O‘zbekiston | 18:09 / 16.09.2025
4558
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Namanganda iqtisodiy va ijtimoiy obektlar faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev baliqchilik korxonasi, kunduzgi parvarish markazi va «Ayqiron-1» nasos stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Norin tumanidagi «Fishvel Norin» baliqchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, loyiha 3 million dollar hisobiga tashkil etilgan. Ikki gektardan ziyod hududda 76 ta innovatsion havza tashkil etilgan. Hozirgi kunda shundan 40 tasi ishga tushirilgan bo‘lib, superintensiv usulda gulmohi balig‘i yetishtirilmoqda. Umuman, bu yerda yiliga 2 ming tonna tansiq go‘sht yetishtirib, 5 million dollarlik eksport qilish mo‘ljallangan.

Prezident mutasaddilarga respublika bo‘yicha gulmohi yetishtirish mumkin bo‘lgan tumanlarni aniqlab, mazkur tizimni ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Niderlandiyalik hamkorlar bilan baliq ozuqasi ishlab chiqarish, Norindagi tik quduqlar yonida sun’iy hovuzlar o‘rnatib, aholiga bo‘lib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Davlat rahbari Namangan shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan «Firdavs» kunduzgi parvarish markazini ko‘rdi.

Tadbirkor Sayyora Qosimova tomonidan tashkil etilgan markaz 36 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, maxsus ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Bolalar kun davomida 9 soatlik individual o‘quv-trening dasturlari bilan qamrab olinadi. Mashg‘ulotlarni malakali nevropatolog, defektolog, surdolog, audiolog, pedagog va psixologlar olib boradi.

Prezident yurtimizda hech kim e’tibordan chetda qolmasligi, bunday ijtimoiy loyihalar miqyosi kengaytirilishini ta’kidladi.

Davlat rahbari shu yerdagi «Faol hayotga qadam besh xizmat» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Markaz shu yil tadbirkor Xosiyat Ortiqovaning shaxsiy mablag‘i hisobidan tashkil etilgan. Bu yerda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun zamonaviy qulayliklar, tibbiy va reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Markaz 16 o‘ringa mo‘ljallangan.

Bu yerda tibbiy mutaxassislar tomonidan individual dasturlar asosida har kuni 8 soatlik mashg‘ulot o‘tkaziladi. Ular insonlarning sog‘lig‘ini tiklash, funksional imkoniyatlarini oshirish va ijtimoiy hayotga qaytarishga yordam beradi.

Shuningdek, prezident Chortoq tumanidagi «Ayqiron-1» nasos stansiyasini ko‘zdan kechirdi.

Katta Namangan magistral kanalida joylashgan ushbu nasos orqali 815 gektar yer sug‘oriladi. Tadbirkor tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida bu yerga energiya tejamkor agregat va zamonaviy uskunalar o‘rnatildi. Yangilangan tizim yiliga qirq foizgacha elektr energiyasini iqtisod qilish imkonini bermoqda. Tejamkorlik bilan birga yangi nasoslarning suv chiqarish quvvati ham yuqori. Bu esa dalalarni sug‘orish ko‘lamini oshirib, hosildorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari ikki yil ichida «Ayqiron-1» tajribasi asosida viloyatdagi barcha nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, buni mamlakatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Mavzuga oid