O‘zbekiston | 22:45 / 13.09.2025
8071
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi portlashda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar jasadi vatanga qaytariladi

Migratsiya agentligi tomonidan marhumlarning jasadini vatanga qaytarish uchun zarur rasmiylashtirish ishlari tashkil etilgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Videodan kadr

Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi metall qabul qilish punktida yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi vatanga qaytariladi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

«2025 yil 11 sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Olmaota oblasti Ili tumani Bayserke qishlog‘ida joylashgan «LGN Metal» korxonasida yuz bergan portlash oqibatida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lganini chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Ili rayoni politsiyasi tomonidan inson o‘limiga olib kelgan mehnat muhofazasi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xabarga ko‘ra, Migratsiya agentligi tomonidan marhumlarning jasadini vatanga qaytarish uchun zarur rasmiylashtirish ishlari tashkil etildi.

Ta’kidlanishicha, marhumlarning yaqinlariga kerakli amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududiy Migratsiya agentliklari mas’ul xodimlari biriktirilgan. Qozog‘iston tomoni bilan tergov jarayonida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hududdagi metall qabul qilish shoxobchalaridan biriga to‘plangan temir-tersaklar orasiga portlatilmagan minalar kelib qolgan. Bundan hech kimning xabari bo‘lmagan.

Noma’lum obekt portlashi oqibatida uch kishi halok bo‘lgani, ularning barchasi o‘zbekistonlik ishchilar ekani ma’lum bo‘lgan. Portlashdan so‘ng voqea joyiga barcha xavfsizlik kuchlari yetib kelgan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid