Jahon | 23:23 / 08.09.2025
9086
7 daqiqa o‘qiladi

Yevropa jamiyatlari Ukrainaga qo‘shin yuborishga qarshi, nega?

Ko‘ngillilar koalitsiyasidagi 26 ta davlat urushdan keyin Ukrainaga o‘z harbiylarini jo‘natishga tayyor, deya ma’lum qildi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. Lekin ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Kiyevni himoya qilish uchun askar jo‘natish g‘oyasiga nisbatan Yevropa jamiyatlarida umumiy qarshilik saqlanib qolmoqda. “Geosiyosat” dasturi ekspertlari buning sabablari haqida so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

4 sentabr kuni Parijda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Ko‘ngillilar guruhi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida mezbon Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 26 ta davlat Ukrainaga o‘z harbiylarini jo‘natishga tayyorligini bildirganini ma’lum qildi.

Ertasiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunga munosabat bildirib, Ukrainaga keladigan G‘arb harbiylarini “qonuniy nishon” deb hisoblashini aytdi. Vaholanki, avvalroq RF ham bu urushda o‘zining Kursk viloyatini ozod qilish uchun KXDR harbiylari yordamidan foydalangan edi.

Ayni paytda, Yevropaning qator davlatlari hukumat darajasida qo‘shin yuborishga tayyorligini bildirayotgan bo‘lsa-da, hukumat qarorlarini belgilaydigan jamiyatlar darajasida bunday deb bo‘lmaydi. Yevroittifoq jamiyatlaridagi ijtimoiy fikrni o‘rganuvchi Century End fondining iyun oyidagi so‘rovlariga ko‘ra, YeI aholisining 67 foizi Ukrainaga harbiy jo‘natishga qarshi. Ittifoqning hech bir davlatida bu g‘oyani qo‘llovchilar ulushi ko‘pchilikni tashkil etmagan.

Ayni mavzu Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida muhokama markazida bo‘ldi.

— KXDR qo‘shinlari Rossiya hududida ekan, nega G‘arb askarlari Ukrainaga kirishi mumkin emas?

Anvar Yo‘ldoshev: Birinchidan, dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan yollanma jangchilar Ukraina tomonida allaqachon urushda qatnashyapti. Ikkinchidan, siz aytayotgan rasmiy harbiy qismlar masalasi: qatnashsin, nega qatnashmayapti? Chunki Yevropada inson qadri juda yuqori turadi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi davlatlarida va AQShda jamoatchilik nazorati kuchli, demokratiya ishlaydi. Aynan mana shu omil hukumatlarga bosim qiladi. Yevropa Ittifoqida jamoatchilik fikri hal qiluvchi ahamiyatga ega. Jamiyatda “Nega mening farzandim urushga borishi kerak?” degan qarash kuchli bo‘lgani uchun siyosatchilar ham ochiq norozilik bildiradi. Shu bois, qog‘ozda 10 ming askar yig‘ilishi mumkinligi aytilsa-da, amalda bunday safarbarlikni amalga oshirish juda mushkul.

Oybek Sirojov: Yevropa Ittifoqining asosiy muammosi shundaki, ularda qo‘shin jo‘natish salohiyati ham yetarli emas. Yevropada vaziyat boshqacha, real ravishda bunday kuchni safarbar qila olishlariga shubha katta. Buning sababi ijtimoiy omillarda: 1990-yillardan buyon Yevropa jamiyatlarida asosiy e’tibor ijtimoiy himoya va farovonlikka qaratildi. Vatanparvarlik va harbiy ruh esa chetga surildi. NATO soyaboni ostida yashash esa xavfsizlik hissini mustahkamlab, Yevropaning bugungi darajaga erishishida katta rol o‘ynadi. Lekin endi Yevropa Ittifoqi yangi voqelik bilan yuzma-yuz turibdi: qo‘shin yuborish zarur, ammo jamiyat bunga tayyor emas.

Buni Germaniya yoki Polsha misolida ham ko‘rish mumkin: siyosiy rahbarlar qo‘shin yubormaslik tarafdori, chunki ular jamoatchilikning keskin qarshiligini bilishadi. Albatta, qo‘shin yuborilsa, Rossiya keskin reaksiyasini bildirishi mumkin. Biroq asosiy muammo – Yevropa buni bemalol qila oladigan imkoniyatga ega emasligida.

Kamoliddin Rabbimov: Birinchidan, bugungi kunda Yevropa davlatlarining minglab harbiy mutaxassislari Ukrainada konsultant sifatida faoliyat yuritmoqda. Ular bevosita jangovar harakatlarda qatnashmaydi, balki ukrainalik harbiylarga qurol ishlatishni, mudofaa va hujum strategiyalarini o‘rgatadi. Agar ular qo‘liga qurol olib rus askarlarini bevosita o‘ldira boshlasa, bu avtomatik ravishda uchinchi jahon urushi boshlanishini anglatadi. Chunki bunday vaziyatda, masalan, fransuz, nemis yoki gollandiyalik askar Ukraina hududida rus fuqarolariga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri jang qilsa, bu uchinchi davlatning bilvosita emas, balki bevosita urushga aralashuvi hisoblanadi.

Ikkinchidan, Shimoliy Koreya masalasi. Bu davlat marginal, ya’ni jahon hamjamiyatidan ajralgan mamlakat sifatida tanilgan. Pxenyan askarlari ham urushning markazida emas, balki unga yaqin hududlarda faoliyat yuritmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar 2000 ga yaqin shimoliy koreyalik askar halok bo‘lgan. Biroq Kim Chen In bundan manfaatdor, chunki u Rossiyadan qurol, texnologiya va moliyaviy yordam olayotganini biladi. Aslida bu oddiy almashinuv: Shimoliy Koreya askar va inson resursi beradi, evaziga Rossiyadan gaz, neft, pul va qurol-aslaha oladi.

Shimoliy Koreya uzoq yillar davomida xalqaro maydonda yakkalanib qolgan, hech kim unga yaqinlashmagan. Biroq bugun vaziyat o‘zgardi: Rossiyaning ochiq ittifoqchisiga aylandi.

Shuhrat Rasul: Yevropada inson qadri va hayoti eng oliy darajada qadrlanadi. Shu sababli Yevropa davlatlari Ukrainaga yordamni ko‘proq pul va qurol-aslaha yetkazib berish orqali amalga oshirmoqda, ammo o‘z fuqarolarining bevosita urushda qatnashishiga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki u yerda har bir inson hayoti muhim. Bunga qarama-qarshi tarzda, Rossiya bugun to‘liq marginal davlatga aylangan: millionlab odam halok bo‘layotganiga qaramay, rahbariyat bunga e’tibor qilmayapti.

Xuddi shunday, Shimoliy Koreya ham marginal davlat sifatida inson hayotini qadrlamaydi. Afrikadagi ayrim mamlakatlarda ham yuz minglab odamlarning o‘limi qabila boshliqlari uchun oddiy hodisaday ko‘riladi.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid