Jahon | 20:14 / 10.09.2025
13630
11 daqiqa o‘qiladi

Isroilning Dohada Hamas rahbariyatiga zarbasi. Nishonda kimlar bo‘lgan?

Isroil Qatar poytaxti Dohadagi Hamas shtab-kvartirasiga bir necha bor zarba berdi. Operatsiyaning nishoni Hamas rahbariyati vakillari edi. Guruh G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha amerikaliklar taklif etgan rejani muhokama qilish uchun yig‘ilgandi. Binoga zarba berilganda unda aynan kimlar bor edi?

Foto: Anadolu

Hamas vakillari zarba paytida guruhning butun rahbariyati yig‘ilishda bo‘lganini tasdiqladi. Ular harakat yetakchilari omon qolganini aytishdi.

Isroil nashrlariga ko‘ra, zarba oqibatida olti kishi, jumladan, Hamasning G‘azodagi yetakchisi Xalil al-Hayyaning o‘g‘li Humam al-Hayya halok bo‘lgan.

Dushanba kuni Isroil mudofaa vaziri Israel Kats agar garovga olinganlar ozod etilmasa va guruh a’zolari qurollarini tashlamasa, Hamasning xorijda yashovchi yetakchilari «yo‘q qilinishi» va G‘azo vayron bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Isroilning yuqori martabali amaldorining Isroil ommaviy axborot vositalariga aytishicha, Isroil hujumining nishonlaridan biri guruhning bosh muzokarachisi va siyosiy byuro rahbari o‘rinbosari Xalil al-Hayya bo‘lgan.

Hamasning besh kishidan iborat boshqaruv kengashiga Xalil al-Hayyadan tashqari, guruh siyosiy byurosi raisi vazifasini bajaruvchi Xolid Mashaal, tashkilotning G‘arbiy sohildagi rahbari Zohir Jabarin, Hamas Sho‘rosi (kengashi) rahbari Muhammad Ismoil Darvesh kiradi. Yig‘ilishning beshinchi ishtirokchisining ismi hozircha noma’lum. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning barchasi omon qolgan.

TSAHAL nishonidagilar haqida nimalar ma’lum?

Qizil bilan belgilanganlarning o‘limi tasdiqlangan, sariqda belgilanganlarning taqdiri noma’lum

Xalil al-Hayya (2024 yildan Hamas siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari)

Xalil al-Hayya (oldinda) 2022 yilda Damashqdagi muzokaralarda

Xalil al-Hayya o‘tgan yilda Ismoil Haniya va Yahyo Sinvar o‘ldirilganidan keyin Hamas rahbariyatida muhim figuralardan biriga aylangandi.

U Haniya Tehronda Isroil raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lganida ham uning yonida bo‘lgan.

So‘nggi vaqtlarda al-Hayya quvg‘indagi G‘azo rahbariyati rahbari va Hamasning bosh muzokarachisi vazifasini bajarib kelgan hamda xalqaro maydonda guruhning eng nufuzli shaxsi sifatida ko‘rilgan.

Al-Hayya 1960 yilda G‘azo sektorida tug‘ilgan. 1980-yillar boshida u «Musulmon birodarlar» tashkiloti safiga kirgan, keyinroq, 1987 yilda aynan shu guruhdan Hamas ajralib chiqib, alohida tashkilotga aylangandi.

O‘sha yiliyoq al-Hayya yangi tashkilotga a’zo bo‘lib kiradi va Hamasning ilk kunlaridan Haniya va Sinvar bilan birga bo‘ladi.

G‘azo sektorida isroilliklar uni bir necha bor qo‘lga olishgan. 2007 va 2014 yillarda al-Hayya yashaydigan joylarga (u bir necha bor yashash joyini o‘zgartirgan) TSAHAL tomonidan aviazarbalar berilgan. Ikki holatda ham u uyda bo‘lmagan va faqat uning qarindoshlari, jumladan, katta o‘g‘li oila a’zolari bilan birga halok bo‘lgan.

U bir necha yil ilgari G‘azoni tark etgan va Qatarda joylashgan, avvaliga Hamasning arab va islom dunyosi bilan aloqalari bo‘yicha vakili lavozimini egallagan.

