Ko‘chmas mulk | 16:02 / 16.09.2025
15940
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va dunyoning boshqa davlatlari aholisi necha yilda uy sotib ololadi?

Moliyaviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi Finder portali ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent markazida yaxshi ta’mirlangan uch xonali xonadonlarning o‘rtacha narxi – 97 ming dollar. Dunyodagi xuddi shunday eng arzon kvartira Kubada – 23 ming va eng qimmati esa Singapurda – 1,37 mln dollar. Boshqa davlatlarda uylarning narxlari qanday? O‘rtacha oylik oladiganlar necha yilda uy sotib olishlari mumkin?

Foto: Kun.uz

Uy-joy insonlarning eng birinchi ehtiyoji bo‘lgani uchun uning narxi bilan bog‘liq ma’lumotlar doim diqqat markazida bo‘ladi. Davlatlarning uy narxlarini solishtirish uchun esa eng avvalo ma’lum bir o‘lchov va sharoitdagi namuna olish kerak.

Buyuk Britaniyaning moliyaviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi Finder portali ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda shahar markazida joylashgan 59 kvadrat metrli, 2 yotoqxona va 1 zalga ega 3 xonali apartamentning narxi 123 ta davlat o‘rganilganda o‘rtacha 208,5 ming dollar bo‘lgan.

Xuddi shu tipdagi eng arzon uy Kubada o‘rtacha qiymatdan 9 baravar arzon bo‘lsa, eng qimmati Singapurda – o‘rtacha narxlardan 6,5 baravar yuqori.

123 ta davlatga aloqador ma’lumotlar asosida tuzilgan reytingda Kuba, Venesuela, Pokiston, Liviya va Bangladesh bu kabi apartament narxlari bo‘yicha eng arzon beshlikda bo‘lsa, Singapur, Shveytsariya, Janubiy Koreya, Lyuksemburg va Tayvan eng qimmat uylar sotiladigan beshlikka kiritilgan. O‘zbekiston esa bu ro‘yxatning 84-o‘rnida.

Shuningdek, reytingdagi ayrim davlatlarda o‘rtacha narxlar quyidagicha:

  • Rossiya – 193,5 ming dollar;
  • Turkiya – 125,4 ming dollar;
  • Ozarboyjon – 119,9 ming dollar;
  • Belarus – 111,8 ming dollar;
  • Gruziya – 96,8 ming dollar;
  • O‘zbekiston – 96,8 ming dollar;
  • Qirg‘iziston – 84,5 ming dollar;
  • Qozog‘iston – 76,3 ming dollar;
  • Tojikiston – 54,5 ming dollar.

Yuqoridagi raqamlar faqat uyning narxlari bo‘lgani uchun ularga arzon yoki qimmat degan ta’rifni berishga shoshmaslik, bir xulosaga kelish uchun aholining xarid qobiliyatini ham hisobga olish kerak.

Masalan, uy narxlari keltirilgan davlatlarda aholining o‘rtacha oylik ish haqi taxminan quyidagicha:

  • Rossiya – 1250 dollar;
  • Qozog‘iston – 830 dollar;
  • Belarus – 819 dollar;
  • Gruziya – 803 dollar;
  • Ozarboyjon – 645 dollar;
  • Turkiya – 575 dollar;
  • Qirg‘iziston – 522 dollar;
  • O‘zbekiston – 482 dollar;
  • Tojikiston – 288 dollar.

Bu raqamlardan kelib chiqib, ushbu davlatlardagi o‘rtacha daromadli aholining 3 xonali apartament uyga erishish uchun sarflaydigan muddatini hisoblash mumkin. Ya’ni oylik o‘rtacha daromad boshqa hech narsaga sarflanmay, faqat uy uchun yig‘ilgan taqdirda:

  • Qozog‘istonliklar – 7 yil-u 8 oyda;
  • Gruziyaliklar –10 yilda;
  • Belarusliklar – 11 yil-u 2 oyda;
  • Rossiyaliklar – 12 yil 11 oyda;
  • Qirg‘izistonliklar – 13 yil-u 6 oyda;
  • Ozarboyjonliklar – 15 yil-u 6 oyda;
  • Tojikistonliklar – 15 yil-u 9 oyda;  
  • O‘zbekistonliklar 16 yil-u 9 oyda;
  • Turkiyaliklar – 18 yil-u 2 oyda o‘z uylariga ega bo‘lishlari mumkin bo‘lar ekan.

Bu raqamlarning barchasi internet ma’lumotlari asosida bo‘lgani uchun narxlar ayni paytdagi sonlardan farq qilishi mumkin. Tahririyat uylarning aynan shu narxlarda sotilishi va sotib olinishi uchun javobgar emas.

Eslatib o‘tamiz, oylik maosh yig‘ib borilavergani bilan 10 yildan keyingi uylarning narxlari ham bugungidek bo‘lmaydi. Bu hisob-kitoblar davlatlardagi narx va xarid qobiliyati o‘rtasidagi farqni ko‘rsatish uchun qilindi. Yillar o‘tib, o‘rtacha oyliklarda ham, uylarning narxlarida ham o‘zgarishlar kuzatilishini hisobga olish lozim.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid