ravishda yaratilgan ocharchilikni keltirib chiqardi va hududning katta qismini vayron qildi.
Mavzuga oid
14:35 / 05.12.2025
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
13:42 / 05.12.2025
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
12:51 / 05.12.2025
«Haqiqat bo‘lishiga juda kuchli asoslar bor» – BMT bosh kotibi G‘azodagi urush jinoyatlari haqida
09:40 / 05.12.2025