Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada keng ko‘lamli namoyishlar: 200 ga yaqin kishi hibsga olingan, transport kollapsi yuzaga kelgan
Bu voqealar mamlakatdagi siyosiy inqiroz bilan birga kechmoqda. Shu kunlarda Makron 2022 yilda qayta saylanganidan beri beshinchi bosh vazir almashdi.
Chorshanba kuni erta tongda butun Fransiya bo‘ylab Bloquons Tout («Hamma narsani bloklaymiz») harakati tomonidan tashkil etilgan norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar avtomagistrallarni to‘sib, temiryo‘l transporti faoliyatini izdan chiqargan. Rasmiylarga ko‘ra, o‘nlab odamlar hibsga olingan, butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik kuchlari joylashtirilgan.
Ichki ishlar vaziri Bruno Retayo chorshanba kuni ertalab jurnalistlarga mamlakat bo‘ylab xavfsizlik kuchlarining 80 ming xodimi (Parijda 6 ming) joylashtirilgani haqida ma’lum qildi. Fransiya ommaviy axborot vositalari namoyishlarda 100 minggacha odam ishtirok etishini kutmoqda.
«Biz butun mamlakat bo‘ylab aksiyalarga olib keladigan safarbarlikka duch kelish xavfi ostida turibmiz», – degan Retayo.
Uning so‘zlariga ko‘ra, allaqachon 200 ga yaqin odam hibsga olingan.
Retayoning qayd etishicha, Bordo shahrida kapyushonka kiygan 50 ga yaqin kishi yo‘llarni to‘sib qo‘yishga harakat qilgan, Tuluzada esa kabel liniyasidagi yong‘in Fransiya janubi-g‘arbidagi Tuluza va Osh o‘rtasidagi harakatda uzilishlarga olib kelgan.
Parijda ham tunda alohida aksiyalar bo‘lib o‘tgan, biroq vazir tafsilotlarni keltirmadi. Parij politsiyasi hozirgacha 75 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi, biroq bu odamlar qayerda va nima uchun hibsga olingani haqida ham batafsil ma’lumot berilmadi.
Vinci avtomobil yo‘llari operatori Fransiya bo‘ylab, jumladan, Marsel, Monpele, Nant va Lion avtomobil yo‘llarida norozilik namoyishlari va yo‘llardagi harakatda kuzatilayotgan uzilishlar haqida xabar berdi.
Fransiyaning davlat temiryo‘l operatori SNCF o‘z faoliyatida (TER va Intercités poyezdlari harakatida) uzilishlar bo‘lishiga tayyorlanmoqda. Norozilik namoyishlari TGV tezyurar poyezdlari tarmog‘iga ta’sir qilmasligi kutilmoqda.
Bugun ertalab SNCF o‘tgan tunda «ikki yovuzlik akti» Fransiya janubidagi ba’zi poyezdlar harakatini to‘xtatib qo‘yganini ma’lum qildi.
Mamlakat janubi-g‘arbida joylashgan Lo-e-Garonna departamenti hududidagi Marmand va Ajyen shaharlari oralig‘ida ikkita «kabel shikastlanishi» aniqlandi, bu «Bordo va Tuluza o‘rtasidagi temiryo‘l qatnovi buzilishiga olib keldi», deb xabar berdi SNCF. Tuluza chekkasidagi Kolomya shahridagi yana bir shikastlanish poyezdlar harakatida uzilishiga olib kelgan.
Foto: AFP via Getty Images
Siyosiy inqiroz
«Hamma narsani bloklaymiz» harakati shu yozda ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishdi va uni allaqachon 2018 yilda yoqilg‘i narxi oshishiga qarshi norozilik bildirish bilan boshlagan, ammo tez orada prezident Emmanuel Makronning iqtisodiy islohotlariga qarshi keng ko‘lamli norozilik harakatiga aylangan «sariq nimchalilar»ga qiyoslashmoqda. Ushbu harakat faollari Fransiya siyosiy tizimini endi o‘z vazifasiga javob bermaydi, deb hisoblamoqda.
Tahlilchilar fikricha, harakat o‘ngchi guruhlar orasida yuzaga kelgan, ammo keyinchalik uni so‘llar va o‘ta so‘llar egallagan.
Namoyishlar Fransiyadagi siyosiy keskinlikni yumshatishga yordam bermasligi aniq: ikki kun oldin parlament bosh vazir Fransua Bayruga ishonchsizlik votumi e’lon qildi va uni iste’foga chiqishga majbur qildi. Seshanba kuni Makron ikki yildan kamroq vaqt ichida beshinchi bosh vazirni tayinladi – u 39 yoshli Sebastyan Lekornyu bo‘ldi.

Lekornyu – Makronning ittifoqchisi bo‘lib, bu lavozim uchun favoritlardan biri edi. U so‘nggi uch yil davomida mudofaa vaziri lavozimida ishlab, Rossiyaning Ukrainadagi urushiga Fransiyaning reaksiya ko‘rsatishiga alohida e’tibor qaratgan.
U o‘zidan oldingi vazir Fransua Bayru to‘qnashgan vazifani hal qilishi talab etiladi: Fransiyaning o‘sib borayotgan davlat qarzini qisqartirish – bu yil boshiga kelib 3,3 trillion yevroga yetdi va mamlakat yalpi ichki mahsulotining 114 foizini tashkil etdi.
Bayru budjetni 44 mlrd yevroga qisqartirish va bir vaqtning o‘zida ikkita umummilliy dam olish kunini bekor qilishni taklif qildi. Bunga parlamentdagi o‘nglar ham, so‘llar ham qarshi chiqdi, Bayru hukumatga ishonch bildirish bo‘yicha ovoz berish jarayonini boshladi va unda muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Bayru 2024 yil dekabridan boshlab to‘qqiz oy bosh vazir bo‘ldi. Avvalgi bosh vazir Mishel Barne bu lavozimda uch oy ishlagan, undan oldin prezident partiyasining hozirgi bosh kotibi Gabriel Attal hukumatni 2024 yilning yanvaridan sentabrigacha sakkiz oy boshqargan.
Yelisey saroyi bayonotida aytilishicha, Lekornyuga Fransiyaning navbatdagi budjetini qabul qilish uchun siyosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish vazifasi topshirilgan.
Lekornyuning hukumat rahbarligiga tayinlanishi markazchilar tomonidan ijobiy qabul qilindi. Marin Le Penning o‘ng qanotdagi «Milliy birlik» partiyasi ham hozircha yangi bosh vazir bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirmoqda.
Ammo bu tayinlov «Bo‘ysunmas Fransiya» radikal so‘l partiyasi rahbari Jan-Lyuk Melanshonga ma’qul emas: u hech narsa o‘zgarmadi, Makron esa prezident lavozimidan ketishi kerak, deb hisoblaydi. Melanshon allaqachon uning partiyasi yangi hukumatga ishonch masalasini ham ovozga qo‘yishi haqida ogohlantirgan.
Mavzuga oid
10:08 / 11.06.2026
Yonilg‘i narxlari oshishi Yevropada elektromobillarga talabni kuchaytirdi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
08:50 / 08.06.2026
SIPRI: dunyoda yadroviy qurollar soni yana o‘sishi mumkin
20:14 / 31.05.2026