Jahon | 20:52 / 12.09.2025
21956
7 daqiqa o‘qiladi

Charli Kirkni o‘ldirishda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi. Uni o‘z otasi «topshirgan»

AQSh prezidenti Donald Tramp huquq-tartibot idoralari konservativ sharhlovchi Charli Kirkni o‘ldirishda gumon qilinayotgan shaxsni qo‘lga olganini aytdi. Bu Yuta shtatida yashovchi 22 yoshli Tayler Robinson bo‘lib, uni o‘z otasi sudga topshirgan.

Foto: Handout

«Juda katta ehtimol bilan biz Kirkni o‘ldirgan odamni qo‘lga oldik. Hamma a’lo darajada ishladi», dedi u Fox News telekanali efirida.

Prezident uning shaxsini ochiqlamadi va qotilni qo‘lga olishda unga «juda yaqin» bo‘lgan shaxs yordam berganini aytdi, keyinroq aniqlik kiritib, bu gumonlanuvchining otasi ekanini ma’lum qildi.

«Ota o‘g‘lini taslim bo‘lishga ishontirdi», dedi prezident va hozircha bu ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini, chunki u eshitgan narsasi haqida gapirayotganini qo‘shimcha qildi.

Ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritish so‘roviga javoban Tramp gumonlanuvchining otasi o‘g‘liga «Biz borishimiz kerak», deganini aytdi. «Ular mashinada politsiya boshqarmasiga borishdi va u hozir o‘sha yerda», – deya qo‘shimcha qildi prezident.

Keyinchalik matbuot anjumanida Federal qidiruv byurosi tomonidan ma’lum qilinishicha, Tayler Robinsonning oila a’zosi sodir bo‘lgan voqea haqida oila a’zosining do‘stiga aytgan, u Vashington okrugi sherifi idorasi bilan bog‘langan, shundan so‘ng ma’lumot katta tergovchilarga, jumladan, FQBga yetkazilgan.

Keyinchalik CNN va ABC telekanallari ota o‘g‘lini taslim bo‘lishga ko‘ndirgani, keyin yoshlar cherkovi ruhoniysi bilan bog‘langani, u esa AQSh Marshallar xizmatiga (federal sud ijrochilari xizmati) murojaat qilib, ularga ma’lumot berganini xabar qildi.

Yuta shtati gubernatori Spenser Koks matbuot anjumanida «to‘g‘ri ish qilgan» va uni huquq-tartibot idoralariga olib kelgan Tayler Robinsonning oila a’zolariga minnatdorchilik bildirdi.

FQB direktori Kesh Patel tergov «tarixiy yutuq»ga 33 soat ichida erishishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, dastlab tergovda «mutlaqo hech narsa bo‘lmagan». «Biz u chumoliga o‘xshab ko‘ringan videoyozuvdan boshladik - bu deyarli befoyda edi. Videoda shunchaki u yerda kimdir borligi ko‘ringan». Qidiruvda bo‘lgan gumonlanuvchining avvalroq FQB tomonidan e’lon qilingan videosida u o‘q uzilgan bino tomidan tushib, so‘ng jinoyat joyidan qochib ketgani aks etgan.

Gumonlanuvchini qidirishda foydalanilgan foto. Utah Public Safety

Tramp qo‘lga olingan shaxs aybdor deb topilsa, u o‘lim jazosiga hukm qilinishiga umid bildirdi.

«Kirk eng yaxshi odam edi, u bunga loyiq emasdi», – dedi Tramp.

U safdoshining dafn marosimiga kelishga va’da berdi va uning o‘ldirilishi aks etgan videoni ko‘rmagani, chunki uni tirikligidagi kabi eslab qolishni xohlayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kirk unga «o‘g‘lidek» bo‘lgan va unga tiktok bo‘yicha yordam bergan.

Qo‘lga olingan shaxs haqida nimalar ma’lum?