2022 yilda u Hamasning Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad bilan munosabatlarni tiklash maqsadida Damashqqa yuborgan delegatsiyasiga boshchilik qilgan.

Damashq bilan aloqalar 2012 yilda, Suriyadagi fuqarolik urushi avj pallaga kirgan mahalda uzilgandi, o‘shanda Hamas Asadga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan sunniylarni qo‘llab-quvvatlagan.

Shu yilning fevralida al-Hayya Tehronda oyatulloh Ali Xominaiy qabulida bo‘lgan.

Hamasda uning guruhning Isroil bilan bir necha sulh tuzish bo‘yicha muzokaralarida vositachilar orqali faol ishtirok etgani, shuningdek, 2014 yilgi mojaroni to‘xtatish va G‘azodagi hozirgi urushga chek qo‘yishga urinishlardagi asosiy roli bir necha bor e’tirof etilgan.

Isroil esa al-Hayyaning asosiy vazifalaridan biri Hamas uchun qurol-yarog‘ yetkazib berish va moliyalashtirishning muhim manbayi bo‘lgan Eron bilan yaxshi aloqalarni saqlab qolish hisoblanishini ta’kidlaydi.

Bundan tashqari, Isroil uning 7 oktyabr kungi hujumni rejalashtirishda ishtirok etganiga ishonchi komil.

Al-Hayyaning o‘zi G‘azodagi urushni boshlab bergan 7 oktyabr hujumi Hamasning «falastinlik mahbuslarga almashish uchun bir necha askar»ni qo‘lga olish bo‘yicha cheklangan operatsiyasi sifatida rejalashtirilganini aytgan.

«Ammo sionistlar armiyasi butunlay to‘zg‘ib ketdi», – degan u.

Xolid Mashaal (Hamas harakati rahbari vazifasini bajaruvchi)

Xolid Mashaal – umrining katta qismini Falastin muxtoriyati chegaralaridan tashqarida o‘tkazganiga qaramay, Hamasdagi eng taniqli va katta ta’sir doirasiga ega figuralardan biri hisoblanadi.

U 1956 yilda Iordan daryosining G‘arbiy sohilida, Ramalloh yaqinidagi Silvad qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1967 yilda, Isroil hamda arab mamlakatlari koalitsiyasi o‘rtasidagi Olti kunlik urushdan keyin, uning oilasi Kuvaytga ko‘chib o‘tgan, Mashaal maktabni o‘sha yerda tamomlagan, universitetni ham shu yerda o‘qib, fizika bo‘yicha bakalavr darajasini olgan.

1971 yilda, hali 15 yoshdaligida, u «Musulmon birodarlar» harakatiga qo‘shilgan, Kuvaytda istiqomat qiluvchi falastinliklar jamoalari bilan yaqinlashgan hamda universitetda ekanidayoq siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni boshlagan.

1987 yilda, Hamas tuzilganida esa, u o‘z hayotini guruh bilan chambarchas bog‘lab, darhol siyosiy byuro tarkibidan o‘rin olgan va uning Kuvaytdagi bo‘limini boshqara boshlagan.

1990 yilda, Kuvayt Iroq tomonidan bosib olingandan so‘ng, Xolid Mashaal Iordaniyaga ko‘chib o‘tadi va u yerda 1996 yilda Hamas siyosiy byurosi raisi bo‘ladi.

Bu lavozimda uning o‘rnini 2017 yilda Ismoil Haniya egallaydi, Mashaalning o‘zi esa siyosiy byuro tarkibida qolib, guruhda eng yuqori darajadagi vakillik ishini bajardi.

2010-yillarda turli xalqaro nashrlar talqiniga ko‘ra, Xolid Mashaal dunyoning eng nufuzli 50 kishisi qatoriga kirgan va hatto bir marta 18-o‘rinni band etgan.

2024 yil oktyabr oyida, Yahyo Sinvarning o‘limidan so‘ng, Hamas rahbariyatining qolgan a’zolari uni bir ovozdan harakatning yangi rahbari sifatida tanlaydi.

