Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroilning Qatarga hujumi: bu Turkiyaga signalmi?
Ikkinchi jahon urushidan keyin Falastin yerlarini makon tutgan Isroil davlati barcha qo‘shnilari bilan urushib chiqqan. Shu yilning o‘zida Isroil Falastin, Suriya, Eron, Yaman, Livan va Qatarga raketa uchirdi. Ro‘yxatning tepasidagi davlatlar bilan Isroil kecha dushman bo‘lmagan, ular bilan doimiy urush holatida, lekin arab davlatlari ichidagi eng boylaridan bo‘lgan Qatarga hujum — alohida voqea. Quyida shu haqda.
Havoga otilgan o‘q
Demak, Isroil HAMAS siyosiy lideri Xolid Mash’al va harakatning boshqa yuqori martabali mulozimlarini o‘ldirish uchun Qatarga raketa otdi. Yil boshida Amerikadan milliardlab dollarga qurol sotib olgan Qatar Isroil raketasini urib tushirolmadi. Bu kichik davlatda AQSh harbiy bazasi borligini ham esdan chiqarmaslik kerak.
Biroq Isroil zarbasi sabab HAMAS lideri ham, boshqa mulozimlar ham o‘lmadi. Chindan Isroil nishonga olgan binoda HAMASning besh asosiy muzokarachisi bo‘lgan, lekin zarba ularni o‘ldira olmagan. Raketa uchib kirganda ular suv ichganimi yoki boshqa sabab bilan tashqariga chiqqandir balki, lekin anig‘i shuki, Isroilning Dohadagi «quloqlari» xato qilgan. Bo‘lmasa, isroilliklar o‘qdorini isrof qilib noaniq nishonni urmaydi, bu ularning uslubiga xos emas.
Bundan shunday xulosaga kelish mumkin, nishondagi hamaschilarni o‘ldirish operatsiyaning asosiy maqsadi bo‘lmagan. Ya’ni isroilliklar «havoga o‘q otishgan». Maqsad kimgadir ogohlantirish yuborish bo‘lgandek go‘yo. Xo‘sh, kimga?
Turkiyaga signalmi?
Isroil ichida Qatarga berilgan zarbani Turkiyaga signal deb baholashmoqda. Netanyahuning hujum ertasiga qilgan bayonoti ham shunday deyishga asos bo‘ladi. Isroil bosh vaziri Qatar «HAMAS liderlarini yashirgani, ularga qimmatbaho villalar berib qo‘ygani uchun» hujumga uchraganini aytdi va bayonoti oxirida «guruh a’zolarini yashirayotgan boshqa davlatlarni» ham ogohlantirdi. Turli manbalarga ko‘ra, Turkiyada ham HAMAS mulozimlari bor.
Albatta, Isroil Turkiyaga hujum qila olmaydi, NATO davlatiga hujum qilish Yamanga raketa otib qochish emas axir. Lekin Isroil chindan Turkiyaga «Siz hamaschilarni yashirsangiz, biz ularni o‘ldirib kelamiz», degan bo‘lishi mumkin. Tel-Aviv uchun hech qanday qizil chiziq qolmaganini ko‘rsatish uchun esa Qatarga raketa otishdi. Axir Qatar bu «Hizbulloh» yoki «Ansarulloh» mamlakat uchun qaror qiladigan davlat emas, boy, zamonaviy, hududida urush bo‘lmagan davlat.
Amerikaga orqa qilib
Isroilning Qatarga zarbasidan keyin AQSh davlat kotibi Marko Rubio Quddusga borib, Netanyahu bilan ko‘rishdi. Amalda Amerikaning ikkinchi odamiga aylangan Rubio aslida Isroilga «AQSh Qatarga zarbadan xursand emasligini bildirish uchun» borgani kutilayotgandi, lekin uning tashrifi Isroilning har qanday harakatini oqlashdek ko‘rindi. Axir AQShning noroziligini bildirmoqchi bo‘lgan odam boshiga yahudiylar kipasini kiyib, yig‘i devoriga qog‘ozcha qistirib kelmaydi. Lekin «Amerika Isroilning hamma qiladigan bemazagarchiliklarini oqlaydi», deyish uchun borgan odam shunaqa qiladi.
Bilasizmi, Netanyahu Qatarga zarbani nimaga o‘xshatdi? AQSh 11 sentabr terakti sabab Usoma bin Lodinni Pokistonda o‘ldirishiga. Netanyahuga ko‘ra, 11 sentabr aybdorlarini butun dunyodan izlagani, bin Lodinni Pokistonda o‘ldirgani uchun dunyo Amerikani olqishlabdi, Qatarga zarba uchun ham Isroil olqishlanishi kerak ekan. Bu ikki operatsiyani umuman bir-biriga taqqoslab bo‘lmaydi. Axir Pokiston hukumati AQSh bin Lodinni ularning davlatidan izlayotganini bilgan.
Qatar nega javob bermadi?
Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: nega Qatar Isroil hujumiga javob bermadi? Oradan shuncha kun o‘tdi, hech bo‘lmasa mamlakat amiri chiqib Isroilga javob berilishi haqida gapirmadi. Chunki... ishoning, Qatar Isroilga hech qanday javob bera olmaydi. Buning sabablari haqida alohida gaplashamiz...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
15:51 / 02.12.2025
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
18:14 / 30.11.2025
Netanyahu Isroil prezidentidan korrupsiya ishi bo‘yicha afv so‘radi
16:52 / 29.11.2025