Tramp gumonlanuvchi aynan kim ekanini ochiqlamagan, faqat uning yoshi haqida ma’lumot bergan: 28 yoki 29 yoshda. Keyinroq aniqlik kiritilishicha, qo‘lga olingan shaxs Yuta shtatida yashovchi 22 yoshli Tayler Robinsondir. BBC Verify jurnalistlari Tayler Robinson bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni o‘rganib chiqdi.

Facebook’dagi sahifalardan biri uning onasiga tegishli bo‘lishi mumkin, u so‘nggi voqealardan keyin Tayler aks etgan suratlarni o‘chirib tashlashga kirishgan. Sahifadagi ma’lumotlarga ko‘ra, oila otishma sodir bo‘lgan universitetdan taxminan uch soatlik masofada joylashgan Sidar-Siti shahrida yashaydi.

Uning akkaunti oilaviy hayotning ko‘plab tafsilotlarini ochib beradi va ularning sayohatlariga oid fotosuratlarni o‘z ichiga oladi – ularning ba’zilari o‘q otish klublarida olingan.

Sahifasidagi boshqa postlar Tayler Robinson Pineview o‘rta maktabida o‘qiganini ko‘rsatadi. 2022 yilda u Yuta shtat universitetida o‘qish uchun Logan shahriga ko‘chib o‘tgan – bu otishma sodir bo‘lgan joydan taxminan ikki soatlik yo‘l.

Kirkning o‘ldirilishi haqida nimalar ma’lum?

Trent Nelson/The Salt Lake Tribune/Getty Images

Trampning saylovoldi kampaniyasidagi asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan va uning g‘alabasiga hissa qo‘shgan 31 yoshli Kirk chorshanba kuni Utah Valley universiteti kampusida nutq so‘zlayotganda otib o‘ldirildi.

AQSh prezidenti Kirkning o‘ldirilishi uchun javobgarlikni «radikal so‘llar» zimmasiga yukladi, chunki Kirk Amerika siyosatidagi konservativ qanotning eng ko‘zga ko‘ringan shaxslaridan biri va AQShdagi ko‘plab yosh konservatorlarning kumiri edi.

Bunga javoban so‘l siyosatchilar Trampni fitna qo‘zg‘atishda aybladi va Kirkning o‘ldirilishi haqidagi nutqlarida u boshqa siyosiy lager vakillariga ko‘plab hujumlar uyushtirganini tilga olmaganini eslatdi.

Huquq-tartibot idoralari ma’lum qilganidek, Charli Kirkga qarata otilgan yagona va halokatli o‘q, katta ehtimol bilan, debatlar bo‘lib o‘tgan universitet hovlisi yaqqol ko‘rinib turadigan Losee Center binosi tomidan otilgan. Mergan Kirk o‘tirgan joydan taxminan 130 metr (142 yard) masofada edi.

Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida FQB maxsus agenti qotillikda qo‘llangan qurol topilganini ma’lum qildi. Qurol tahlil uchun laboratoriyaga yuborilgan.

CBS telekanalin manbalari bu 30-06 kalibrli Mauser miltig‘i ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, kriminalistlar gumonlanuvchining oyoq kiyimi, kafti va bilak izlarini topgan.

Keyinroq Yuta gubernatori Koks tergovchilar qora sochiqqa o‘ralgan qo‘l zatvorli miltiq topgani, qurolga esa optik nishonga olish uchun planka o‘rnatilganini ma’lum qildi.

Otilmagan uchta gilzada quyidagicha yozuvlar bo‘lgan: «Ey, fashist! Mana!», «o bella ciao, bella ciao» («Bella ciao» - fashistlar Germaniyasining bosqinchi qo‘shinlariga qarshi kurashgan italyan qarshilik harakatiga bag‘ishlangan qo‘shiq) va «agar buni o‘qiyotgan bo‘lsang – geysan, ha-ha».

Politsiya gumonlanuvchi tashqi ko‘rinishidan talabaga o‘xshagani tufayli «universitet muhitiga yaxshi moslashgani»ni qayd etgan.

Mavzuga oid