Zohir Jabarin, moliyaviy byuro rahbari

Zohir Jabarin, Muhammad Darvesh va Xolid Mashaal Ismoil Haniyaning dafn marosimida

Zohir Jabarin – Hamas moliyaviy byurosining uzoq yillik rahbari bo‘lib, tashkilotning murakkab moliyaviy tarmog‘i va investitsiya portfelini boshqarishga mas’ul bo‘lgan. Aynan u harakat faoliyat yuritishi va operatsiyalarni moliyalashtirishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar oqimini ta’minladi.

1980-yillar oxirida, Hamas faoliyatining dastlabki davrida, Jabarin tashkilotning G‘arbiy sohildagi harbiy qanoti asoschilaridan biriga aylanadi. Bu lavozimda u Birinchi Intifada paytida, ya’ni saksoninchi yillar oxiri va to‘qsoninchi yillar boshlarida, falastinliklar 1967 yilgi Olti kunlik urush paytida isroilliklar tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarib olishga uringanida, ko‘plab isroillik askarlar va politsiyachilar o‘ldirilishi uchun javobgar deb hisoblangan.

1993 yilda u Isroilda hibsga olingan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, ammo 2011 yilda asirlarni almashish bo‘yicha kelishuv doirasida ozod qilingan: o‘shanda Isroil o‘zining birgina askari Gilad Shalit uchun 1027 nafar falastinlik mahbusni ozod qilgan, ulardan 400 dan ortig‘i Isroil sudi tomonidan terrorizmda ayblanib sudlanganlar edi. Ozodlikka chiqqandan so‘ng, Jabarin mamlakatni tark etib, Istanbulga joylashadi va u yerda Moliya byurosi, shuningdek, Shahidlar, yaradorlar va mahbuslar bo‘yicha ofisga rahbarlik qiladi.

Uning davrida Hamasning budjeti yuzlab million dollargacha boyidi. Moliyalashtirish ko‘chmas mulkka, fond bozoriga investitsiyalarni, shuningdek, xususiy xayriya va to‘lovlarni o‘z ichiga olgan. NBC News ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilga kelib, Hamasning investitsiyalari yarim milliard dollardan ortiq baholangan. Bundan tashqari, AQSh Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ma’lumotlariga ko‘ra, Jabarin Erondan moliyalashtirish hajmini oshirishga hissa qo‘shgan.

2024 yil boshida Solih al-Aruriy halok bo‘lganidan keyin Jabarin yangi vakolatlarga ega bo‘ladi hamda Hamasning G‘arbiy sohildagi faoliyatiga rahbarlik qila boshlaydi. Bundan tashqari, Shahidlar, yaradorlar va mahbuslar bo‘yicha ofis rahbari sifatida Jabarin Isroil bilan garovdagilar masalasida olib borilayotgan muzokaralarda ham muhim rol o‘ynagan.

Muhammad Ismoil Darvesh, Majlis ash-Sho‘ro hay’ati raisi

Darvesh va Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidan

Darvesh Hamasning oliy boshqaruv organi bo‘lgan Majlis ash-Sho‘ro kengashiga rahbarlik qiladi, u Umumiy maslahat kengashi deb ham ataladi. Majlis ash-Sho‘ro a’zolari mahalliy kengashlardan saylanadi, uning o‘zi esa asosiy qarorlarni qabul qiladigan Hamas Siyosiy byurosi a’zolarini saylaydi.

Darvesh asli livanlik. U ko‘p yillar davomida tashkilot iqtisodiyoti, jumladan, Erondan Hamasga mablag‘ o‘tkazish, shuningdek, xalqaro investitsiyalar bilan shug‘ullangan. U kengash rahbarligiga ikki yil avval, 2023 yil 16 oktyabrda Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan Usama Mazini o‘rniga kelgan.

U ommaviy axborot vositalarida tez-tez ko‘zga tashlanmaydi va u haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Hamas delegatsiyasi rahbari sifatida u Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi va oyatulloh Xominaiy bilan uchrashgan. 2025 yil yanvar oyida u Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Anqarada delegatsiya rahbari sifatida uchrashgan. 2025 yil aprel oyida esa Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid